Ustozimizdek bo‘lamiz!
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev hali O‘zbekiston Respublikasining muvaqqat prezidenti va Bosh vaziri bo‘lib turgan vaqtidayoq “Yoshlar siyosati haqida”gi qonunni imzolagan edi. Bu bejiz emas. O‘zbekistondagi mehnatga layoqatli aholining katta qismini yoshlar tashkil qiladi. Respublikada har yili 560 ming yosh kasb-hunar kollejlari, akademik litseylarni bitiradi. 70 mingga yaqin yoshlar oliy ma’lumot olib, mehnat jamoalariga qo‘shiladi.
Samarqand viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi tashkil etilganiga endigina ikki yil to‘ldi. Ammo o‘tgan shu qisqa fursatda viloyat aholisining turmush tarzini yaxshilash, yashash sharoitlarini yanada qulaylashtirish borasida sezilarli yutuqlarga erishildi. Ko‘p qavatli uy-joylar ta’mirlandi, ichimlik suvi va oqava suvlarining quvurlari yangilandi. Samarqand shahridagi ko‘p qavatli 72 ta uyning lifti yangilandi, ko‘chalar asfaltlandi. Ammo boshqarmaning eng katta yutug‘i — jamoada yoshlarning ko‘pligi va o‘z ishiga muhabbati balandligi.
Boshqarmada 30 yoshgacha bo‘lgan 28 yigit-qiz ishlaydi. Yosh bo‘lishiga qaramasdan, ularning ba’zilari bo‘lim boshlig‘i, ko‘pi bosh mutaxassis lavozimida mehnat qilyapti. Masalan, Ilhomjon Sa’dullayev boshqarmaning Oqdaryo, Shohrux Qilichev Ishtixon tuman bo‘limini boshqarmoqda.
Boshqarma boshlig‘i Rustam Sattorov aynan Prezidentimiz ta’kidlaganidek, yoshlarni yuksak ma’naviyatli, qat’iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarashga ega, fidoyi va vatanparvar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiq etib tarbiyalashni o‘z oldiga maqsad qilgan. U yoshlar haqida gapirganida bir gapni tez-tez takrorlashni yaxshi ko‘radi:
— Men shogirdlarimdan bo‘lim boshliqlari emas, hokimlar chiqaraman!
Rostdan ham Rustam Sattorov yoshlar bilan alohida dastur asosida ishlaydi, ularga jiddiy e’tibor qaratadi. Tez-tez suhbatlashib, ularning mustaqil, tashabbuskor bo‘lishlari lozimligini doimo ta’kidlaydi.
— Dunyoda hech kim tanqid ham qilmaydigan, hech kim maqtamaydigan, bor-yo‘qligi bilinmaydigan, ishga kelib-ketib yuradigan odamlar juda ko‘p. Bu o‘rtamiyonalar hech qachon biror tashabbus ham ko‘rsatmaydi, biror xato ham qilmaydi, — deydi Rustam Sattorov. — Sizlar ulardan o‘rnak olmang. Ertaga bunaqa odamlar ishga kelmay qolsa ham, hatto dunyodan o‘tib ketsa ham birov bilmay qolishi mumkin. Sizlarning ishxonada ham, jamiyatda ham o‘z o‘rningiz bo‘lsin! Ovozingiz jaranglab, borligingiz bilinib tursin! Bir kun kelmasangiz, kelmaganingizni hamma bilsin! Har kuni o‘zingizga “Men bugun nima qildim, nimalar qilishim mumkin edi, nimalarni qilishga ulgurmadim?” degan savollarni berib turing. Doimo yangilik axtaring va yangilik yarating. Suv ham bir joyda tursa, ayniydi. Siz aslo bir joyda turib qolmang. Doim izlaning, bilimingizni oshiring, o‘zingizni tarbiyalab, komillikka intiling. Bu yo‘lda sizga eng yaxshi ko‘makchi kitoblar bo‘ladi. Doim kitob o‘qishni odat qiling.
