Turkiy kengash doirasidagi hamkorlikdan manfaatdormiz
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2009-yilning 3-oktabr kuni imzolangan “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan Bitimini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisida tasdiqlandi.
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turk dunyosi mamlakatlari muloqoti va hamkorligini rivojlantirish uchun tashkil etilgan xalqaro platformadir. Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, faoliyatining asosi turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik va qo‘shnichilikni mustahkamlash, hududda va jahonda tinchlikni saqlash, xavfsizlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan.
2009-yilning 3-oktabrida Ozarboyjonning Naxichevan shahrida Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan iborat to‘rt davlat ishtirokida Turkiyzabon davlatlarning hamkorlik kengashi tuzilgani e’lon qilingan bo‘lib, uning faoliyati prinsiplari 2016-yil 16-sentabrdagi Istanbul deklaratsiyasida e’lon qilingan. Birinchi bosqichda Turk Kengashiga Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo bo‘lib kirgan. Vengriya tashkilotda kuzatuvchi mamlakat sanaladi.
Ushbu kelishuvdan keyin turkiy tilli davlatlar manfaatini birlashtiruvchi jiddiy tashkilot paydo bo‘ldi. Endi bu xalqaro tashkilotga aylandi. Dastlab 1992-yildan Turkiy tilli davlatlar sammiti o‘tkazila boshlangan edi. Kengashni tashkil etish tashabbuskori Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev hisoblanadi. Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammiti 2010- yildan boshlab 2015-yilgacha har yili o‘tkazib kelingan. 2015-yili sammitni o‘tkazish navbati Qirg‘izistonga kelgan edi. Biroq bu davrga kelib Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi prezidenti Almazbek Atambayev Turkiya va Qozog‘iston bilan aloqalarni sovuqlashtirgani natijasida bu sammit o‘tkazilmay qolgan edi.
E’tirof etish kerak, tashkilotning o‘z kotibiyati va hamkorlikka oid kerakli hujjatlari bor. Ushbu kengash siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniyat va sportga oid barcha masalada hamkorlik qilishni nazarda tutadi. Tashkilot tarkibi turkiy tilli davlatlarning rahbarlari kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Katta mansabdor shaxslari qo‘mitasi, Oqsoqollari kengashi va Bokudagi Parlament assambleyasi, Nur-Sultonda Turk akademiyasi, Anqarada turk madaniyati xalqaro tashkiloti (TURKSOY) va Kotibiyatdan tashkil topgan. Kotibiyat Istanbul shahrida joylashgan. Turk kengashi yaqinda Budapeshtda o‘z vakolatxonasini ochishni rejalashtiryapti. 2019-yilning may oyida esa qo‘shma turk savdo-sanoat palatasi ta’sis etildi. Yaqin vaqtlarda Turk investitsiya forumi o‘z faoliyatini boshlashi kutilmoqda.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 2018-yilning 29-30-aprel — 1-may kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lish va sentabr oyida Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida o‘tadigan navbatdagi sammitda ishtirok etishni taklif qilgan edi. 2018-yilning 3-sentabr kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda Prezident Shavkat Mirziyoyev birinchi marta O‘zbekiston nomidan faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi. Dunyodagi turkiy tilli 6 davlatdan biri bo‘lgan O‘zbekiston rahbariyati 2018-yilgacha Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitlaridan birortasida ishtirok etgan emas.
O‘zbekiston rahbari sammitda so‘zlagan nutqida xalqlarimizni o‘xshash til, mushtarak ma’naviy qadriyatlar va hamkorlik rishtalari bir-biriga bog‘lab kelayotgani, bugungi kunda Kengashning siyosiy kun tartibida hech bir muammo yoki kelishmovchilik mavjud emasligini qayd etdi. “Mamlakatlarimiz dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarda o‘zaro mos yoki yaqin qarash va yondashuvlarga amal qilib kelmoqda. Ayni vaqtda xalqlarimizning hayotiy manfaatlariga to‘la javob beradigan iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, transport va kommunikatsiya, turizm, ilm-fan va ta’lim kabi sohalarda o‘zaro hamkorlik faol rivojlanmoqda”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Darhaqiqat, mamlakatimiz Prezidentining siyosiy irodasi, ochiq va amaliy tashqi siyosati natijasida Markaziy Osiyoda vaziyat o‘zgardi, mintaqa davlatlari o‘rtasida do‘stona aloqalar mustahkamlandi. O‘zbekiston rahbarining Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Ozarboyjon prezidentlari bilan uchrashuv va muloqotlari samarasida turli sohalardagi hamkorlik yanada rivojlandi. O‘zbekistonning Turkiy kengashga a’zo davlatlar bilan o‘zaro savdo hajmi oxirgi bir yilda 40 foizdan ziyod oshdi.
