Alifboni isloh qilish shart(mi?)
Yan-gi, den-giz, ko‘n-gil (bo‘g‘inga ajratilishi); bulan, qornum; O’zbeksiton, g’oz; hoxlamoq, xarom, buxton kabi so‘zlar yozilishidagi imloviy xatoliklarga duch kelganimda negadir “Shunchalik savodsizlashib qoldikmi? Yoki boshqa sababi bormi?” degan o‘yga cho‘maman. Pedagogik tajribam davomida bu kabi xatolarga ko‘p bor duch keldim. Turli imtihonlarda shu kabi xatolarni belgilayotganimda negadir to‘g‘ri qildimmikan, deb ikkilanib qolaman. Bu “imloviy savodsizlik”ni xato deyishimiz qay darajada to‘g‘ri? Asl muammo qayerda: xalqimiz shunchalik savodsizmi? Yo ona tilini o‘qitish to‘g‘ri tashkillashtirilmayaptimi? Yoki bo‘lmasa, alifbomiz tuzilganda xalqning milliy tovush xususiyatlari va grafik tamoyillar yetarli darajada hisobga olinmaganmikan? Har bir til davlat tili maqomiga ega bo‘lgach, ushbu tilda amalga oshiriladigan ilk islohot milliy alifbo yaratish masalasiga oid bo‘lishi shubhasiz. Bizda-chi? Ona tilimiz davlat tili maqomini qo‘lga kiritganiga qariyb 30 yil to‘lyapti. Ammo hali-hamon xalq yaxlit mukammal alifbodan foydalanmaydi. Xo‘sh, bu hol qachongacha davom etadi?! Yana qancha avlod arosatda yashaydi?!
Alifbo o‘zi nima? U nimaga asoslanib tuziladi?
Jamiyat yakdilligini ta’minlovchi, millat ruhini o‘zida mujassam etuvchi vosita til bo‘lsa, ana shu tilning barqarorligini o‘zida aks ettiruvchi manba — bu alifbodir. Uning istilohiy ma’nosi esa ilmiy adabiyotlarda quyidagicha izohlanadi: Alifbo (arabcha, ﺍ alif va ﺏ be harflaridan kelib chiqqan) ― yozuv shakllari(harf va belgilar)ning ma’lum tartib asosida joylashtirilgan majmuyi. Harf-chi? U o‘zi nima? Harf — fonema(nutq tovushi)ning yozuvdagi ifodasi. Odatda tilda harf va fonemalar soni teng bo‘ladi. Fonemalar bir nutq tovushi bilan ham, aynan bir-biriga yaqin birdan ortiq nutq tovushi bilan ham ifodalanishi mumkin. Masalan, o‘zbekcha so‘zlarda o fonemasi bitta nutq tovushi bilan ifodalanadi, i fonemasi esa nutqda qisqa (qirq, bilan) yoki cho‘ziq (mashina, hamisha) nutq tovushlari bilan ifodalanishi ham mumkin. Alifbo og‘zaki nutqda yaqqol ajralib turadigan nutq tovushlari (fonemalar) asosida tuzilgan bo‘lishi, bir-biriga juda yaqin talaffuz qilinadigan tovushlar o‘zaro bitta harf bilan ifodalanishi maqsadga muvofiq. Ammo dunyo xalqlarining alifbo yaratish tajribasini kuzatsak, har doim ham bu me’yorga amal qilinmaganligiga guvoh bo‘lamiz. Masalan, s fonemasi ingliz tili alifbosida s va c harflari bilan, arab alifbosida 3 xil harf bilan ifodalanadi. Bu esa til o‘rganuvchilar uchun ortiqcha muammolarni keltirib chiqaradi. Shunday ekan, alifboda bir-biridan deyarli farq qilmaydigan tovushlarning bir harf bilan ifodalanishi har tomonlama maqbul hisoblanadi.
