Maktabdagi mahalla idorasi yoxud “tekin tomosha”lar mashmashasi
Namangan viloyat hikimligi diqqatiga!
Bundan ikki yil muqaddam Norin tumanidagi 15-maktab direktori Karima Rasulova “Shahidmozor” MFY raisi va shu mahalla profilaktika inspektoriga muassasaning bosh binosidan ikkita xona ajratayotganda boshiga qanchalar g‘avg‘o orttirayotganini xayoliga ham keltirmagan edi. Hammasi ular maktabga kelib joylashgach boshlandi.
Maktab ahli bir kuni murosasi qochgan qudalarning dahanaki jangiga guvoh bo‘lsa, ertasiga ikki piyonistani insofga keltirishga urinish qanday oqibat bilan yakunlanayotganini ko‘rib, dili xira bo‘lardi. Mana ikki yildirki, bu taxlit “tekin tomosha”lar nafaqat direktor va o‘qituvchilar, balki 356 nafar o‘quvchining ko‘z o‘ngida bir necha marta namoyish etildi. Chunki mahalla fuqarolar yig‘ini idorasi va profilaktika inspektorining xizmat xonasiga ta’lim muassasasining asosiy eshigidan kiriladi-da!
Hayotiy haqiqat — mahalla oqsoqoli va faollari bu kabi janjallar, qo‘ydi-chiqdilarga, istasa-istamasa, aralashishga majbur. Ammo ixtiyorsiz guvohga aylangan pedagoglar-u o‘quvchilarning aybi nima? Ularning tinchini buzib, o‘quv jarayoniga xalal berayotgan bu kabi noxush ko‘rinishlar qachon barham topadi? Qaynona-kelin, kuyov bilan qaynota mojarolari, yer talashgan qo‘shnilarning og‘zidan chiqqan haqoratlar, shirakayf otaning maktab ichki yo‘lagi va xizmat xonalaridagi baqir-chaqiri o‘quvchilar ruhiyatiga qanday ta’sir qilishini o‘zingiz yaxshi bilasiz. Hali yomonlik nimaligini bilmagan qorako‘zlarda bu holatlar hayot va oilaviy turmush haqida qanday xulosa paydo qilganini tasavvur qilish qiyin emas!
Xo‘sh, maktabda joylashib olgan “Shahidmozor” MFY raisi va boshqa xodimlar qanday fikrda? Mahallaning idorasiga nima bo‘lgan?
— Ochig‘i, bunday sharoitda ishlash o‘zimizga ham noqulay. Chunki idoraga har xil odam keladi. Ko‘plar oilaviy janjal yoki turli kelishmovchilik tufayli murojaat etadi. Ayrim andishasizlar bu yer maktab ekanini, bunda yosh bolalar, kelajagimiz egalari ulg‘ayayotganini anglamaydi ham. Og‘ziga kelganini aytadi. Menimcha, maktab —mahalla — oila hamkorligini mustahkamlaymiz, ta’lim-tarbiya ishini yanada yaxshilaymiz, deb aksini qildik chog‘i, — deydi MFY raisi Iskandar Nishonov. — Endi yana bir muammo chiqdi. Bizga tegishli bino juda eski va avariya holatida edi. Uni tashlab chiqqanimizdan keyin binosiz qoldik. Maktab rahbariyati esa xonani bo‘shatinglar, deyapti. Shu sabab tuman hokimligiga murojaat qilganmiz. Ammo...
Raisning so‘zini davom ettirsak. Norin tuman hokimligi “Shahidmozor” MFY idorasi uchun bino yoki qurilish uchun yer ajratib berish haqida 2018-yil 19-yanvarda yo‘llangan 11-raqamli xatga ikki yil mobaynida javob ham bermagan. Shu yil aprel oyida tuman hokimining o‘rinbosari Saydullo Siddiqov bilan uchrashib, mazkur muammo yechimi bilan qiziqqan edik. Hokim muovini MFY idorasi uchun yer maydoni allaqachon ajratilganini, tez orada qurilish boshlanishini ma’lum qildi. Biroq yer ajratilgani to‘g‘risida tuman hokimi qarori va loyiha haqida so‘raganimizda tayinli javob ololmadik.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘limi raisi Yo‘ldoshali To‘rayevning aytishicha, iyul oyiga kelib bino qurilishi uchun yer ajratish to‘g‘risida tuman hokimining qarori loyihasi tayyorlanibdi. E’tibor qarating, qaror emas, uning loyihasi. Kimning gapiga ishonishgayam hayronsan!
Xullas, 15-maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari yangi o‘quv yilida ham “tekin tomosha”larga guvoh bo‘lishadi, shekilli! Maktab direktori Gulsum Kimsanovaning bildirishicha, profilaktika inspektori maktab xonasini bo‘shatgan.
Pop tumanidagi 29-maktab direktori Sharifjon Boyboboyevga ham bu tashvish begona emas. “Chodakboshi” MFY mutasaddilari ikki yil muqaddam maktab binosidan ajratilgan katta sinfxonani qaytarishni xayollariga ham keltirishmayapti. Mahalla oqsoqoli Baxtiyor Ashurboyev maktabda falon yili qabul qilingan farmon yoki qarorga asosan xona olganini, agar ular bekor qilinsa, sinf xonasini bo‘shatib berishini ta’kidladi. Biroq qaysi farmon yoki qaror haqida gapirayotganini asoslab berolmadi. Aksincha, MFY idorasining ta’lim muassasasida joylashgani maktabda ta’lim-tarbiya sifati yaxshilanishiga ijobiy ta’sir etganini zo‘r berib uqtirdi. Lekin uning rahbarligidagi MFY faollarining maktabda katta bir sinfxonani egallab o‘tirgani, ustiga ustak MFY xonani yoritish, isitish uchun bir so‘m sarflamayotgani, bu xarajatlar ham maktab hisobidan to‘lab berilayotgani ta’lim-tarbiya ishini yaxshilashga qay darajada ta’sir qilganini tushunishni ham xohlamadi.
Aslida 556 nafar o‘quvchi ikki smenada o‘qiyotgan 29-maktabda har bir xonaning o‘rni bor. Direktor Sharifjon Boyboboyevning aytishicha, xona yetishmasligidan o‘quvchilar uchun zarur fan va boshqa yo‘nalishdagi to‘garaklarni ochish imkoniyati bo‘lmayapti. Qolaversa, bu yerda ham yuz berib turadigan turli janjal va tortishuvlar o‘quvchilar ma’naviyati va ruhiyatiga salbiy ta’sir qilmoqda.
Bunday holatni tumandagi 54-, 41-, 34-maktab singari 16 ta ta’lim maskanida ham kuzatish mumkin. Mazkur muassasalardagi xonalardan foydalanayotgan MFYlarning aksariyati o‘z binosiga ega emas. Shu sabab maktab xonalarini bo‘shatib berishni istamayapti. Darvoqe, bu maktablar ham joy berib, ham MFYlarning elektr energiyasi va boshqa kommunal xizmatlardan foydalanganlik xarajatlarini to‘lab kelmoqda. Qiziq savol tug‘iladi: tuman hokimligi, moliya bo‘limi mutasaddilari “yemagan somsasiga pul to‘layotgan” maktablar tufayli MFYlarning sarflanmay turgan mablag‘larini qaysi maqsadlarga sarflayapti?
G‘anisher AKBAROV,
“Ma’rifat” muxbiri