O‘zbekiston Prezidenti bu ko‘rsatkichlardan ancha yuqori marralarga erishish mumkinligini ta’kidlab, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasidagi aloqalarni rivojlantirishga doir muhim yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi. Bular, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, yetakchi sanoat korxonalari, bank-moliya institutlari va tadbirkorlik tuzilmalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kuchaytirishdan iborat. Transport yo‘nalishlarining integratsiyalashgan tarmog‘ini yaratish, dunyo va mintaqadagi asosiy bozorlarga chiqish masalasi ham manfaatlarimizga mos keladi. Mamlakatlarni innovatsion asosda rivojlantirish, bu sohaga mas’ul bo‘lgan idoralar, ilmiy-tadqiqot markazlari va venchur kompaniyalar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish ham eng zarur yo‘nalishlardan. Turizmni rivojlantirish bo‘yicha ulkan imkoniyatlar, madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamligi ham xalqlarni yanada yaqinlashtirishini ta’kidlash o‘rinli. Shu nuqtayi nazardan O‘zbekiston Prezidentining Cho‘lponotadagi uchrashuvda qadimiy Xivani tashkilot poytaxtiga aylantirish taklifi e’tiborga molik.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar, avvalo, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni izchil rivojlantirayotgani, ushbu xalqaro tuzilmaning kelajagiga katta umid va ishonch bilan qarayotganidan dalolat beradi.
“Turkiy kengash doirasida o‘zaro samarali hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz. Hozirgi bosqichda uning faoliyatida mamlakatimiz uchun amaliy jihatdan qiziqish uyg‘otadigan yo‘nalishlar bo‘yicha ishtirok etishga tayyormiz”, degan edi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.
Qirg‘izistonning 2017-yil kuzida saylangan Prezidenti Sooronbay Jeyenbekov Turkiy tilli davlatlar sammitini 2018-yilning 3-sentabrida o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni 21-iyun kuni imzolagan. Mazkur sammitning o‘tkazilishi o‘shanda Qirg‘iziston uchun Turkiya va Qozog‘iston bilan aloqalarning yaxshilanayotganini anglatgan edi.
Qolaversa, o‘shanda Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeyenbekov O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashida ishtirok etish niyatini yuqori baholagan edi. Qirg‘iziston Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bu qadam Turkiy kengashning kengayishi va uning xalqaro maydondagi nufuzi oshishi uchun yaxshi sharoit yaratadi, tashkilotga yangi nafas beradi hamda ko‘plab yangilanishlar manbayiga aylanadi. U mazkur sammit turkiy tilli davlatlarning ko‘p asrlik do‘stligini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishiga va uning tarixida yangi sahifa ochishiga ishonch bildirdi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar kengashiga qo‘shilishi Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temir yo‘li qurilishining tezroq boshlanishiga turtki bo‘ladi.
Boshqa a’zo davlatlar ham O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turk kengashi)ga a’zo bo‘lib kirishini qo‘llab-quvvatladi. Ular qatorida Qozog‘iston, Turkiya va Ozarboyjon davlatlari bor. Ozarboyjon tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonning 2019-yil 14-sentabrga to‘g‘ri kelgan Naxichevan kelishuvi ratifikatsiyasini yakunlashi turkiy tilli davlatlar birdamligini mustahkamlashda navbatdagi muhim voqea bo‘lganini e’tirof etdi. “O‘zbekiston Respublikasining Turk kengashida o‘zini taqdim etish qarori bizning ko‘p asrlik chuqur ildizlarga asoslangan madaniy va tarixiy qardoshligimizni yanada rivojlantirish, zamon talablariga muvofiq turkiy tilli davlatlar manfaati, farovonligi nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonning Turk kengashiga qo‘shilishi haqidagi tarixiy qarorning Naxichevan kelishuvi imzolanishining 10 yillik sanasiga to‘g‘ri kelishida Ozarboyjon Respublikasi uchun alohida ramziy ma’no bor. Shu yilning 15-oktabr kuni Bokuda bo‘lib o‘tadigan Turk kengashining 7-sammitida Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi qardosh O‘zbekiston delegatsiyasini qarshi olish ko‘ngilli xushxabar va ulkan sharafdir”, deyiladi Ozarboyjon tashqi ishlar vazirligining bayonotida.
Abduvali SOYIBNAZAROV, siyosiy sharhlovchi