Nega 26 yildan beri lotin alifbosiga to‘liq o‘tilmadi?
Ko‘pchiligimiz “Nega yurtimizda 26 yildan beri lotin alifbosiga to‘liq o‘tilmadi?” degan savolni o‘zimizga berib ko‘rganmiz, albatta. Shuningdek, bu boradagi har xil vajlarni ham eshitganmiz. Kimdir buni avlodlar almashinuviga bog‘laydi. Bu fikr ham qaysidir ma’noda asosli. Ammo asl sabab bu emasligi ham barchamizga ayon. Keling, mustaqil O‘zbekistonda alifbo islohotlariga bir nazar tashlaymiz.
1993-yil 2-sentabrda O‘zbekiston Respublikasining “Lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra alifbo 31 harf va 1 tutuq belgisidan iborat etib belgilandi. 1995-yil 6-mayda ushbu qonunga ham o‘zgartirish kiritilib, alifbodagi Cc (ts) va Ɉɉ (jurnal) belgilari mustaqil harf belgisi sifatida alifbodan chiqarib tashlandi. O‘o‘, G‘g‘, Shsh, Chch va ng harflarining esa ifodalanish shakli o‘zgartirildi. Ammo ko‘p vaqt o‘tmay, ushbu islohotlar tahrir va yozuv jarayonida ko‘plab muammolarni keltirib chiqara boshladi.
Birinchidan, O‘o‘, G‘g‘ harflari yozilishida ikki belgidan foydalanish qator muammolarni keltirib chiqardi. Masalan, O‘o‘ harfini yozish uchun avval O harfini yozib, keyin Alt tugmachasini bosib turgan holda 0145 kodini terish kerak. G‘g‘ harfi-ni yozish ham shunday murakkab jarayonni talab qiladi.
Ikkinchidan, ng belgisi alifboga mustaqil harf birikmasi sifatida kiritilishi, aslida, xato edi. Chunki bunday harfiy birikmalar tilimizda yana uchraydi. Masalan, ng‘ (dong‘i, shang‘illamoq). Ng ham Ng‘ kabi aslida mustaqil fonema emas, u ikki tovushning nutqiy jarayonda o‘zaro qorishib, uyg‘unlashib ketishidir. Bu faqat o‘zbek tiliga xos bo‘lgan hodisa ham emas:
brifing — ingliz tilida. Shunday qilib, yaxlit ng harfi hamda mustaqil n va g harflarini farqlay olish yana bir muammoni keltirib chiqardi. Zero, bu ikki fonologik birikmani farqlash so‘zlarni bo‘g‘inga ajratishda juda muhim ahamiyatga ega. Chunki ular ikki xil bo‘g‘inga ajratiladi: de-ngiz (ng) // men-ga (n va g).
Uchinchidan, Shsh, Chch harf birikmalarini yozish kishidan ortiqcha vaqt sarflashni talab qiladi. Chunki bir tovushni ifodalash uchun ikki belgini bosish kerak. Vaholanki, o‘zbek tili leksikasida Shsh, Chch harflari ishtirok etgan so‘zlar juda ko‘p. Bu hol sun’iy tarzda qiyinchiliklarni yuzaga keltirdi.
Bir so‘z bilan aytganda, o‘shanda hozirgi davr talablariga javob berolmaydigan, ya’ni muntazam yozuv amaliyoti uchun qulay bo‘lmagan alifbo ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy qilingan edi. Bu esa lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek alifbosining amaliyotda faol ommalashishiga to‘sqinlik qildi. Shu bilan birga, alifboni qulaylashtirish uchun davlat va jahon miqyosida dasturiy-texnikaviy ta’minot yaratilmadi. Bu esa jamiyat orasida “Alifboni isloh qilish kerak?” degan dolzarb masalaning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.
