Malaka toifa sertifikati buyurtmanomaga asosan beriladi
Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan, gazetamizning “Telegram”dagi “Ma’rifat mushtariylari” guruhida ko‘plab o‘qituvchilar attestatsiyadan o‘tganiga ikki-uch oy bo‘lganiga qaramay, eski malaka toifasi bo‘yicha haq olayotgani muhokama mavzusiga aylandi. Bunda ayrimlar malaka sertifikati o‘z vaqtida yetib kelmagani uchun Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasini ayblagan. Ko‘p sonli pedagog mushtariylarning talab va takliflariga binoan masalaga oydinlik kiritish maqsadida quyida Inspeksiya mas’ul xodimining maqolasi e’tiboringizga havola etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi pedagoglarga oliy va birinchi malaka toifasi sertifikatining o‘z vaqtida berilishi yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:
Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 392-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan amalga oshiriladi.
Mazkur hujjatga asosan attestatsiya ikki bosqichda o‘tkaziladi:
birinchi bosqichda attestatsiyadan o‘tuvchilarning o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovi natijalari, dars o‘tish mahorati va mehnati samaradorligi ekspert guruhi tomonidan o‘rganiladi hamda tegishli tavsiyalar tayyorlanadi;
ikkinchi bosqichda attestatsiya komissiyalari ekspert guruhi tomonidan o‘rganilgan birinchi bosqich natijalarini tahlil qiladi, attestatsiya jarayonida to‘plangan hujjatlar jamlanmasini (portfoliosini) o‘rganadi va pedagog kadrni malaka toifasida (lavozimida) qoldirish yoki boshqa toifa (lavozim) berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Mazkur nizomning 29-bandida “oliy, birinchi va ikkinchi malaka toifali pedagog kadrlarga sertifikatlar olish uchun Davlat inspeksiyasiga buyurtmanoma berish hamda attestatsiya o‘tkazilgandan so‘ng bir oy muddatda pedagog kadrlarni sertifikatlar bilan ta’minlash” vazifalari belgilangan.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Xalq ta’limi vazirligi hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamkorligida 2019-yil 27-fevralda “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasida oliy malaka toifasiga talabgor pedagog kadrlar attestatsiyasini o‘tkazish bo‘yicha attestatsiya komissiyalari tarkibini tasdiqlash haqida” 10/5-sonli qo‘shma qaror tasdiqlangan. Ushbu qaror bilan tasdiqlangan attestatsiya komissiyalariga oliy, birinchi va ikkinchi malaka toifali pedagog kadrlarga sertifikatlar olish uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga buyurtmanoma berish hamda attestatsiya o‘tkazilgandan so‘ng bir oy muddatda pedagog kadrlarni sertifikatlar bilan ta’minlash vazifalari yuklatilgan.
Shu sababli o‘qituvchilarning dars o‘tish mahorati, mehnati samaradorligi va malaka (test) sinovlari bo‘yicha olgan ballar asosida tegishli qaror qabul qilingandan so‘ng xalq ta’limi boshqarmalarida tuzilgan attestatsiya komissiyalari tomonidan Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga berilgan buyurtmanoma asosida sertifikatlar taqdim etiladi.
Hozirgi kunga qadar jami 5137 nafar (Sirdaryo viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga 249 nafar, Navoiy viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga 1333 nafar, Qashqadaryo viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga 1580 nafar, Toshkent viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga 545 nafar, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasiga 634 nafar, akademik litsey, kasb-hunar kollejlarining 796 nafar) pedagog uchun sertifikatlar Inspeksiya tomonidan tarqatilgan.
Afsuski, bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan, ayrim hududiy xalq ta’limi boshqarmalari attestatsiya komissiyalari tomonidan sertifikatlarga buyurtmalar taqdim etilmaganligi sababli sertifikat o‘z muddatida tarqatilmasdan qolmoqda.
Safarali HAMROYEV, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i