Maktab direktori nega jazolandi?
Xalq ta’limi vazirligi diqqatiga!
Gazetamizning shu yil 11-sentabr sonida “O‘ttizinchi” o‘gaymi? Yoki kichik maktabning katta muammosi” nomli maqola e’lon qilingan, unda Norin tumanidagi 30-maktabning 305 o‘rinli bir qavatli o‘quv binosida bor-yo‘g‘i 9 ta sinfxona mavjudligi bois darslar ikki smenada tashkil etilayotgani tanqid qilingan edi.
Kuni kecha tahririyatga Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i V.Rajapov imzosi bilan javob xati keldi. Quyida uni o‘zgarishsiz e’tiboringizga havola etyapmiz:
“Ma’rifat” gazetasining 2019-yil 14-sentabr kungi sonida “O‘ttizinchi o‘gaymi? Yoki kichik maktabning katta muammosi” sarlavhasi ostida tanqidiy maqola chop etilib, unda Norin tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli tumanning “Qo‘rg‘oncha” mahalla fuqarolar yig‘ini Istiqlol ko‘chasida joylashgan 30-umumta’lim maktabida ta’lim-tarbiya jarayonlarini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yetarli emasligi, maktabni yangi o‘quv yiliga mukammal tayyorlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmaganligi tanqid qilingan.
Mazkur holat viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish jarayonida maqolada keltirilgan aksariyat holatlar o‘z tasdig‘ini topib, ularni bartaraf etish borasida zarur chora-tadbirlar belgilandi.
303 nafar o‘quvchi ta’lim olayotgan maktabda yetarli darajada o‘quv, fan va laboratoriya xonalari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar uchun faollar zali, oshxona tashkil etish, ularni zamon talablari darajasida jihozlash, o‘qituvchilarning namunali faoliyat olib borishi va o‘quvchilarning saboq olishlari uchun zarur shart-sharoit va qulayliklarni yaratish borasida amaliy faoliyatga kirishildi.
Xususan, bu maqsadlar uchun Norin tumani hokimligi tomonidan mahalliy budjetdan 60 million so‘m, homiylik mablag‘lari hisobidan 20 million so‘m ajratilib, amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Mazkur maktabdagi kamchilik va muammolarni bartaraf etish hamda ilm maskanining faoliyati viloyat xalq ta’limi boshqarmasining doimiy e’tiborida bo‘ladi.
Amalga oshirilayotgan ishlar aks etgan fotolavhalar ilova qilinadi.”
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi rahbarining maqolaga tezkor munosabati, kamchiliklarni zudlik bilan o‘rgangani bizni mamnun etdi. Ammo Xalq ta’limi vazirligiga yuborilgan javob xatida bayon etilishicha, yuqoridagi kamchiliklarga maktab direktori H.Karimova aybdor deb topilib, ta’lim muassasasini yangi o‘quv yiliga tayyorlashda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun viloyat xalq ta’limi boshqarmasining 2019-yil 17-sentabrdagi 74-sonli buyrug‘i bilan navbatdagi intizomiy jazoga tortilgani bizni hayron qoldirdi.
Vaholanki, maqolada ko‘tarilgan muammoni bartaraf etish, nafaqat maktab direktori, balki viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vakolati doirasidagi ish emas. Shu ma’noda maktabga tuman hokimining tashrif buyurgani va mahalliy budjetdan zarur mablag‘ ajratilgani quvonarli. Biroq nima uchun maqola ortidan boshqarma boshlig‘i maktab direktoriga intizomiy jazo qo‘lladi?
Shu o‘rinda javob xatiga ilova qilingan maktab direktori H.Karimovaning tushuntirish xatiga ham e’tiboringizni qaratamiz:
“2019-2020-o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan maktab homiylar yordamida ta’mirlangan.
Maktabda 10 ta sinfxona bo‘lib, shundan 2008-yildagi kapital ta’mir vaqtida yuqori sinflar o‘qiydigan 6 ta xona remont qilinib, eshiklar almashtirilgan. Lekin boshlang‘ich sinflar o‘qiydigan 4 ta sinfxona ta’mirlanmagani sababli eshiklari almashtirilmagan. Shu sababli eskirgan, yaroqlilik muddati o‘tgan boshlang‘ich sinf xonalaridagi partalar ham eskirib ketgan.
Sport zali devorini ta’mirdan chiqardik. Lekin pol qismiga bo‘yoq yetkaza olmay qoldik.
Keyingi faoliyatimda bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymayman.”
Qadrli mutasaddilar, boshqarma xodimlari, o‘zingiz insof bilan ayting-chi, bu yerda maktab direktorining birorta aybi bormi? Yuqoridagi vazifalar aslida hokimlik zimmasidagi ish emasmi? Nahotki, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘z qo‘l ostidagi mutaxassisni shu tarzda himoya qilsa? O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari xalq ta’limi muassasalarini qo‘llab-quvvatlash va ularning infratuzilmasini rivojlantirish masalasida har tomonlama ko‘maklashadi.
Shuningdek, xalq ta’limi muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta’mirlash, ularga tutash hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani (trotuar, yo‘llar va boshqalar) zarur holatda saqlash bo‘yicha buyurtmachi funksiyasini amalga oshirish, tuman (shahar) kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektor rahbarlari bilan birgalikda xalq ta’limi muassasalarini o‘quv yiliga va kuz-qish mavsumiga o‘z vaqtida va samarali tayyorlash tadbirlarini amalga oshirish, muammolarni tez hal qilish bo‘yicha choralar ko‘rilishini tashkil etish uchun shaxsan javob beradi.
Shunday ekan, direktorni vakolatiga kirmaydigan ishni bajarmaganlikda ayblab, jazolash adolatdanmi?
TAHRIRIYAT