Isloh etilib, taklif sifatida keltirilgan yangi lotin alifbosining afzalliklari va kamchiliklari
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida ishchi guruh tuzilib, amaldagi lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek alifbosi muammolari o‘rganib chiqildi hamda yozuv islohoti yuzasidan so‘nggi takliflar e’lon qilindi. Bu taklifga binoan o‘zbek alifbosini quyidagicha o‘zgartirish maqsadga muvofiq deb topilgan (amalda bo‘lgan lotin alifbosidagi variantini qavs ichida berdik):
Aa(Aa), Bb(Bb), Cc(ts), Зз(Chch), Dd(Dd), Ee(Ee), Ff(Ff), Gg(Gg), Ǵǵ(G‘g‘), Hh(Hh), Ii(Ii), Jj(Jj), Kk(Kk), Ll(Ll), Mm(Mn), Nn(Nn), Oo(Oo), Уу(O‘o‘), Pp(Pp), Qq(Qq), Rr(Rr), Ss(Ss), Șș(Shsh), Tt(Tt), Uu(Uu), Vv(Vv), Xx(Xx), Yy(Yy), Zz(Zz), ’ (tutuq belgisi)
Taklif etilgan loyiha bilan amaldagi alifbo o‘rtasida anchagina farqni, yangi variantdagi qulaylikni bilish qiyin emas. Xususan, isloh etilgan alifboda quyidagi afzalliklarni ko‘rishimiz mumkin:
Birinchidan, Ch va Sh harf birikmalari ta’sirida yuzaga kelayotgan sun’iy qiyinchilik yo‘qotilgan, natijada alifbo ancha qulaylashgan.
Ikkinchidan, O‘ va G‘ harflarini komp-yuterda terish jarayonidagi mavjud muammolar baholiqudrat hal etilgan.
Uchinchidan, fonema talabiga to‘la javob berolmaydigan, tovushlar uyg‘unlashuvidan hosil bo‘ladigan Ng harfi alifbodan chiqarib tashlangan. Bu esa “Ng mi yoki N va G?” degan muammoli, bahsli savolga barham bergan.
Birinchi va ikkinchi afzallik to‘la dasturiy ta’minot yetishmasligidan vujudga kelgan muammolarni hal qilgan bo‘lsa, uchinchi qulaylik alifbo tuzish tamoyillariga zid tarzda alifboga harf birikmasini kiritish orqali yuzaga kelgan xatolikka barham bergan.
Mazkur isloh etilgan alifbo qator yutuqlari bilan birga ba’zi kamchilik va nuqsonlardan ham xoli emas:
Birinchidan, alifboni, avvalo, yosh avlod o‘rganadi, ammo mazkur alifbo yuzasidan berilgan, ommaviy axborot vositalarida ma’lum qilingan rasmiy ma’lumotlarning birortasida alifbodagi harflarning yozma shakliga to‘xtalinmagan. Agar bunday shakl mavjud bo‘lsa, buni, albatta, ommaga e’lon qilish kerak. Alifboga kiritilgan Уу, Ǵǵ, Зз, Șș harflari bu talablarga qay darajada javob beradi? Bu hisobga olinganmi? Shu bois alifbo ishlab chiqilishi jarayonida boshlang‘ich sinf va amaliyotchi o‘qituvchilarning fikri hisobga olinishi shart.
Ikkinchidan, alifboga kiritilgan Уу, Ǵǵ, Зз, Șș harflari mustaqil harf sifatida bir tizimda uchramaydi. Ular simvollar tizimida mavjud. Bu esa yana yangi dasturiy ta’minot — klaviatura dasturini
talab qiladi. Agar bunday dasturiy ta’minot yaratilmasa, Уу, Ǵǵ harflari bilan matn
terish jarayoni amaldagisidan ham mushkulroq bo‘lishi mumkin. Yunikod tizimi orqali yoziladi. Ya’ni vstavka menyusiga kirib символ+другие символ+сочетание клавиш+Alt+Ctrl+]+закрыть amallarini ketma-ket bajarib klaviaturaga o‘rnatish mumkin bo‘ladi. Bu esa yetarli darajada kompyuterga oid bilimlarni talab qiladi. Bunga qodir bo‘lmaganlar esa Уу, Ǵǵ harflarini yozishda yanada ko‘proq muammoga duchor bo‘ladi yoki boshqa biror sun’iy belgi bilan yozaveradi.
