“Hashar” niqobidagi majburiy mehnat
Mamlakatimizda o‘qituvchi va murabbiylarning turmush tarzini yaxshilash, ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari hamda mehnat huquqlarini ta’minlash, jamiyatdagi mavqeyini oshirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, pedagoglarni xizmat vazifalariga kirmaydigan qo‘shimcha ishlar bilan band qilish, majburiy mehnatga jalb etish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasi hamda Mehnat kodeksining 7-moddasi, “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi qonunning 2-moddasiga ko‘ra, majburiy mehnat taqiqlanadi. Ammo oxirgi paytlarda ayrim ish beruvchilar va rahbarlarning bu masalaga mas’uliyat bilan qaramayotgani oqibatida “hashar” niqobi ostida ayrim tashkilotlarda xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari uchramoqda. Aslida esa hashar umuminsoniy qadriyat bo‘lib, ixtiyoriy ravishda fuqarolar birlashib, muhtoj insonga yordam qo‘lini cho‘zishi, mushkulini oson qilishi demakdir.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 349-sonli qarorining 2-bandiga ko‘ra, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan hasharlar quyidagi shartlarga qat’iy rioya etilgan holda faqat ixtiyoriy tarzda tashkil etiladi va o‘tkaziladi: umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risida faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjati yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori mavjud bo‘lganda; hasharlar unda ishtirok etadigan shaxslar mehnat qiladigan tegishli tashkilot hududida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik normalariga qat’iy rioya etilgan holda o‘tkaziladi; hasharlar doirasida barcha boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan qurilish-ta’mirlash va qishloq xo‘jaligi ishlariga majburiy jalb etishga qat’iy yo‘l qo‘yilmagan holda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ish o‘rinlarini tartibga keltirish ishlari amalga oshiriladi.
Bugungi kunda ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda. Yozgi ta’til payti pedagoglarni ishga chaqirish holatlari ham oddiy holga aylangan. Bu o‘z navbatida ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. “Maktablardagi remont ishlarini nega o‘qituvchi qilishi kerak?” qabilidagi savollar ham yetarli. Yuqorida keltirilgan qarorga muvofiq maktab hududidagi qurilish-ta’mirlash ishlariga pedagoglarning jalb qilinishi hashar hisoblanmaydi. Chunki bunga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjati yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori mavjud emas! Pedagoglarning malaka talablari, lavozim yo‘riqnomalari yoki ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasida qurilish, ta’mirlash, obodonlashtirish ishlarini bajarish nazarda tutilmagan. Buni ish beruvchilar juda yaxshi bilishadi, shu tufayli pedagoglar “agar shu ishni qilmasang, dars bermayman” degan tazyiq bilan ishga jalb etilyapti. Mehnat kodeksining 7-moddasiga ko‘ra, “biron-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali (shu jumladan, mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarishga majburlash taqiqlanadi”. Afsuski, xodimlarning hammasi ham mehnat qonunchiligida belgilangan huquqlaridan xabardor emas.
Ayrim holatlarda maktab jamoasi o‘zaro kelishib, ixtiyoriy ravishda ta’lim muassasasi hududida obodonlashtirish ishlarini bajarishi (tozalash, suv sepish, gul yoki ko‘chat ekish, sinfxonalarning ozodaligiga qarash) qonunga zid emas, lekin bu jarayonning muntazam ravishda bajarilishi va majburiy tus olishi, xodimning ta’til davrida o‘zi istamagan holda, turli qo‘rqitish, po‘pisa yo‘li orqali tashkil etilishi majburiy mehnat hisoblanadi.
Xalqaro mehnat tashkilotining uzoq yillik tajribasiga asosan, xodimning xohishiga zid ravishda bajarilgan, ish haqi to‘lanmagan, funksional vazifadan tashqari bajarilgan, tahdid ostida bajarilgan, xavfli va zararli joylardagi ishlar, shuningdek, xodimlarning zaifligini suiiste’mol qilish, ish vaqtidan tashqarida ishlatish majburiy mehnat hisoblanadi.
