Maktabga ta’lim nashrlari kerak!
Biz hech qachon u yoki bu masalada o‘rtacha yo‘l tutishga o‘rganolmadik. Bu haqiqatni umumta’lim maktablarida 2019-yil uchun o‘tkazilgan obuna jarayoni ham tasdiqlaydi.
2018-yilda majburiy obuna taqiqlanganini o‘qituvchilarning aksariyati biryoqlama tushundi va buni ularning aqalli bitta nashrga obuna bo‘lmagani ham tasdiqlaydi. “Nega loaqal o‘z faningiz bo‘yicha bitta jurnalga ham obuna bo‘lmadingiz?” deb so‘rasangiz, “Vazirlik majburiy obunani taqiqladi-ku”, degan javobni eshitasiz. Aslida, vazirlik o‘qituvchi va murabbiylar manfaatini himoya qilib, sohaga daxldor bo‘lmagan nashrlarga majburiy obunani taqiqlagan edi. Bu joylarda noto‘g‘ri talqin qilindi. Oqibatda ta’lim nashrlari ham o‘quvchisiz qoldi.
Bugun hatto birgina “Ma’rifat” (boshqasini qo‘ya turaylik) gazetasiga obuna bo‘lmagan maktablar ham talaygina. Masalan, Bo‘ka tuman pochta xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, tumandagi 49 maktabdan atigi 12 tasi 2019-yil uchun ta’lim nashriga obuna bo‘lgan, xolos.
Ta’lim sohasiga oid gazeta yoki jurnalga obuna bo‘lmagan o‘qituvchini qanday tushunish mumkin? Aslida, pedagog biror ta’lim nashriga obuna bo‘lish uchun pul to‘layotgan bo‘lsa, uning qo‘lidan hech kim zo‘rlik bilan tutib qolmasdi.
Bu masaladagi xulosamiz shuki, obunani o‘qituvchilarning o‘zi hal etishi lozim. Bu ishga xalq ta’limining yuqori boshqaruv organlari aralashmasligi kerak. Hozir ham go‘yoki shunday tartib amalda qo‘llanayotgandek. Ammo aksariyat maktablarda hamon qaysi maktab qanday gazeta yo jurnalga necha donadan obuna bo‘lishi “yuqori”dan belgilanmoqda.
Maktabimizda obuna faqat fan metodbirlashmalari negizida amalga oshiriladi. Ya’ni fanlar bo‘yicha tashkil etilgan har bir metodbirlashma fanining yo‘nalishidan kelib chiqib, shu fanga oid deyarli barcha gazeta va jurnallarga obuna bo‘linadi. Bu o‘rinda tuman va viloyat gazetalari ham esdan chiqmaydi.
Bugungi kun talabidan kelib chiqib, bir taklif bildirmoqchiman. Maktab kutubxonalari uchun davlat budjeti mablag‘lari hisobidan eng asosiy ta’lim nashrlariga obuna bo‘lish amaliyoti bor. Ammo bu kamlik qilmoqda. Taklifim — ta’lim nashrlariga maktabning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ham obuna uyushtirish zarur. Umid qilamizki, 2020-yil uchun obuna o‘tgan yilgidan boshqacha kechadi.
U.JO‘RAYEV, Bo‘ka tumanidagi 8-maktab o‘qituvchisi