Uchinchidan, xalqimizda bir maqol bor: “Yomg‘irdan qochib do‘lga tutildim”. Darhaqiqat, Ngng harf birikmasidan qutulib Cc (ц/ts) ga duchor bo‘lyapmiz. Alifboga Cc (ц/ts)ning mustaqil harf sifatida kiritilishi ko‘plab muammolarni keltirib chiqaradi:
— boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bu harfni o‘rganishga, farqlashga qiynaladi: avvalo, alifboda Cc (ц/ts) harfi Ss va Tt harflaridan oldin joylashtirilgan, bu esa harf talaffuzini idrok qilishda qator muammolarni keltirib chiqaradi, qolaversa, tilimizda Tt va Ss harflari yonma-yon kelgan so‘zlar ham mavjud (adolatsiz, yotsiramoq). Cc (ц/ts) hamda Tt va Ss harflarini o‘quvchilar emas, hattoki o‘qituvchilar ham farqlay olmasligi mumkin;
— tahrir jarayonida Cc (ц/ts) harf(lar)i ishtirok etgan so‘zlarni bo‘g‘inga ajratishda muammo yuzaga keladi: akatsiya (akaciya), litsey (licey) kabi so‘zlar qanday bo‘g‘inga ajratiladi? li-cey yoki
lic-ey. Har ikki holatda ham sun’iy bo‘g‘inga ajratilyapti. Amaldagi lotin alifbosida esa lit-sey, a-kat-si-ya kabi ajratilib kelinar edi.
— Cc (ц/ts) harfi hamda Tt va Ss harflarini so‘zlarda aniq chegara qo‘yib farqlash bahsli mavzuga aylanadi. Bu esa xilma-xillikni keltirib chiqaradi.
— Cc (ц/ts) sifatida kiritilayotgan belgi hozirgi alifbodagi Chch harf birikmasining bir qismi hisoblanadi. Bu harf taklif qilinayotgan alifboga to‘liq o‘tgunimizga qadar yangi alifboni o‘rganayotgan yosh avlod Chch harf birikmasi ishtirok etgan so‘zlarda ushbu tovushni tsh/цҳ deb o‘qiydi-ku, axir! Charos so‘zini tsharos/цҳарос (o‘qilishi); achchiq so‘zini — atshtshiq/aцҳцҳиқ(o‘qilishi) deb o‘qishadimi?! Bunga javob berib ko‘ring-chi?!
Menga tushunarsiz bo‘lgan holat shuki, Cc(ц/ts) harfini alifboga kiritishdan qanday maqsad ko‘zlangan? Bu savolga javob bo‘ladigan mantiqlarni izohlashga harakat qilamiz:
— Millatimiz vakillari rus va Yevropa tillaridan kirgan so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilishlari kerak. (Bu mantiqqa shaxsan men qo‘shilmayman. Chunki ko‘plab tillarda Qq va G‘g‘ harflari yo‘q. Ular bu harf bilan ifodalanadigan boshqa tildan kirgan so‘zlarni o‘z talaffuz me’yorlaridan kelib chiqib talaffuz qilishyapti va yozishyapti.) Bir qaraganda bu mantiq ham o‘zining yetarlicha asosiga egadek. Masalan, цanga — ombur, цex — kichik fabrika. Bu so‘zlarni amaldagi imlo qoidalariga asosan lotin alifbosida yozilsa, санга — sanga; цех — sex shaklini oladi. Bu esa ko‘pchiligimizga ma’qul bo‘lmagan holatdek tuyuladi. Aslida-chi? Bu — tabiiy holat. Tilda shakldoshlik qonuniyati mavjud. Bunaqangi shakliy o‘xshashlik barcha tillarda uchraydi. Har ikki so‘zning ham ma’nosini beradigan boshqa so‘zlardan foydalansa ham bo‘ladi. Bu esa atamashunosligimiz oldidagi yechimini kutayotgan masalalardan biridir.