Ma’lumki, xodimning belgilangan kundalik ish muddatidan tashqari ishlashi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 124-moddasiga asosan, ish vaqtidan tashqari ish, deb yuritiladi. Ish vaqtidan tashqari ishlarga xodim o‘z roziligi bilan jalb etilishi lozim. Mehnat kodeksining 130- va 132-moddalariga binoan, xodimlarni dam olish kunlari ishlatish taqiqlanadi. Ish beruvchining farmoyishi bo‘yicha ayrim xodimlarni dam olish kunlari ishga jalb etish alohida hollardagina — jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilangan asoslar bo‘yicha amalga oshiriladi.
Mehnat kodeksining 157-moddasiga asosan esa, ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki barobar miqdorida haq to‘lanadi. To‘lanadigan haqning aniq miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilanadi. Bayram yoki dam olish kunidagi ish xodimning xohishiga qarab boshqa dam olish kuni (otgul) berish bilan qoplanishi mumkin. Xodimning iltimosiga binoan ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish soatlariga teng keladigan miqdorda dam olish kuni (otgul) berilishi ham mumkin. Bayram yoki dam olish kunidagi ish yoxud ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish uchun boshqa dam olish kuni berilgan taqdirda, bunday ishlar uchun kamida bir hissa miqdorda mehnat haqi to‘lanadi.
Mehnat kodeksining 177-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi xodimdan uning mehnat vazifalari doirasiga kirmaydigan ishlarni bajarishni, qonunga xilof yoki xodim va boshqa shaxslarning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf tug‘diruvchi, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlar qilishni talab etishga haqli emas.
Shu o‘rinda ish beruvchilar, ayniqsa, majburiy mehnatdan foydalanishga qarshi samarali kurashishga to‘sqinlik qilayotgan ayrim rahbarlar xodimlarni o‘z xizmat vazifalariga kirmaydigan qo‘shimcha ishlar bilan band qilish ularni ruhiy va jismoniy toliqtirishi hamda mehnat unumdorligiga jiddiy salbiy ta’sir qilishini unutmasliklari lozim. Zero, majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari bunday salbiy illatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha barchadan birdek mas’uliyat talab etadi.
Kasaba uyushmalari tomonidan jamoa shartnomasi va mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi hamda majburiy mehnatdan foydalanishning oldini olish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Tashkilot va muassasalardagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarining mas’uliyati kuchaytirildi. O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan joylarda majburiy mehnat alomatlari aniqlanganda tezkor xabar berish uchun O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi hamda Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining “Ishonch telefonlari” ishlab turibdi. Mazkur muammolarni o‘rganish maqsadida, Respublika kengashi xodimlarining viloyatlarga xizmat safari tashkil etilib, amaliy yordamlar ko‘rsatilib, mehnat jamoalarida mehnat munosabatlarining to‘g‘ri tashkil etilganligi, majburiy mehnatga barham berilganligi yuzasidan mehnatkashlar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda.
Joylarda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik borasida kasaba uyushma faollarining huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raislari uchun maxsus o‘quv mashg‘ulotlari muntazam ravishda tashkil etilmoqda. O‘quv mashg‘ulotlarida majburiy mehnat unsurlari, unga yo‘l qo‘ymaslik borasida amal qilinishi lozim bo‘lgan milliy va xalqaro mehnat standartlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari oshirilmoqda.
Oxirgi paytlarda majburiy mehnat holatlarining aksariyatida umumta’lim maktablari o‘qituvchilari jalb qilinayotgani sababli ish beruvchilarning milliy va xalqaro mehnat standartlaridan xabardorlik darajasini oshirish maqsadida Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida malaka oshiradigan ish beruvchilar — umumta’lim maktablari direktorlari uchun reja asosida doimiy o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda. Mazkur o‘quv mashg‘ulotlarida xalqaro va milliy mehnat standartlari, bandlik, mehnat munosabatlarining mazmun-mohiyati bilan birgalikda majburiy mehnatni batamom bartaraf etish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar berilmoqda.
Ayni kunlarda xalq ta’limi xodimlari mehnat ta’tilida bo‘lishiga qaramay, haq to‘lanmaydigan ishlarga jalb etilayotganligi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Birgina misol, joriy yilning 19-iyul kuni Respublika kengashining ishchi guruhi Namangan viloyati Chust tumanidagi 9-umumta’lim maktabi o‘qituvchilarini majburiy mehnatga jalb qilish holatini o‘rgandi.
