“Biz uchun uyingizdan jilmay qo‘ya qoling, ota-ona!”
“Yerga qarab yur, qanday balo eding”, deb qoldi sayrga chiqqan bo‘lajak kuyovto‘ra! “Men-ku yerga qarab yurarman, ammo siz — kimsan falonchi boyvachcha yigit shumraygan qizga uylanibdi, degan gapga qolmang, deyman-da, begim”, deya “obro‘ yacheykasi”ni qitiqlab qo‘ydim, to‘ygacha faqat taklifnoma uchun ismimni so‘ragan yorimga. Atrofga alang-jalang qilgan bo‘lsam kerak-da, toqqimni munchoqlari yuzimga urilgandek bo‘ldi-ya! Ishqilib yashab ketay-da, yorimni sokinligidan portlab ketay derdim o‘sha paytlar.
Ha, men hatto kelinlik davrlarimda ham mo‘mingina, xokisorgina bo‘lmagan Mohlaroyimman! Tinib-tinchimasligim Xudoyimga ham yoqib qoldi, shekilli, hayot yo‘lim turfa ranglardan iborat bo‘ldi! Ko‘p hollarda ishimga taksiga ham qanoat qilmay, piyoda ketib qolaman. Maktabim yo‘li tor ko‘chalardan iborat bo‘lgandan keyin yayov yurish afzal-da. Keyin buning ham ilojini qildim — o‘zimdan ko‘p va xo‘p uzoq bo‘lgan joydan ish oldim. Arosatda emasman-da, aniq taksida ketaman, piyoda yeta olmayman, ilgari yetib qo‘yardim. Qishloqqa borib-kelish maza ekan. Bolaning yig‘isi, kelinlarning nolishi, xotinlarning bekorchi erlaridan hasratlari, kampirlarning choli tashab ketgani, xullas, hamma-hammasidan xabardorman. Butun dunyo hasratlarini miyamda jam qilib, darsga ham kiraman. Shuncha ma’lumotga ega mendan a’lo ustoz bo‘lmasa kerak. Qaysi tarvuz yoki qovun yaxshi pishgani-yu, qaysi mayizning ranglangani yoki o‘zi qora ekanligigacha o‘rganib oldim. Ha, kasbimni aytibman-da, fanimni aytmabman. Hammaga chet tili o‘qituvchisiman deyman-u, siz menga yoqib qoldingiz, rostini aytay, sho‘ring qurg‘ur nemis tili ustoziman.
Bir hamkasbim savol berib qoldi: haligi nemis tili o‘lik tillar guruhiga kiradimi? “Albatta, men o‘sha yoqdan kelgan alvastiman”, deya bo‘g‘ib qo‘ygim keldi uni. Boshlang‘ich sinfga kirsam, yayrab ketaman. Birgalikda kuylaymiz: “Aram zam-zam, o guli — guli” nima deyotganimizning ahamiyati yo‘q. Har zamon o‘quvchilarim “ustoz, ingliz tilini qachon o‘tamiz, nemis tili tugadimi?” deyishadi, “ozgina nemischa o‘tamiz keyin inglizchalashamiz” deb aldab qo‘ygandan keyin shu savol beriladi-da.
Yangi o‘quv yilini ham boshlab oldik. Bir shoira opamiz yozgan edilar:
Turfa xil kiyindim kimdir sevsin deb,
Mehrlar beribman menga kelsin deb,..
Shu satrlarga doim amal qilaman. Fanimiz ta’limda “titrab” turgandan keyin, har amalni ishga solib ko‘ramizda. O‘quvchilarimga ustozi yanada jozibali ko‘rinib, fanimga ham jilo berishini ko‘zladimmi, salonga kirdim. Kiprik, qoshim, sochim, yuz teri qismim, ko‘z qorachig‘im sun’iyligi yetmagandek, qovoqning ham sun’iyi chiqibdi, shahlo ko‘zlikkina bo‘lib chiqdim salondan. Hech bo‘lmasa, ikki kun bolalar yonimdan yugurib o‘tmasligi kerak, falon so‘mga sotib oldim husnimni.
Rahbarim chaqirib qoldilar. Men va “ingliz” hamkasbim sipo bo‘lib o‘tiribmiz. Darslar bo‘lindimi, so‘radi u? “Ingliz” ustoz: menga 28 soat ham bo‘ladi, kamina... Barmoqlarimni qisirlatganim o‘zimga eshitildi. Rahbar: Nemis o‘qiydigan sinfing bitirib ketdi-ya, afsus…menga hamdard bo‘ldi chin dildan. 1-sinfimizga o‘t tushdimi, ustozim nemis tilini davom ettirsa, daydi xayollar fikratimni yalab o‘tdi. O‘g‘ilcham oftobani necha marta to‘ldirib qo‘ysam ham, ag‘darib zavqlanadi. Nega bunday qilasan desam, qiqir-qiqir kuladi. O‘sha oftobaning ahvolida ko‘rib ketdim o‘zimni. 4 yil o‘qib kelishimga qaramasdan ilmimni oftobadagi suv kabi to‘kib tashlab zavq olishyapti go‘yo. Sizga jiddiy yozay deb qalam olsam, kech bo‘lib qolibdi. Uyim ham qurg‘ur to‘yxonaning yonida, yor-yorlar boshlanib ketdi, o‘ynab ketaman, holimga men emas maymunlar yig‘lasin deb. Hali to‘y tugab og‘aynilarning hammasini jo‘nataylik. Bu kulgi ostidagi biz nemis tili ustozlari ahvoloti sababkori faqat rahbarim yoki ota-ona ko‘rinib ketadi va ularga olako‘z bilan qarab qiynalib ketdim. Hasad yomon narsa ekan. Buning ham ilojini qildim. “Ingliz tili o‘t” deb kelgan ota-onalarni intizor kuta boshladim. Rahbarim yig‘ilishlarini, e-e-e, borsin, tanqidlarini ham sog‘ina boshladim. Salbiy xususiyatlaridan-da hikmat izladim. Axir hamma narsani muhabbat kuchi bilan yengish mumkin. A, nima deysiz?!
Marhabo SATTOROVA, Nurota tumanidagi 54-maktab o‘qituvchisi