Cc (ц/ts) harfi o‘zbek tili leksikasidagi so‘zlarning fonetik tarkibini shakllantirishda qanchalik faol ishtirok etadi? O‘zbek tilining izohli lug‘atini tekshirib chiqdik, Cc(ц/ts) harfi bilan boshlanuvchi 63 ta so‘z mavjud ekan, shulardan 10 dan ortig‘ining o‘zbek tilida varianti bor (санга — ombur, qisqich kabi), 10 dan ortig‘i bir asosdan hosil qilingan (цемент — цементламоқ kabi) so‘zlardir. Demak, 40 ga yaqin so‘z uchun biz alifbomizga yangi harf kirityapmizmi? Demak, Cc (ц/ts) harfini alifboga mustaqil harf sifatida kiritmaslik kerak. Chunki amaldagi lotin alifbosiga asoslangan imlo qoidalarida bu harfga yechim keltirilgan. Unga binoan Cc (ц/ts) harfi so‘z boshida kelsa, Ss harfi shaklida yoziladi: цемент — sement; so‘z o‘rtasida ikki unli orasida kelsa, ts shaklida yoziladi: лицей — litsey; so‘z oxirida kelsa ham, Ss harfi shaklida yoziladi: кварс — kvars, шприц — shpris. Bu qoidalar o‘zbek tilining milliy fonetik xususiyatlari va talaffuzdagi o‘ziga xosliklari asosida ishlab chiqilgan va maqsadga muvofiq ham. Ammo shuni aytish ham kerakki, so‘z oxirida kelish holati to‘g‘risidagi qoida to‘laqonli emas. Bu haqida to‘xtalamiz.
Alifboni isloh qilishning “mevasi”
Alifboni isloh qilib biz nima topib, nimani yo‘qotamiz? Bu islohot jamiyatning moddiy va ma’naviy dunyosiga kattagina zarba bo‘ladi. Buni tarix va zamon ko‘rsatib turibdi. Bizga yaqin qardosh bo‘lgan qoraqalpoqlarda ham yaqin yillarda bir necha marotaba alifbo isloh qilindi (1994-, 2009- va 2016-yillarda. Ayrim yangi o‘zgartirishlar kiritildi va yana oxirgi islohotda o‘zgarishlardan voz kechildi). Bu ijobiy natijalarga olib kelmaganini bilamiz. Shuni ham aytish kerakki, ularning alifbosi haqiqatdan islohga muhtoj edi. Bizda esa umuman boshqa holat. Bizda alifbo isloh etilgandan keyin nimalar qilinadi:
— darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari;
— davlat ramzlari (bayroq, gerb izohi va madhiya);
— konstitutsiya;
— milliy valyutamiz;
— qonunlar, farmonlar va kodekslar yangi alifboda nashr etilishi shart;
— internet tarmoqlaridagi saytlar, dasturiy ta’minotlar yangi alifboda yozilishi shart;
— butun xalq fuqarolik pasportining yangi alifboda yozilgan shaklini olishi kerak.
Xullas, kitob, noshirlik va matbaa bilan, ya’ni yozuv bilan bog‘liq barcha o‘rinlar yangi alifboda yozilishi shart bo‘ladi. Bu esa anchagina vaqt (kamida yigirma yil) va mablag‘ni (aniq hisobini aytish qiyin) talab qiladi. Eng yomoni, millatning kamida o‘ttiz yil oralig‘idagi avlodlari “sarson”, savodsiz bo‘ladi.
