“Darsliklarni birgalikda takomillashtiraylik” tanlovi g‘oliblari aniqlandi

Toshkent shahridagi 241-umumta’lim maktabida “Darsliklarni birgalikda takomillashtiraylik” mavzusida o‘tkazilgan tanlov g‘oliblari taqdirlandi.
Taqdirlash marosimida vazirlik boshqarma boshliqlari, Respublika ta’lim markazi mutasaddilari hamda tegishli soha vakillari, noshirlar, darslik mualliflari, olimlar, ekspertlar ishtirok etdi.
Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov ta’lim sifatini yuksaltirishda darsliklarning davr ruhiga mos tarzda takomillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Ta’kidlash joizki, Xalq ta’limi vazirligi, Respublika ta’lim markazi, darslik mualliflari hamda tegishli nashriyot mutaxassislari tomonidan o‘quvchilarni sifatli darsliklar bilan ta’minlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2019-2020-o‘quv yili uchun 1-, 3-, 8-, 9-sinflarga to‘liq to‘plamda, 2-, 4-, 7-sinflar uchun chet tili darslik majmualari, 6-sinf uchun "Fizika", 7-sinf uchun "Algebra" (ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablari uchun) jami 479 nomdagi 36,5 million nusxa darsliklar nashr etilgan bo‘lib, “O‘quv ta’lim-ta’minot" davlat unitar korxonasi va uning hududiy filiallari orqali umumiy o‘rta ta’lim maktablariga yetkazildi.
Ahamiyatli jihati, darsliklarga o‘qituvchilar, o‘quvchilar, ota-onalar, keng jamoatchilik befarq emas. Ular o‘z munosabatlari orqali ta’lim sifatini oshirishga, shuningdek, darsliklar mazmunini yanada takomillashtirish bo‘yicha ko‘pgina takliflar ham bildirmoqda.
Xalq ta’limi vazirligi ushbu holatlarni inobatga olgan holda 2019-yil 25-iyundagi buyrug‘i bilan o‘quv adabiyotlarni yaratishda fikr-mulohazalarni inobatga olish, amaldagi adabiyotlarda nuqson va kamchiliklarni aniqlash hamda tuzatish maqsadida uzedu.uz saytida "Darsliklarni birgalikda takomillashtiraylik” mavzusida tanlov e’lon qilgan edi.
Onlayn tanlovda jami 103 ishtirokchi qatnashib, ular tomonidan 144 taklif elektron manzilga kelib tushdi. Respublika ta’lim markazining fan bo‘limlarida 5-7 nafargacha nufuzli olimlar, amaliyotchi o‘qituvchilar, fan metodistlari va mualliflardan iborat tuzilgan ishchi guruhi tomonidan baholash mezonlariga amal qilgan holda g‘oliblar aniqlandi.
Unga ko‘ra, mustaqil jurnalist Sherali Nishonov 213 ball bilan 1-o‘ringa munosib topildi. Sirdaryo viloyati Yangiyer shahridagi 8-maktabning rus tili fani o‘qituvchisi Yuliya Musurmanova 81 ball bilan 2-o‘rinni egalladi. Namangan shahridagi 21-davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Gulnoza Xoldorova 58 ball bilan 3-o‘ringa loyiq topildi.
– Tanlov e’lon qilinganidan so‘ng 32 darslik bo‘yicha tahlil olib borib, ulardagi kamchiliklar, noto‘g‘ri ma’lumotlarni belgilab, tegishli takliflar kiritdim, – dedi Sh.Nishonov. – Masalan, bir darslikda O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosatiga oid modda sifatida 7-modda, deb berilgan. Aslida esa Konstitutsiyaning 17-moddasida mamlakatimizning tashqi siyosati bo‘yicha so‘z yuritiladi. Bu kabi tanlovlar darsliklarning yanada mukammal bo‘lishi yo‘lidagi amaliy qadamdir.
– Darsliklardan xato yoki kamchilik qidirib emas, uni tobora takomillashtirishga ko‘maklashuv nuqtayi nazaridan bu jarayonga yondashdik, – dedi sirdaryolik o‘qituvchi Yuliya Musurmonova. – Bu takliflarning aksariyati inobatga olingani, ulardan pedagoglar ham mamnun ekani diqqatga sazovordir.
Tadbirda tanlovning g‘olib va sovrindorlariga diplom va sovg‘alar topshirildi.
Nazokat USMONOVA
Manba: www.uza.uz