Bulung‘ur maktablaridagi kamchiliklar tuzatilmoqda
Gazetamizning 2019-yil 20-aprel sonida “O‘qituvchisi yo‘q maktabga kompyuter kerakmi?” sarlavhali maqola chop etilgan edi. Unda 10-, 34- va 58- maktablardagi ayrim muammolar tanqid qilinadi. Xususan, qurilganiga bir yilgina bo‘lgan maktab sport zalining yaroqsiz holatga kelib qolgani, o‘quvchi soni maktab quvvatidan ortib ketgani natijasida 11-sinf o‘quvchilarining mahalla binosida tahsil olayotgani, bir paytlar sport zalining yuvinish xonasiga mo‘ljallab qurilgan joyda tashkil etilgan kutubxonadagi noqulayliklar, maktab kutubxonasining qiziqarli badiiy adabiyotlar bilan boyitilmagani, o‘qituvchisiz o‘tilayotgan darslar va hokazo muammolar sifatli ta’lim berish va 5 muhim tashabbusni amalga oshirishda katta to‘siq bo‘layotgani ta’kidlangan edi.
Tahririyatimizga ushbu maqola yuzasidan Bulung‘ur tuman xalq ta’limi bo‘limidan javob xati keldi. Umid qilamizki, muammolarga e’tibor qaratilishi natijasida bu kamchiliklar kelgusida batamom bartaraf etiladi.
“Ma’rifat” gazetasining 2019-yil 20-aprel kungi sonida chop etilgan “O‘qituvchisi yo‘q maktabga kompyuter kerakmi?” sarlavhasi ostidagi maqoladagi holatlar bo‘yicha Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganish o‘tkazilib, ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.
Tumandagi 34-umumta’lim maktabining 270 o‘rinli binosi va sport zali 2008-yilda qurilgan. Maktab direktori O.Abduqayumov sport zalining pol qismi ta’mirlanishi uchun smetaga mablag‘ ajratilishini so‘rab, tuman xalq ta’limi bo‘limiga xat yozgan. Tuman xalq ta’limi bo‘limi esa ushbu holat yuzasidan tuman moliya bo‘limiga murojaat qilgan. Ayni paytda maktabning sport zali to‘liq ta’mirlanib, yangi o‘quv yili uchun tayyor holga keltirilgan. Shuningdek, maktab kutubxonasida ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, o‘quvchilar uchun qiziqarli bo‘lgan badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanmoqda.
Tumandagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 210 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, o‘tgan o‘quv yilida 422 nafar o‘quvchi tahsil oldi va navbatlilik 2,0 koeffitsiyentni tashkil etadi. Hozir Investitsiya dasturi asosida maktabga 140 o‘rinli qo‘shimcha bino qurish ishlari boshlab yuborilgan. Maktabdan 100 metr uzoqda joylashgan, 2018-yilda qurib bitkazilgan mahalla fuqarolar yig‘ini binosidan maktabda qurilish ishlari yakunlangunga qadar 11-sinf o‘quvchilari foydalanib turishi uchun 1 ta xona ajratilgan.
Maktab binosining tozaligi va dars jarayonidagi kamchiliklar yuzasidan maktab direktori va o‘rinbosarlaridan tushuntirish xatlari olinib, tegishli intizomiy choralar ko‘rildi.
10-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 140 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilishi nihoyalanib, binoning ichki qismiga eshiklar o‘rnatish va devorlarga rang berish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, maktabdagi 14 ta kompyuterni internet tarmog‘iga ulash uchun amaliy yordam so‘rab tuman hokimligiga xat bilan murojaat qilindi.
Yangi o‘quv yilidan maktab o‘quvchilari uchun yangi binoda kutubxona to‘liq ishga tushadi. Gazeta va jurnallarni yetkazib berish bo‘yicha tuman matbuot uyushmasi bilan shartnoma tuzildi.
Tumandagi 58-umumiy o‘rta ta’lim maktabida kompyuter xonasi va sport zali qurilishi 2019—2022-yillarga rejalashtirilgan. Maktabning ikkinchi binosini ta’mirlash, partalarini almashtirish, kutubxonani badiiy adabiyotlar bilan boyitish ishlari amalga oshirilmoqda. Yangi o‘quv yilida maktabni kompyuterlar bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda.
Ish vaqtida joyida bo‘lmaganligi sababli maktab rahbarlari va o‘qituvchilaridan tushuntirish xatlari olinib, tegishli intizomiy jazo choralari ko‘rilgan.
Kelgusida bu kabi kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tumandagi barcha maktab direktorlari ogohlantirildi”.