Xulosa
Amaldagi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida O‘o‘, G‘g‘, Shsh, Chch, Ngng va Cc (ц/ts) harflari bilan bog‘liq muammolar mavjud. Bu esa alifboni tubdan isloh qilish kerak degani emas, balki unga mos bo‘lgan dasturiy-texnik ta’minot yaratish kerak. Chunki hozirgi texnologiya asrida bu mushkul ish emas. Masalan, J.G‘ofurov tomonidan O‘zbekcha klaviatura.zip dasturiy ta’minoti yaratilibdi. Unda O‘o‘ va G‘g‘ harflaridagi muammo o‘z yechimini topgan. Demak, Shsh va Chch harflari bilan bog‘liq bo‘lgan yechimni ham ishlab chiqish mumkin. Ammo Ngng va Cc (ц/ts) harflarini alifboga kiritmaslik kerak. Ayniqsa, Cc(ц/ts) harfini ham mustaqil harf sifatida alifboga kiritish maqsadga muvofiq emas. Imloda bu harfni quyidagicha ifodalashni to‘g‘ri deb hisoblaymiz: so‘z boshida kelsa, Ss harfi shaklida yoziladi: цирк — sirk, цемент – sement; so‘z o‘rtasida ikki unli orasida kelsa, ts shaklida yoziladi: механизация — mexanizatsiya; so‘z o‘rtasida undoshdan keyin kelsa, s shaklida yoziladi: гидроэлектростанция — gidroelеktrostansiya; so‘z oxirida unlidan keyin kelsa, ts shaklida yoziladi: ненец (xalq nomi) — nenets; блиц — blits, броненосец (harbiy kema) — bronenosets; so‘z oxirida undoshdan keyin kelsa, s harfi shaklida yoziladi: кварц — kvars, герц (o‘lchov birligi) — gers. Bulardan boshqa farqli holatlar fonetik yozuv asosida imlo lug‘atida aks etadi.
Shulardan kelib chiqib shunday xulosa qilishimiz mumkinki, alifboni isloh qilmasdan dasturiy ta’minot yaratish kerak, agar isloh qilinganida ham xalqni depressiyaga tushirmasdan minimum isloh qilish lozim.
Quyidagi takliflarni beramiz:
1-TAKLIF (minimum isloh qilish):
Aa, Bb, Dd, Ee, Ii, Ff, Gg, Kk, Hh, Jj, Ll, Mm, Nn, Oo, Pp, Qq, Rr, Ss, Tt, Uu, O‘o‘, Vv, Xx, Yy, Zz, G‘g‘, Shsh, Chch, ’ (tutuq belgisi)
(Ngng harflar birikmasi alifbodan chiqarib tashlanadi.)
2-TAKLIF (to‘liq isloh qilish):
Aa, Bb, Dd, Ee, Ii, Ff, Gg, Kk, Hh (Xx), Jj (Ɉɉ), Зз, Ll, Mm, Nn, Oo, Ŏŏ, Uu, Pp, Qq, Rr, Ss, Șș, Tt, Vv, Yy, Zz, Ğğ, ’ (tutuq belgisi)
Bu ikkinchi taklif o‘zbek alifbolarining tarixini o‘rganish, o‘quvchilar o‘rtasida kichik eksperiment o‘tkazish, natijalarini tahlil qilish va qardosh turkiy xalqlar alifbosi bilan o‘zbek alifbosini qiyoslash asosida yosh avlodning alifboni idrok qilishini osonlashtirish hamda alifbo bilan bog‘liq yozuvdagi muammolarni yo‘qotish maqsadida ishlab chiqildi.
