“Jonimizga ora kirayotgan nashr”
Keyingi yillarda ta’limga ixtisoslashgan gazeta-jurnallar keksa-yu yosh orasida, hatto eng uzoq manzillarda tobora qo‘lma-qo‘l o‘qilayotgani, intiqlik bilan kutilayotgani kishini quvontiradi.
Farg‘ona tumanidagi 1-maktab ancha olis, ya’ni Qirg‘iziston bilan chegaradosh hududda joylashganiga qaramay, pedagoglar ta’lim nashrlarining har bir soniga mushtoq. Dang‘ara tumanidagi 35-maktabning geografiya fani o‘qituvchisi Ibrohim Abdullayev nafaqada bo‘lsa-da, o‘z ustida ishlab, sohadagi muhim yangiliklarni kuzatib borishdan charchamaydi. Bu borada “Ma’rifat” uning eng yaqin ko‘makchisi. Aks holda, bu kabi ustozlar tahririyat tanlovlarida g‘olib bo‘lib, pul mukofoti va faxriy yorliq bilan taqdirlanarmidi?!
Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasida o‘tkazilgan ijodiy uchrashuvda “Ma’rifat” ― “Учитель Узбекистана” gazetalari tahririyatining “Faslning eng yaxshi ijodkori” hamda “Boshlang‘ich ta’lim” jurnali tahririyatining “Mahorat” tanlovida g‘olib bo‘lgan bir guruh pedagoglar taqdirlandi. Unda so‘zga chiqqan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Bobosodiq Latipov davlatimiz rahbari tomonidan jamiyatda o‘qituvchilarning obro‘si va maqomini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Xususan, pedagoglarning majburiy mehnat va o‘z faoliyatiga daxldor bo‘lmagan vazifalarni bajarishiga chek qo‘yilgani ta’lim sifatiga sezilarli hissa qo‘shishi qayd etildi.
— Internet va ijtimoiy tarmoqlar qanchalik taraqqiy etmasin, biz uchun ta’lim nashrlarining o‘rni, roli yo‘qolmaydi, — deydi O‘zbekiston tumanidagi 65-IDUMning matematika fani o‘qituvchisi Isroil Tillaboyev. — Chunki global, lokal tarmoqda tarqalayotgan axborotni oradan vaqt o‘tib topish dushvor. Ikkinchidan, o‘sha axborotning asossiz, yolg‘on yoki soxta ekani uchun javobgarlikni hech kim zimmasiga olmaydi. Shunday vaziyatda yurtimizdagi markaziy ta’lim nashrlari ustoz-muallimlarning e’tiborini qozonib, ta’bir joiz bo‘lsa, joniga ora kiryapti. Kezi kelganda, o‘qituvchilarning bir-biriga aytar so‘zi yoki anchadan beri o‘ylantirgan savoliga javobni topyapti. “Ma’rifat” — mening uzoq yillik hamkorim, qadrdonim. “Bizga ilm skautlari kerak!” sarlavhali maqolam tahririyat tanlovining “Pedagog-muallifning eng dolzarb materiali” nominatsiyasi g‘olibligiga munosib ko‘rilganidan benihoya xursandman.
Dilshod RO‘ZIQULOV