Sport maydoni maktab tasarrufida qoldirildi!
“Ma’rifat” gazetasining 2018-yil 19-sentabr sonida Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi 50-maktab filialining yer maydoni tadbirkor tomonidan noqonuniy egallab olingani haqida maqola e’lon qilingan edi. Oradan besh oy o‘tsa ham, bu masala yechimini topmagach, tahririyat ushbu mavzuga yana qaytib, gazetaning 2019-yil 6-mart sonida Sharifa Madrahimovaning “Direktor nega sarson qilinmoqda? Yoxud bir parcha yer mojarosi” sarlavhali maqolasi chop etildi. Shundan so‘ng joriy yilning 20-mart kuni Xalq ta’limi vazirligi saytida “Farg‘onaning Quva tumanidagi 50-maktab yer maydoni va qo‘shimcha bino o‘quv muassasasiga qaytarildi”, deb xabar berildi. Muxbirimiz “Chindan ham maktabning kadastr hujjatlari tayyorlab berildimi?” degan savolga javob izlash chog‘ida yana bir muammo, ya’ni xuddi shu tumandagi 44-maktab futbol maydonining bir qismi ham tadbirkor tomonidan noqonuniy egallab olingani ma’lum bo‘ldi. Gazetamizda e’lon qilingan navbatdagi maqolada (“Hokimlik eshigida sarg‘ayayotgan direktor yoxud yerto‘lada o‘qiyotgan bolalar”, 2019-yil 1-may) ushbu maktab va tadbirkor o‘rtasida talash bo‘layotgan yer masalasi ham qalamga olingan edi.
Tahririyatimizga ushbu maqola yuzasidan Farg‘ona viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Turdimatov imzosi bilan rasmiy xat keldi. Uni mushtariylar e’tiboriga havola etamiz.
“1990-yil sobiq Quva tuman kolxozchilarining 1989-yil yakuni bo‘yicha o‘tkazgan umumiy yig‘ilish qaroriga asosan kolxoz o‘ramidagi Qorashoh qishlog‘idagi 278-, 279-, 280-, 281-konturlarda joylashgan jami 3,5 gektar yer maydoni 44-umumiy o‘rta ta’lim maktabi qurilishi uchun ajratib berilgan. Ushbu yer maydonida Quva tumani xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 44-umumta’lim maktabi hamda futbol o‘yingohi qurilgan. Mazkur maktab bino va inshootlariga Quva tuman hokimining 2014-yil 19-maydagi 814-sonli qaroriga asosan kadastr hujjatlari to‘plami rasmiylashtirilgan. Lekin futbol o‘yingohi qandaydir sabablarga ko‘ra kadastr hujjatlari to‘plami rasmiylashtirilishi vaqtida ro‘yxatdan tushirib qoldirilgan. Bundan tashqari, Quva tuman hokimining 2014-yil 19-maydagi 814-sonli qarori bilan maktabga 2,75 gektar yer maydoniga egalik huquqi berilgan bo‘lsa-da, maktabning rasmiylashtirilgan kadastr hujjatida 1,94 gektar yer maydoni rasmiylashtirilgan. Tumandagi qolgan maktablarning kadastr hujjatlaridagi tuman hokimining qarori ilovasida 44-maktab uchun 2,75 gektar yer maydoniga egalik huquqi belgilanganligi aniqlandi.
Ushbu futbol o‘yingohi old tomonidan 700 kv.m yer maydoni Quva tuman hokimining 2018-yil 29-avgustdagi 1754-sonli qaroriga asosan tanlov g‘olibi “Qosimov Sirojiddin chorvasi” dehqon xo‘jaligiga ikki qavatli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurish uchun ajratilgan. Vaholanki, ushbu yer maydoni Quva tumanidagi 44-umumta’lim maktabiga futbol o‘yingohi sifatida foydalanish uchun ajratilgan yer maydoni hisoblanib, qariyb 28 yildan buyon maktab tomonidan mashg‘ulot va sport to‘garaklari o‘tkazilar edi. Shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘ini va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Quva tuman kengashi tomonidan tashkil etiladigan ko‘plab sport o‘yinlari ham shu yerda o‘tkazib kelinardi. Bundan tashqari, mazkur yer maydonidan Quva tuman mudofaa ishlari bo‘limi va IIB ham doimiy ravishda foydalanib kelmoqda.
Hozirgi kunga qadar ushbu yer maydoni Quva tumani “Yermulkkadastr” bo‘limining 2018-yil 31-oktabrdagi 2241-sonli javob xatiga asosan maktab hisobida turibdi.
Ushbu holatlar yuzasidan 2019-yil 6-mart kuni yuqoridagilarni asos qilgan holda yer maydonini maktab hisobiga qaytarish maqsadida 44-maktab tomonidan Quva tuman ma’muriy sudiga murojaat etilib, unda qurilish ishlari to‘xtatilishi hamda o‘yingoh va qurilish ishlari olib borilayotgan 0,07 gektar yer maydonining 44-maktabga tegishli ekani tasdiqlanishi so‘ralgan. Murojaat bo‘yicha Quva tuman ma’muriy sudi tomonidan 2019-yil 9-aprel kungi hal qiluv qarori bilan mazkur yer maydoni maktabga tegishli ekanligi to‘g‘risida ajrim o‘qib eshittirildi. Norozi bo‘lgan tadbirkor 2019-yil 28-may kuni apellyatsiya yozadi va yakuniy qarorda Quva tuman ma’muriy sudi tomonidan 2019-yil 9-aprel kungi hal qiluv qarori haqqoniy deb topildi.
Quva tumanidagi 50-maktabga tegishli qo‘shimcha bino va inshootlarning kadastr hujjatlarini tayyorlash va tadbirkorga nisbatan Quva tuman hokimligining 2018-yil 20-iyundagi 1065-sonli qarorini bekor qilish yuzasidan sudga murojaat etilgan. Ushbu da’voni Quvasoy shahar ma’muriy sudi 2018-yil 17-dekabrdagi hal qiluv qarori bilan rad etgan. Apellyatsiya sudida 2019-yil 14-fevral kuni Namangan viloyat ma’muriy sudi 3-1511-1801/1070-sonli qarori bilan Quvasoy shahar ma’muriy sudining 2018-yil 17-dekabrdagi hal qiluv qarorini va Quva tuman hokimligining 2018-yil 20-iyundagi 1065-sonli qarorini haqiqiy emas, deb topdi. Kassatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirish bilan qaror tuman hokimligining ixtiyorida qoldirildi. Tuman hokimligi mazkur bino inshootlari katta yo‘l bo‘yida va qizil chiziq hududida joylashganligini inobatga olib, egalik huquqini tiklash uchun farmoyish chiqarishdan bosh tortib kelmoqda. Hozir Namangan viloyati ma’muriy sudining 3-1511-1801/1070-sonli qaroriga oydinlik kiritish yuzasidan Oliy sudga murojaat etilganini ma’lum qilamiz”.