Erkinjon Turdimov: "40 yillik ta’mirlanmagan maktab bilan hech kim qiziqmagan"
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning navbatdagi sayyor qabuli Paxtachi tumanining “Qarnabota” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida o‘tkazildi.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, qabulda 50 nafarga yaqin fuqarolar murojaati tinglangan. Shuningdek, viloyat hokimi va mutasaddi idoralar rahbari qishloqdagi ta’lim va tibbiyot muassasalariga borib, ularning faoliyati bilan tanishdi. Aholi bilan suhbatlashib, ularning turmush tarzi, maqsad-o‘ylari bilan qiziqdi.
Qabul va suhbatlar davomida qayd etilgan muammolarni tezda hal etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Jumladan, tuman markazidan Qarnabota qishlog‘igacha bo‘lgan 30 kilometr yo‘l 2020-yilning birinchi yarmiga qadar mukammal ta’mirlanadigan bo‘ldi. Joriy yilning oktabr oyi yakuniga qadar 18 kilometr toza ichimlik suvi tarmog‘i tortilishini yakunlab, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, yil yakuniga qadar hududdagi 45-umumta’lim maktabi va 8-maktabgacha ta’lim muassasasini, bir oy muddat ichida uzoq vaqt foydalanilmay kelingan sport zali ob’ektlarini to‘liq ta’mirlash, barcha zaruriy jihozlar bilan ta’minlash, sport to‘garaklarini tashkil etish masalalari bo‘yicha aniq choralar belgilab olindi.
Shu bilan birga qishloqning chekka hududlarida yashovchi aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 1 ta suv tashuvchi maxsus texnika ajratilishi, kam ta’minlangan 2 nafar fuqarolar uchun homiylik va hashar yo‘li bilan uy-joy qurish, ularga zarur shart-sharoit yaratish hamda mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi barcha fuqarolarni chuqurlashtirilgan tibbiy-ko‘rikdan o‘tkazish borasidagi ishlar boshlab yuborildi.
– Qishloqdagi maktab qurilganiga 40 yil bo‘libdi, lekin shu paytgacha ta’mirlanmagan, uning moddiy-texnik bazasi hech kimni qiziqtirmagan, – dedi E.Turdimov. – Bog‘chadagi ahvol ham mutlaqo bugungi kun talablariga to‘g‘ri kelmaydi. Odamlar biz chekka qishloqda yashaymiz, e’tibordan ham chetdamiz, deb ertangi kunga umidi, ishonchi so‘nib boravergan. Hech kim shu qishloqni ham obod qilaylik, aholi uchun munosib turmush sharoiti yarataylik, deb tashabbus ko‘rsatmagan.
Qarnabotadagi uchrashuvdan so‘ng hududdagi ta’lim muassasalari va boshqa ob’ektlarni ta’mirlash uchun 1 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bu ushbu hududni obod qilish borasidagi harakatlarimizning boshlanishi va kelgusida amaliy ishlarimiz izchil davom ettiriladi.