Adolatsiz g‘oliblar
2019-yil 26-iyun kuni “Yilning eng yaxshi kitobxon maktabi” ko‘rik-tanlovining Buxoro viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tanlov davomida ba’zi bir ko‘ngilni xira qiluvchi voqealar, nohaqliklar bo‘ldi.
Biz Qorovulbozor tumanidagi 6-maktab jamoasi ikki oy davomida mazkur tanlovga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Tumanda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgach, viloyat bosqichiga ham puxta tayyorlana boshladik.
Ertalab soat 9:00 dan 11:00 gacha, kechki payt 18:00 dan 20:00 ga qadar har kunlik tayyorgarlik mashg‘ulotlari olib borildi, tanlov nizomida qayd etilgan barcha kitoblar ishtirokchilar tomonidan mutolaa va muhokama etildi.
Nihoyat biz kutgan kun — 21-iyun ham keldi, ammo tanlov o‘tkaziladigan joyga yetganda noaniq sabablarga ko‘ra tanlov 25-iyunga ko‘chirilganligini eshitdik va jamoamiz bilan kayfiyatni tushirmagan holda ortga qaytdik. 24-iyun kuni esa bizni hayratlantiradigan yana bir xabar keldi: “Tanlovning hududiy bosqichi 26-iyunda o‘tkaziladi”. Bu holat, albatta, barchamizni taajjublantirdi. Chunki “Yilning eng yaxshi kitobxon maktabi” ko‘rik-tanlovi Nizomining 3-bob “b” bandida “ikkinchi (hududiy) bosqich — hududiy axborot-resurs markazi tomonidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan 25-iyunga qadar tuman(shahar)da g‘olib bo‘lgan maktablar o‘rtasida o‘tkaziladi”, deb yozib qo‘yilgan edi.
Ushbu “anglashilmovchilik”larga ham ko‘ngan holda viloyat axborot-resurs markazi istagiga binoan 26-iyun kuni ertalab 8:30 da Buxoro shahridagi 35-maktabga yetib keldik. Soat 9:00 lar atrofida qur’a asosida jamoalarning chiqish ketma-ketligi aniqlandi, bizga 13-raqam nasib etdi. Tanlovning boshlanish vaqti belgilangan paytda jami 8 jamoa bor edi. Birinchi shart asosida 5-jamoa chiqishi ko‘rilayotgan bir vaqtda Romitan tuman jamoasi kechikib keldi va to‘qqiz jamoa orasidan yettinchi bo‘lib chiqish huquqini egalladi. Hamma hayron qoldi: tashkiliy qo‘mita kechikib kelgan va umumiy qur’a tashlash marosimida ishtirok etmagan jamoaning hech qanday e’tirozlarsiz tanlovda ishtirokiga ruxsat berdi.
Tanlovning barcha bosqichlarida katta ballni qo‘lga kiritib kelayotgan Romitan tumani jamoasi bellashuvning birinchi va uchinchi shartlarida belgilangan vaqt reglamentidan o‘tib ketdi. Ammo ularning umumiy balidan bir ball ham olib tashlanmadi. Vaholanki, nizomning 4-bobida “Har bir shart bo‘yicha belgilangan vaqtdan o‘tib ketgan taqdirda umumiy jamlangan ballar hisobidan 5 ballgacha olib tashlanadi”, deb aniq yozib qo‘yilgan. Shuningdek, mazkur hujjatning 1-bob 2-bandida tanlov O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilishi ta’kidlangan bo‘lsa-da, hakamlar hay’ati hamda ishchi guruh tarkibiga ushbu tashkilotning hududiy bo‘limlaridan biror kishi kiritilmagan edi.
2-bobda mazkur tanlovni o‘tkazishdan maqsad yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish bo‘lganligi belgilangani sababli biz O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimning “Baxshiyona” kitobi asosida sahna ko‘rinishi tayyorlagan edik. Romitan tumani jamoasi esa ushbu shartda kitobxonlikka hech qanday aloqasi bo‘lmagan terrorizmga qarshi kurash targ‘ib etilgan sahna ko‘rinishini namoyish etdi. Ammo ular bu shartda ham bizdan yuqori ball sohibiga aylandi. Xalq ta’limi vazirining 2019-yil 26-apreldagi 141-sonli buyrug‘ining 12-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomda “mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi PQ-3271-sonli qaroriga muvofiq umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘rtasida “Yilning eng yaxshi kitobxon maktabi” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish tartibini belgilaydi”, degan satrlarning mavjudligi hakamlar xayolidan faromush bo‘lgan bo‘lsa, ne ajab?
Xullas, ushbu tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqi Romitan tumani jamoasiga nasib etdi. Biz esa ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdik. Aslida, muhimi g‘alaba emas, harakat. Ammo bu kabi adolatsizliklarning hamon jamiyatimiz orasida mavjudligi ko‘nglimizni xira qilibgina qolmay, xalqimiz ma’naviyati rivoji ildizlariga bolta urayotgani ham bor gap.
H.XOLMURODOV, Qorovulbozor tumanidagi 6-maktab direktorining o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha o‘rinbosari