Prezident farmoni bajarilmasligi mumkinmi?
Moliya va Xalq ta'limi vazirliklari diqqatiga!
Yurtimizda tug‘ma yoki bolalikdan ko‘rish imkoniyatidan mahrum bo‘lganlarni ta’limga jalb etish ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Biroq keyinchalik ko‘rish qobiliyatini yo‘qotganlar uchun ta’lim olish, to‘g‘rirog‘i, maxsus brayl yozuvida savod chiqarish imkoniyati yo‘q. Gap shundaki, muayyan turmush stereotiplari shakllangan, ya’ni yassi yozuvda savod chiqargan shaxs ko‘rishdan mahrum bo‘lish bilan birga barcha turmush malakalaridan ham mosuvo bo‘ladi.
Yozuv-chizuv ko‘nikmasi ham shular jumlasidandir. Yassi yozuvda olimlikni da’vo qilgan kishi ham ko‘zi ojiz bo‘lganda brayl yozuvida yangidan savod chiqarishiga to‘g‘ri keladi. Brayl — bo‘rtma nuqtali yozuv tizimini o‘rganish esa “xamirdan qil sug‘urgandek gap” emas. Hozir yurtimizda yashayotgan minglab ana shunday taqdir egalari mavjudki, ular atrofdagilardan, siz-u bizdan, davlatdan ko‘mak kutmoqda. Ularga beriladigan eng muhim yordam nogironligi bo‘lgan shaxsga yozuv-chizuvni o‘rgatish atrof-olamdan axborot olish va axborot uzatishda ko‘maklashish hisoblanadi. Bunday shaxslar hali reabilitatsiyalanmagan. Harakatlanishda o‘zgalar yordamiga muhtoj bo‘ladi. Soddaroq qilib aytganda, ular ko‘rsatiladigan yordamni olish uchun ko‘mak manbasiga mustaqil yetib borolmaydi. Binobarin, yordamni ehtiyojmand manziliga yetkazish savobliroq va maqsadga muvofiq. Modomiki shunday ekan, katta yoshli ko‘zi ojizlarga ta’limni (savod chiqarishni) ularning o‘z uylarida tashkil etish har tomonlama qulay va samarali.
Ayni xayrli ishni tashkil etish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni 4-bandida Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklatilgan. Mazkur farmonning ilovasi — “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi”ning 12-bandida bu masala muhim chora-tadbir sifatida qayd etilgan. 2018-yilning 15-martiga qadar bu bo‘yicha normativ huquqiy hujjat loyihasi tayyorlanishi zarurligi ta’kidlanib, unda Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Maktabgacha ta’lim vazirliklari, nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlari, shuningdek, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar mas’ul etib belgilangan. Mana, belgilangan muddatdan 17 oy o‘tdi, ammo ayni yo‘nalishda biror-bir natijali ish bo‘lgani yo‘q. O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi hamda uning qator hududiy bo‘limlari, mahalliy bo‘linmalari, shuningdek, yuzlab ko‘zi ojizlarning sa’y-harakatlari, qator-qator arizalari tufayli Xalq ta’limi vazirligi tomonidan bir loyiha (garchi u ko‘zi ojizlar manfaatiga mos kelmasa-da) tayyorlanib, 2018-yil 29-dekabrda Vazirlar Mahkamasiga yo‘llangan. Ammo hanuzgacha bu qaror loyihasining taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Ko‘zi ojizlar jamiyatining faollari, 2019-yilning yanvar—may oylarida 5 marta Vazirlar Mahkamasida bo‘lib, bu masalani muhokama predmetiga aylantirdilar. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlari, senatorlar bilan mart va may oylarida uchrashib, ularning diqqatlarini shu masalaga qaratdilar. Jamiyatning bir guruh a’zolari 2019-yil 28-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga ariza bilan murojaat qildilar. Biroq bu urinishlardan ham natija chiqmadi. Bosh prokuraturaga yo‘llangan arizada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni matnini tayyorlashda Bosh prokuratura mas’ul bo‘lgani aytilib, yordam so‘ralganiga qaramasdan, ariza mualliflari “Sizning arizangiz o‘rganib chiqish uchun falon tashkilotlarga yo‘llandi” degan mazmunda quruq javob oldilar. Bu javobning ko‘zi ojiz shaxs uchun naqadar ahamiyatsizligini isbotlashga hojat bo‘lmasa kerak. Bosh prokuratura ariza mualliflariga javob berish bo‘yicha mas’ul etib belgilagan vazirliklardan esa mavzuga aloqasi bo‘lmagan javoblar olindi. Ayrim mutasaddilar bilan bo‘lgan norasmiy suhbatlarda qaror loyihasining matni Moliya vazirligi tomonidan davlat mablag‘larini tejash maqsadida qaytarilayotganligi haqidagi ma’lumotga ega bo‘lindi. Basharti davlat mablag‘lari tejalishi zarur bo‘lsa, o‘zgalar yordamiga muhtoj bo‘lgan nogironlar manfaati hisobidan tejaladimi? Axir nogironligi bo‘lgan shaxsga davlat va atrofdagilar yordam berishi kerak-ku! Ularning manfaati uchun mablag‘ni tejash nima degani? Prezidentimiz farmoni “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” ekanini mutasaddilarimiz to‘la anglab yetmaganlar shekilli. Aytmoqchimizki, katta yoshida ko‘rishdan mahrum bo‘lgan, jumladan, atrof-olam bilan muloqot imkoniyatini yo‘qotgan, axborot olish va axborot uzatish uchun zarur bo‘lgan brayl yozuvi bo‘yicha savod chiqarishga muhtoj vatandoshlarimizga kim yordam beradi? Ularning brayl yozuvida savod chiqarishi uchun uyda yakka tartibda ta’lim berish tizimini yo‘lga qo‘yish davlatimiz iqtisodiyotiga tiklab bo‘lmas zarar yetkazadimi? Yo‘q, albatta. Aksincha, bu ish avvalambor nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy reabilitatsiyasi va jamiyatga integratsiyalashuvini ta’minlashga asos bo‘ladi. Bashariyat tarixida to‘plangan bilimlarni o‘z barmoqlari yordamida idrok etib, o‘qiy olgan va bo‘rtma nuqtali yozuvda fikr-mulohazalarini o‘zgalarga bildirolgan shaxs yetuk fuqaro bo‘la oladi. Bundan davlat va jamiyat cheksiz naf ko‘radi. Qolaversa, bu sohada yuzlab ishchi o‘rinlari tashkil etiladi. Pirovardida soliq to‘lovchilar soni va to‘lanadigan soliqlar miqdori ham ortadi. Ko‘rinib turibdiki, masalaning ayni yechimi ham xayrli va savobli, ham barcha tomonlar uchun, davlat va jamiyat uchun manfaatlidir. “Davlat mablag‘larining qo‘riqchilari” bu mulohazalar haqida do‘ppini olib qo‘yib, bosh qotirsalar yaxshi bo‘lur edi.
Shokir PANJIYEV, Qashqadaryo viloyatidagi 18-ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘qituvchisi