O‘qituvchilarga avtomobil kalitlari topshirildi
Bugun “O‘zavtosanoat” AKning bosh binosida xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan bir guruh pedagoglarga O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tashkil etilgan aksiya doirasida xarid qilingan avtomobil kalitlari topshirildi.
Ma’lumki, bayram arafasida UzAvto Motors imtiyozli shartlar asosida o‘qituvchilar uchun avtomobil sotib olish imkoniyatini beruvchi aksiya e’lon qilgan edi. Barcha modeldagi avtomobillar uchun e’lon qilingan maxsus bayramona aksiya doirasida 10323 nafar o‘qituvchi avtomobil olish uchun shartnoma imzoladi. Ularning 6325 nafari O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi tizimida faoliyat yuritadi. Bugun ularning 16 nafariga avtomobillar topshirildi.
Marosimda Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Temurjon Komilov ishtirok etib, aksiyani uyushtirgan kompaniyalar rahbariyatiga minnatdorlik tarzida “O‘zavtosanoat” rahbari Shavkat Umurzoqov va UzAvto Motors bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabovga vazirlikning “Ta’lim homiysi” ko‘krak nishonini topshirdi. Shuningdek, aksiya tashkilotchilariga yuzaga kelgan masalalarni o‘z vaqtida hal etishga mas’uliyat bilan yondoshganlari uchun mukofotlar topshirildi.
Zilola MADATOVA