“Qariganda ko‘chada qoldim-ku, bolam!” — deydi buxorolik faxriy o‘qituvchi, II guruh nogironi Sa’din Qurbonov
Buxoro viloyat hokimligi diqqatiga!
Sa’din domla Qurbonovning tahririyatimizga yo‘llagan arznomasida ta’kidlanishicha, u oz emas, ko‘p emas, 36 yil Buxoro davlat universitetida kimyo-biologiya fanlaridan bo‘lg‘usi muallimlarga saboq bergan. Bugungi kunga kelib esa, ikkinchi guruh nogironi ekani, turmush o‘rtog‘i va yolg‘iz farzandi vafot etgani haqida kuyunib yozgan.
2006-yildan buyon uy-joyi yo‘qligi sababli duch kelgan joyda yashayotganini, mutasaddi tashkilotlarga uy so‘rab yo‘llagan murojaatlari javobsiz qolayotganini ta’kidlagan. Ayni paytda savobtalab insonlardan biri — Amin Jo‘rayev muruvvat ko‘rsatayotganini, biror-bir manzilda ro‘yxatda turmagani bois profilaktika inspektorlari uni jarimaga tortganini ham bildirgan.
Sa’din Qurbonov uysiz qolgunga qadar uyli edi. Buxoro shahridagi O‘zbekiston ko‘chasi 82-uy 91-xonadonda yashardi. Domla yashayotgan ana shu ikki xonali uyni “qadrdon do‘st”lari u tushkunlikka tushgan, oilasi va farzandidan ayrilgan, g‘am-g‘ussaga botgan kezlari vaziyatdan unumli foydalanib, uy hujjatlarini qo‘lga kiritib sotib yubordi. Afsuski, buni domla bugun isbotlay olmaydi. Nega deganda Sa’din Qurbonovda o‘ttiz yil ilgarigidek kuch-quvvat yo‘q. U bugungi kunda o‘zgalar yordamiga muhtoj.
Biz dastlab domla yashayotgan xonadonda bo‘lib, u kishining holidan xabar oldik. U turgan ta’mirtalab xonaning holatidan ko‘ngil ayniydi. Rosti, bunday og‘ir sharoitda inson yashashi juda mushkul. Nachora, domla boriga shukr qilib, o‘zgalar yordamiga muhtoj bo‘lib kun kechirmoqda.
— Barcha murojaatlarim zoye ketmoqda, — deydi Sa’din domla Qurbonov ko‘ziga yosh olgancha. — Qariganda ko‘chada qoldim-ku, bolam. Qo‘lingdan ish keladigan pallada hammaga kerak ekansan. O‘zgalar yordamiga muhtoj bo‘lib qolgach, hech kim seni so‘roqlamaskan. Bu ko‘rguliklar ham peshonamda bor ekan-da. Qani edi birortagina yaqinim bo‘lsa-da, unikida yashab, oyoq uzatib, omonatimni topshirsam.
Domlaning qiyin ahvolda yashayotgani, bir necha bor mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilgani va murojaatlariga ijobiy javob qaytarilmagani bois Buxoro shahar hokimligida bo‘lib, ba’zi mutasaddi shaxslarga tegishli savollar bilan yuzlandik.
Dastlab Buxoro shahar hokimligining Uy-joylarni hisobga olish va noturarjoylardan foydalanish davlat korxonasi rahbari Jamshid Eshonqulovga yuzlanib, Sa’din Qurbonov haqida so‘radik. U savollarimizga javob berish o‘rniga qaysi buyruq va kimning ko‘rsatmasiga asosan hokimlikka qadam qo‘yganimizni, mutaxassislarga ortiqcha savol berib ularning qimmatli vaqtini olmasligimizni, yozma ravishda rasmiy murojaat qilsakkina javob olishimiz mumkinligini uqtirdi. Aks holda eshikni orqasidan yopib qo‘yishni eslatib o‘tdi...
Hokim o‘rinbosari Asror Hayitov bilan telefon orqali bog‘lana olmadik. Tuman hokimi Karim Kamolovni ham uchratishning iloji bo‘lmadi.
Sa’din Qurbonovning Buxoro shahri Samarqand ko‘chasidagi 23-uyning “snos”dan omon qolgan, bugungi kunda hech kim yashamayotgan bir qismini so‘rab yozgan murojaati haqida shahar hokimligi bosh mutaxassisi Ravshan Saidahmedov shunday dedi:
— Samarqand ko‘chasidagi 23-uyning “snos”dan omon qolgan qismi ham albatta buziladi. Uni hech kimga bera olmaymiz. Bu borada ortiqcha bosh qotirish kerak emas.
Sa’din domla Qurbonovni qiynab kelayotgan uysizlik muammosini hal etish uchun biroz bo‘lsa-da, yordam berolmaganimizdan xijolat tortib ortga qaytar ekanmiz, ko‘kka bo‘y cho‘zgan asriy obidalarga boqib, shunday fikrlar o‘tdi: ilmning qubbasi deya qaralgan ko‘hna va navqiron Buxoroyi sharifda faqat ilm-u urfon yo‘lida xizmat qilgan inson bugungi dorilomon kunlarimizda ko‘chada qolmaydi! Bunga kimdir e’tibor qaratadi!
O‘ylaymizki, tez orada Sa’din domla Qurbonov muammosiga Buxoro shahar hokimligi, qolaversa, Buxoro viloyat hokimligi e’tibor qaratib, keksa o‘qituvchining kemtik ko‘ngliga shodlik ulashiladi. Mavzuga yana qaytamiz.
O‘ktam MEYLIYEV,
“Ma’rifat” muxbiri