O‘rganish jarayonida, Chust tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Shavkat Yo‘ldoshev hamda 9-umumta’lim maktabining bir guruh pedagoglari bilan suhbat o‘tkazilib, maktabda joriy yilning may — iyul oylarida amalga oshirilayotgan qurilish, obodonlashtirish ishlariga navbatma-navbat 50 foizga yaqin o‘qituvchilar jalb qilinganligi aniqlandi. Xususan, barcha pedagoglar uchun joriy yilning 11—21-iyun kunlari mehnat ta’tili berilgan bo‘lsa-da, pedagoglar ta’til payti maktab hududini tozalash, g‘isht va qum tashishga majbur etilgan.
Ochiq muloqotlar davomida mazkur ta’lim muassasasi pedagoglari tomonidan maktabda ijtimoiy-ma’naviy muhitning yaxshi emasligi va direktor tomonidan qonunbuzilish holatlariga tez-tez yo‘l qo‘yilishi, bundan ularning qattiq norozi ekanliklari bildirildi. Bunga qo‘shimcha ravishda tegishli video va audio faktlar ham taqdim etildi.
Shuni ham aytib o‘tish joizki, o‘rganish jarayonida ayrim pedagoglar o‘z xohishi bilan tozalash ishlariga kelganliklarini ta’kidladilar. Shu o‘rinda o‘qituvchilarga mehnat shartnomasida belgilangan vazifalardan tashqari ishlarni o‘z xohishi bilan ham bajarishlari mumkin emasligi, chunki qurilishda baxtsiz hodisa ro‘y berish ehtimoli yuqori ekanligi tushuntirildi.
Respublika kengashining ishchi guruhi tomonidan tuman xalq ta’limi bo‘limiga kasaba uyushma a’zolarining mehnat munosabatlariga oid huquqlarini himoya qilish maqsadida taqdimnoma kiritildi. Unda Chust tumanidagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabida dam olish kunlari va mehnat ta’tili davrida obodonlashtirish ishlariga jalb qilingan o‘qituvchilar ro‘yxatini tuzgan holda ularga Mehnat kodeksining 130-, 131-, 132-, 157-moddalariga asosan dam olish kuni berish yoki ikki hissa ish haqi to‘lash bo‘yicha buyruq chiqarish, tumandagi barcha maktablarda mehnat qilayotgan pedagoglarning ta’til olishi holatini qat’iy monitoring qilish va kelgusida mehnat qonunchiligi talablariga va xodimlarning mehnat huquqlari ta’minlanishiga qat’iy rioya qilish, xodimlarning mehnat huquqi bo‘yicha savodxonligini oshirish borasida seminar tashkil etish vazifalari topshirildi. Taqdimnoma talablarini bajarish yuzasidan 2019-yil 19-iyulda tuman xalq ta’limi bo‘limining 63-sonli buyrug‘i chiqarilib, ijroga yo‘naltirildi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Respublikamizda qonun ustuvorligini, xususan, pedagoglarning mehnat sohasidagi huquqlarini qat’iy ta’minlash maqsadida O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi ish beruvchilar, xodimlar — kasaba uyushma a’zolari, quyi bo‘g‘in tarmoq kasaba uyushma tashkilotlari va keng jamoatchilikni quyidagi masalalarda ogohlikka va hamkorlikka chaqiradi:
— paxta yig‘im-terimi mavsumida majburiy mehnat shakllarining oldini olish bo‘yicha boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari bilan birgalikda faollik ko‘rsatish;
— joylarda majburiy mehnatning oldini olishda tashabbus ko‘rsatgan holda ish beruvchilar bilan mazkur masalada doimiy ijtimoiy muloqot tashkil etish va sohadagi qonun hujjatlari ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatgan holda, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari va kasaba uyushmalarining 1092, 71-256-70-32 raqamli Ishonch telefonlari orqali xabar berish;
— ish beruvchilar esa o‘z xodimlarining barcha sohadagi, xususan, mehnat sohasidagi huquq va erkinliklarini hurmat qilishi, har bir muassasada xodimlarning mehnat shartnomasi asosida aniq belgilangan xizmat vazifalari hamda mehnatga haq to‘lash tizimi qonun va qonunosti hujjatlari bilan belgilab qo‘yilganligini eslatgan holda, ulardan ushbu yo‘nalishdagi huquqiy madaniyatlarini yanada oshirish, milliy hamda xalqaro mehnat standartlariga qat’iy amal qilishni yoddan chiqarmasliklari zarur.
Lazokat TURIKOVA, O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi bosh mutaxassisi