O‘z huquqlarini himoya qilgan shaxs maktab direktori lavozimiga qayta tiklandi
Mehnat sohasida inson huquqlarini ta’minlash shaxsning jamiyatda munosib mavqega ega bo‘lishda yetakchi o‘rin tutadi.
Afsuski, ba’zan mehnat qilish sohasida inson huquqlari poymol etilishi holatlari ham yuzaga kelmoqda.
Mana shunday holatda fuqaro E.Xolmirzayev buzilgan huquqlarini tiklash uchun sudga murojaat qildi, deb xabar beradi Uza.uz sayti.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudining 2019-yil 17-sentabr kungi ijro varaqasiga asosan da’vogar E.Xolmirzayevni Andijon viloyati Paxtaobod tumani Xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 14-sonli umumta’lim maktabi direktori lavozimiga ishga tiklash belgilandi.
Mazkur ijro hujjati Byuroning Andijon shahar bo‘limiga 25.09.2019-yilda kelib tushdi va davlat ijrochisi Z.A.Hurmamatov tomonidan ushbu ijro hujjati darhol ijroga qaratildi.
Davlat ijrochisining qaror bilan Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘iga E.Xolmirzayevni maktab direktori lavozimiga ishga tiklash majburiyati yuklatildi.
Lekin, boshqarma boshlig‘i tomonidan ushbu majburiyatni bajarish paysalga solingan edi, qonun talablari tushuntirilganidan so‘ng E.Xolmirzayev ishga tiklandi.