O‘zi ham tinimsiz badiiy adabiyot mutolaa qiladigan Rustam Sattorov shogirdlarini ham adabiyotga qiziqtirib qo‘ygan. Boshqarmada taniqli shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar, yoshlarning “Samarqand kitob olami”ga tashrifi muntazam yo‘lga qo‘yilgan.
Yaqinda Rustam Sattorov tashabbusi bilan boshqarmada “Yoshlar kutubxonasi” tashkil etildi. Boshliq o‘z shaxsiy kutubxonasidan keltirgan 60 ta kitob yoniga yoshlar ham kitob do‘konidan olib kelgan kitoblarini terib qo‘ydilar.
Rustam Sattorov yoshlarga ustozlari haqida gapirib berishni yaxshi ko‘radi. Yaqinda uning ustozlari boshqarmaga kelib, yoshlarga o‘z hayot yo‘li va boy tajribasi haqida hikoya qilib berdi.
Boshqarma yoshlari tashabbusi bilan Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Suvni asrang!” aksiyasi, ayniqsa, katta samara berdi. Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda tashkil etilgan aksiya davomida 500 nafardan ortiq yigit-qiz Samarqand shahridagi deyarli barcha xonadonlarda bo‘lib, suvning qadr-qimmati, uni asrash lozimligi haqida tushuntirish ishlari olib borishdi. Suv jihozlari nazoratdan o‘tkazilib, buzuqlari tuzatildi yoki yangisiga almashtirildi. Ichimlik suvidan noqonuniy foydalanayotganlarga nisbatan choralar ko‘rildi. Aksiya natijasida Samarqand shahrida bir kunda 20000 kubometrdan ortiq suv va uni ishlab chiqarishga sarflanadigan elektr energiyasi tejaldi. Eng muhimi, ichimlik suvidan mahrum chekka hududlar, ko‘p qavatli uylarning yuqori qavatlariga ham o‘sha kuni toza ichimlik suvi yetib bordi. Xuddi shunday aksiyalar viloyatning boshqa shaharlarida ham o‘tkazildi. Respublika uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bu aksiyani qo‘llab-quvvatlab, uni mamlakatimiz bo‘ylab ommalashtirishga qaror qildi.
Samarqand viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi yoshlari tashabbusi bilan “Tozalik dunyoni qutqaradi!” shiori ostida o‘tgan aksiyada Samarqand shahridagi ko‘chalar, mahallalar, do‘konlar va garajlar atrofida yig‘ilib qolgan chiqindilar to‘planib, chiqarib tashlandi hamda aholi o‘rtasida tozalik, saranjom-sarishtalikni targ‘ib etuvchi suhbatlar o‘tkazildi.
Sentabr avvalida shahardagi Bog‘ibaland anjirzorida o‘tkazilgan “Anjir sayli”da ham boshqarma yoshlari mezbon maqomida xizmat qilib, sayilga tashrif buyurgan 300 dan ortiq mehmonni kutib olish va kuzatish ishlariga bosh-qosh bo‘ldi.
Samarqand viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi yoshlari 1-oktabr — “O‘qituvchi va murabbiylar kuni”ni munosib nishonlash uchun tayyorgarlikni boshlab yubordi. Ular har hafta boy hayotiy tajribaga ega ustozlar, el nazaridagi ijodkorlar, sohada murabbiylik maqomiga erishgan tajribali mutaxassislar bilan uchrashuvlar tashkil qilish rejasini tuzib qo‘ydi.
— Bu yilgi bayramni “Ustozimizdek bo‘lamiz!” shiori ostida nishonlamoqchimiz, — deydi boshqarma yoshlari yetakchisi Mirvohid Hamidov. — Ustozimiz Rustam Sattorov mehribon ustoz bo‘lishi bilan birga hamisha ustozlarini qattiq hurmat qiladi. Ularga ehtirom ko‘rsatadi. Hamisha ular bilan faxrlanadi. Biz ham ustozimizdek bo‘lishga, u kishining duosini olib, elda qadr topishga intilamiz.
Karimberdi TO‘RAMUROD