«O‘ttizinchi» o‘gaymi? yoki kichik maktabning katta muammosi
Xalq ta’limi vazirligi va Namangan viloyat hokimligi diqqatiga!
Yangi o‘quv yili oldidan barcha o‘quvchilar maktab tomon oshiqib, o‘qituvchilar yangicha tayyorgarlik bilan metodik materiallar to‘playotgan bir paytda ayrimlar maktabga borishni istamasligi mumkinmi? Norin tumani Qo‘rg‘oncha mahallasi farzandlari ta’lim-tarbiya olayotgan 30-umumta’lim maktabida o‘qiyotgan bolalarni ko‘rib, o‘gay onaning farzandiga o‘xshatgimiz keldi. Boisi necha yillardan buyon bu maskanning pedagogik jamoasi tuman va viloyat miqyosidagi mutasaddilar e’tiborini kutib ishlashyapti. 305 nafar o‘quvchi bilim oladigan bir qavatli o‘quv binosi juda tor, bor-yo‘g‘i 9 ta sinf xonasi mavjud. Imkoniyat yo‘qligidan darslar ikki smenada tashkil etilishi ham bor gap.
Shundayam bitta sinf maktab oshxonasida o‘qirdi. Darvoqe, yuqoridan har bir ta’lim muassasasida oshxona bo‘lishi shartligi to‘g‘risida ogohlantirish berilgach, oshxona ham bo‘shatildi. Xona tegmaydigan o‘quvchilar bu yil qayerda saboq oladi, buni hech kim bilmaydi. Axir sinfxona u yoqda tursin, maktab o‘qituvchilarining o‘zlari xonaga yolchimagandan keyin boshqasi to‘g‘risida so‘z yuritish o‘rinsiz, aslida.
Ha, maktabda hatto o‘qituvchilar uchun ham xona yo‘qligidan bahor-yozda hovli sahnidagi daraxtlar soyasidan goh dam olish, goh malaka oshirish joyi sifatida foydalanayotgan pedagoglar qishli-qirovli kunlarda o‘quv binosidagi biron fan xonasi bo‘shashini kutib o‘tirishga majbur. Mana shu ahvolda fan, ijodiy yoki kasb-hunar to‘garaklari faoliyatini yuritish tugul tashkil etish to‘g‘risida og‘iz ocholmaysiz. Kimyo, biologiya, fizika fan laboratoriyalarida amaliy mashg‘ulotlar, laboratoriya ishlari o‘tkazishni faqat tushda ko‘rish mumkin. Aslida, bunday laboratoriyalarning o‘zi yo‘q!
— Fan laboratoriyasi yo‘qligidan faqat nazariy bilim beryapman, xolos, — dedi kimyo fani o‘qituvchisi Sevara Qurbonova. — Amaliy mashg‘ulotlar o‘tilmaydi. Buning uchun maxsus o‘quvchilar xavfsizligi ta’minlangan xona, reaktivlar zarur. 7 yildan buyon reaktiv olmaganmiz. Olaylik desak, saqlash, laboratoriya ishi va tajribalar o‘tkazish uchun shart-sharoit yo‘q.
Fizika fani o‘qitilishi haqida ham bundan ortiq gap aytolmaymiz. Devoriga uch-to‘rt fizik olimlar surati va bir-ikki jadvaldan iborat ko‘rgazmali vosita ilingan xona fizika fani uchun ajratilgan ekan. Faollar zali, psixolog, ma’naviyat xonalari va tibbiy xizmat xonasi ham ko‘pchilik uchun faqat orzuga aylanib qolgan. Gapning indallosini aytganda, maktab rahbarlari — direktor, ikki nafar o‘rinbosari va maktab psixologi bir xonada ishlashga majbur.
— Men huquq fanidan dars beraman, — dedi Jasur Qobulov. — Fanga qiziquvchi o‘quvchilarni jalb etib “Yosh huquqshunos” to‘garagi tashkil etganman. Haftada bir, imkon topilsa, ikki marta to‘garak mashg‘uloti o‘taman. Sizga qiziq tuyulsa kerag-u, ammo kulmang. Birinchi smenada darslar tugashini, biron xona bo‘shashini o‘quvchilar bilan kutib turamiz. Odatda haftaning oxirida boshlang‘ich sinflar xonalarida dars o‘tilmaydi. O‘shandan foydalanib qolishga intilamiz.
O‘quvchilar uchun tashkil etiladigan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ularning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, bilimlarini boyitish, iste’dod va iqtidorlarini tarbiyalash va rivojlantirishga xizmat qilishini yaxshi bilasiz. Ayniqsa, Yurtboshimiz tashabbusi asosida ilgari surilgan besh tashabbus bu boradagi ishlarni yanada faollashtirish, yangi mazmun va ma’no baxsh etgan holda rivojlantirishga turtki bo‘ldi.
Biroq 30-maktabda mazkur vazifalarni bajarish uchun na sharoit, na imkoniyat borligidan o‘qituvchilar ko‘zlagan yangi rejalar faqat qog‘ozda qolib ketyapti.
— Tadbirlar uyushtiradigan bo‘lsak, maktab sport zalidan foydalanamiz. U ham qishda sovuq, yozda issiq. Maktabga ichimlik suvi tarmog‘i tortilmagan, — deydi direktor o‘rinbosari Feruza Jalilova. — Kutubxona uchun joy yo‘qligidan qorovulxonaning bir chetini kutubxona qilganmiz. Ilgari shu xonada o‘qituvchilar darsga tayyorgarlik ko‘rishardi, darsi yo‘qlari dam olishardi. To‘g‘ri, 2005-yilda maktab joriy ta’mirlangan. Tom qismi yangilanib, 9x18 hajmda sport zali qurilgan. O‘sha yillari o‘quvchi soni oz edi. Yil o‘tgani sari o‘quvchilar safi kengaydi, biroq maktab uchun barcha shart-sharoitlarga ega yangi bino qurish to‘g‘risida hech kim tashvish chekmayapti.
Maktab mutasaddilari tor maktabning katta tashvishlarini gapirish bilangina cheklanmay, bu borada bir necha marta tuman xalq ta’limi bo‘limi, tuman hokimligiga murojaat qilishgan.
— Agar berilgan va’dalarga ishonadigan bo‘lsak, 2022-yili maktabimiz dasturga ko‘ra ta’mirlanarkan, — dedi direktor Hamida Karimova. — Yangi qo‘shimcha o‘quv binosi qurish, faollar zali, o‘quv ustaxonasiga ehtiyoj katta. Hozircha kutyapmiz.
Shu o‘rinda bir mulohaza. Tumandagi ayrim ta’lim muassasalari o‘tgan yillar mobaynida qabul qilingan turli dastur va qarorlarga binoan ikki-uch marotaba mukammal ta’mirlandi, qayta qurildi. Agar ularni 30-maktabga sharoit va imkoniyat bobida taqqoslaydigan bo‘lsak, ustun jihatlari talaygina. O‘ylaymizki, 30-umumta’lim maktabi ta’lim muassasalarini ta’mirlash rejasiga kiritish vakolatiga ega mutasaddilar uchun o‘gay emas. Muxtasar aytganda, kichik maktabning katta muammolari Norin tumani hokimligi va boshqa masalaga daxldor tashkilot rahbarlarining adolatli qarorlari bilan barham topadi.
G‘anisher AKBAROV,
“Ma’rifat” muxbiri