“Ustozlar — kasaba uyushmalari e’zozida” tanlovi g‘olibiga “Spark” beriladi!
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan respublikamizdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchilar o‘rtasida “Ustozlar — kasaba uyushmalari e’zozida” respublika tanlovi o‘tkazilmoqda.
Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida 2019-yilning 23-avgust kuni “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va jamiyatda o‘qituvchi mavqeyini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi mavzuga bag‘ishlab kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalarning to‘laqonli amalga oshirilishiga, xususan, maktab ta’limini rivojlantirish, ustozlarga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ular ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, malakasi va jamiyatdagi nufuzini, maktablarda ta’lim-tarbiya jarayoni, o‘qitish mazmuni va sifatini oshirish borasidagi ishlarga munosib hissa qo‘shish maqsadida tashkil etilmoqda.
3 bosqichda o‘tkazilayotgan mazkur tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan nomzodlar umumta’lim maktablarida kamida 20 yillik pedagogik, boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raisi sifatida esa kamida 10 yillik uzluksiz tajribaga ega bo‘lishi lozim.
Ishtirokchilar tanlov nizomiga asosan tegishli hujjat va materiallarni Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi tuman va shahar kengashlarida tashkil etilgan ishchi guruhlarga taqdim etadilar.
Tanlov g‘oliblari O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami arafasida diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Xususan:
I o‘ringa munosib deb topilgan soha xodimi “Spark” avtomobili;
II o‘rinni egallagan ishtirokchi “Samsung” muzlatkichi;
III o‘rin sohibi “Samsung” kir yuvish mashinasi bilan taqdirlanadi.
Sovrindorlarga rag‘batlantiruvchi mukofot — noutbuk topshiriladi.
Tanlov to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlarni O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining (71) 256-61-84, 252-14-57 telefon raqamlari orqali olishingiz mumkin.