Qayta tayyorlovning o‘zi kifoyami?
Chet tilini bilgan mutaxassisga talab yuqori. Shu bois mamlakatimizda maktabgacha ta’lim jarayonidan boshlab o‘quvchilarga ingliz tilidan so‘zlashuv saboqlari o‘rgatila boshlandi. Maktabning boshlang‘ich sinfidanoq chet tili uchun dars soatlari ajratildi. Ota-onalar orasida ham farzandini ingliz tili o‘quv kurslari, qo‘shimcha darslariga berish istagi kuchaydi. Ammo so‘nggi yillarda chet tillari orasida faqat ingliz tilini o‘qitishga katta urg‘u berilyotgani boshqa tillardan saboq beruvchi o‘qituvchilarda e’tiroz uyg‘otyapti. “Telegram” tarmog‘idagi “Ma’rifat” mushtariylari” guruhida bu borada ham bahs yuritildi.
Marhabo SATTOROVA:
— Hozirda ingliz tili butun dunyo tiliga aylanib ulgurdi. Yoshlarimiz bu tilni mukammal o‘rganishlari juda katta yutuqlar kalitini qo‘lga kiritishlari bilan barobar. Shunday ekan ingliz tilini o‘qitishga bo‘lgan katta e’tiborni to‘g‘ri qabul qilaman, ammo bu boshqa chet tillarni bir chetga surib qo‘yish evaziga bo‘lmasligi kerak. Men nemis tili fani o‘qituvchisiman. Bu tilni bolaligimdan yoqtirib o‘rganganman. Hozir ham nemis tilini o‘rganishga qiziqadigan o‘quvchilar talaygina. Ilgari nemis, fransuz, arab, hind, fors, yapon tillarini chuqur o‘rganadigan maktablar bor edi. Bu maktablarning ana shu tillarni o‘qitish bo‘yicha katta tajribasi, malakali o‘qituvchilari bor. Shunday ekan ushbu tillarni ham o‘qitishni cheklamaslik, o‘quvchining ham tanlashiga imkoniyat berish kerak, deb hisoblayman. Bir nechta sinfga 1-sinfdan 3-sinfgacha nemis tilini o‘qitdim, bu yil ingliz tili o‘qituvchisi kelganini eshitib ayrim ota-onalar nemis tilini rad etishyapti. O‘tgan yillari men bu sinflar bilan astoydil ishlagan edim. Mehnatim zoye ketganiga achindim, ammo tortishmadim. O‘sha sinflarga yangi o‘quv yilidan ingliz tili o‘qitila boshlandi, ammo bolalarning o‘zlari nemis tilini o‘rganishni xohlashadi.
Hoshim HAKIMOV, Kitob tumanidagi 79-maktab o‘qituvchisi
— Nemis tili o‘qituvchilari ingliz tilidan dars berish uchun qayta tayyorlovda o‘qib kelishyapti. Hech bir mutaxassis olti oyda ingliz tilini saboq berish darajasida o‘rgana olishiga ko‘zim etmaydi. Natijada bilimsiz, dars berishni eplolmaydigan o‘qituvchilar ko‘payadi.
Shohrux ABDURAIMOV, filolog
— Bu zamon talabi. Ingliz tilining ahamiyati yuqori bo‘lgani uchun ko‘pchilik bolasi ingliz tilini o‘rganishini xohlaydi. Ammo nemis yoki fransuz tilini mukammal o‘rganganlar doim yutgan.
Tohira SHOKIRXONOVNA
— Ingliz tili nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda xalqaro til maqomiga ega. Xalqaro tashkilotlar, universitetlar ingliz tilida faoliyat olib borishni ma’qul deb bilyaptilar. Sababi oddiy: ingliz tili allaqachon ko‘pgina davlatlarning rasmiy yoki ikkinchi tiliga aylangan. IELTSdan 7 ball to‘plagan shaxsni dunyodagi eng nufuzli kompaniyalar yuqori maosh bilan ishga taklif qilmoqda. Qolaversa, nodir adabiyotlarni ingliz tilida bemalol topa olasiz.
Barno NURIDDINOVA, Uychi tumanidagi 18-maktab o‘qituvchisi
— Maktabimizda bir nemis tili o‘qituvchisi qayta tayyorlovdan o‘tib, ingliz tilidan dars bera boshladi. U tinimsiz o‘z ustida ishlab, 1-toifaga ko‘tarildi. Demak, intilgan o‘qituvchi ingliz tili bo‘yicha ham yaxshi mutaxassis bo‘la oladi. Bu yil maktabimizda yana nemis tili o‘qitila boshladi. 1-sinflarning yarmi nemis, yarmi ingliz tilini o‘rganishyapti. Ayrim ota-onalar farzandi ingliz tilidan ko‘ra nemis tilini o‘rganishini xohlashadi. Sababi, nemis tilini o‘rganish ingliz tiliga nisbatan oson. Ingliz tili biroz murakkab. Shu sabab 1-sinfdan nemis tilini o‘rganib, 3-sinfdan xohishga ko‘ra ingliz tilini qo‘shimcha tarzda o‘rganish ham foydadan xoli emas. Chet tillarni bilish o‘quvchiga ortiqchalik qilmaydi. Xoh u nemis tili, xoh fransuz, xoh sharq tillari bo‘lsin, bunday mutaxassisga bugun ham, ertaga ham albatta, ehtiyoj bo‘ladi. Shunday ekan, faqat biryoqlama qarashdan saqlanaylik.
Zilola MADATOVA tayyorladi.