Xalqimiz foydalangan alifbolarni o‘rganib, taqqoslab shunday xulosaga keldikki, o‘zbek tili fonetika-fonologiyasida o‘zaro aniq farqlanib turadigan 25 ta fonema bor. Ular: Aa, Bb, Dd, Ee, Ff, Gg, Ii, Kk, Ll, Mm, Nn, Oo, Pp, Qq, Rr, Ss, Tt, Uu, Vv, Yy, Zz, O‘o‘, G‘g‘, Shsh, Chch harflaridir. Shu bilan birga, bir-biriga juda yaqin talaffuz qilinadigan 2 ta nutq tovushlari juftliklari borligini ham farqlaymiz. Ular Jj (jo‘ja) va Ɉɉ (ɉurnal) hamda Xx (axloq, xalq) va Hh (bo‘hton, handalak) nutq tovushlaridir. Bulardan tashqari, ikki nutq tovushining talaffuzda o‘zaro uyg‘unlashib ketishidan hosil bo‘lgan tovushlar qorishmasini ifodalovchi 2 ta harf ham uchraydi. Ular Cc(ц/ts) (цирк, лицей) hamda Ngng (dengiz, ko‘ngil) harflaridir. Shundan kelib chiqib, alifboni to‘liq isloh qilish yuzasidan bergan taklifimiz yozuvdagi quyidagi bahsli holatlarga yakun yasardi:
— “Ng mi yoki N va G mi?” degan savolga barham beradi;
— “X mi yoki H mi?” degan savolga barham beradi;
— “C(ц) mi yoki T va S mi?” degan savolga barham beradi;
— “Jj mi? yoki Ɉɉ mi?” degan savolga barham beradi;
— “O‘o‘, G‘g‘, Shsh, Chch” harflaridagi ortiqcha ovoragarchiliklar yo‘qoladi;
— talaffuzi yaqinroq bo‘lgan harflarni alifboda yonma-yon berish o‘quvchilar uchun tovushlarning tallaffuzini idrok qilishga imkon beradi.
Izoh:
O‘o‘, G‘g‘ harflari ularning yozma shakli asosida shunday belgi qabul qilingani ma’qul.
Xx va Hh ning yozuvda bir harf bilan ifodalash taklifi turkiy alifbolarni qiyoslash va o‘quvchilar orasida o‘tkazilgan eksperiment natijasi asosida berilyapti. Bizga qardosh bo‘lgan turkman, turk, qozoq va qirg‘iz xalqlari alifbolarida bu ikki nutq tovushi (Xx va Hh) umumiy bitta belgi — Xx yoki Hh bilan ifodalangan. Bu esa yozuvni faqatgina qulaylashtiradi. Nutqda esa ularning talaffuzi saqlanib qolaveradi. Bundan xalq faqat manfaatdor bo‘ladi. Biz Hh harfini tanlashimizga sabab o‘zbek tili leksikasidagi so‘zlarda Xx harfidan ko‘ra Hh harfi qariyb ikki barobar ko‘p uchrar ekan. Ammo jonli nutqda ko‘pchilik Hh undoshini Xx ga yaqin talaffuz qiladi. Shuni ham aytish kerakki, bu ikki harfni birlashtirish tilimiz leksikasiga jiddiy zarar bo‘ladi, deb tasavvur qiladi. Aslida esa bu holat xalqning jonli nutqiga hech qanday ta’sir qilmaydi, aksincha, yozma nutqini qulaylashtiradi.
Xulosa qilib aytganda, lotin alifbosida islohot qilish kerak. Kirill alifbosiga qaytish esa umuman olganda har tomonlama xalq zararigagina bo‘ladi. Alifbo bilan bog‘liq masala yuzasidan davlat o‘zining siyosiy irodasini namoyon qilishi maqsadga muvofiq. Shunda millat uchun har qanday holatda ham foydali bo‘ladi. Chunki bu masalaga nuqta qo‘yilmas ekan, yaqin yigirma yilda ham bahsli muammo bo‘lib qolaveradi.
Shohrux ABDURAIMOV, filolog