Ajdodlarning omonati
Prezidentimizning yaqinda e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ona tilimiz ravnaqi yo‘lida, shubhasiz, muhim qadam bo‘ldi. Ham ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi, ham shu tilda so‘zlovchi, shu tilda o‘ylovchi inson sifatida juda quvondim. Bundan tashqari, mazkur qaror biz — ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari zimmasiga yanada ulkan mas’uliyat yukladi.
Tilni millat g‘ururi, uning o‘zligini, ma’naviyatini ko‘rsatuvchi ko‘zgu deymiz. Bu ko‘zgu xiralashmasligi, darz ketmasligi kerak. Shuning uchun ham ona tiliga e’tibor har doim zarur. Bu ko‘p jihatdan shu til vakillariga bog‘liq. Qars bir qo‘ldan chiqmagani kabi til taraqqiyoti ham birgalashib kurashishni talab etadi. Ammo aksariyat kishilarning ona tilimizga munosabati, hurmati ko‘ngilni xira qiladi. Xitoyliklar yozuvini shunchalik qadrlaydiki, hatto pastdan tepaga qarab yoziladigan bir belgi tepadan pastga qarab yozilsa ham, xato hisoblanadi. Chunki yozuv — bu xalq tarixi, madaniyati demakdir.
Taraqqiyot asrida yashayapmiz, albatta, jahon tillarini o‘rganishimiz lozim. Avaz O‘tar ta’kidlaganidek, chet tili — bu “Robitayi vositayi olamiyon”. Lekin bu ona tilimizga befarq bo‘lish degani emas. Atrofga qarasak, hamma yoqda ajnabiy tillarda yozilgan nomlar, o‘zbekchasi ham savodsizlarcha yozilgan… Televideniye bir yon, ko‘cha muloqoti bir yon, ijtimoiy tarmoqdagi “post”lar bir yon, geografik hudud nomlari bir yon... To‘g‘ri, iqtisodiyotda “brend” tushunchasi keng ommalashgan va bunday nomlar o‘z nomi bilan ataladi. Lekin bu holatdan yiroq va o‘zbekcha muqobili bo‘lgan so‘zlar ham boshqa tilda nomlanmoqda. O‘zbek tilining so‘z boyligi kammi?! Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit turk” asari bilan turkiy tilning qanchalik so‘zga boy ekanini isbotlab bergan. Eng ko‘p so‘zni esa Alisher Navoiy o‘z asarlarida qo‘llagan (26 035 ta) va butun dunyoni lol qoldirgan. G‘azal mulkining sultoni ham chet tilidan so‘z olishga qarshi bo‘lmagan. Faqat unga ehtiyoj sezilganda, ya’ni o‘z tilimizda muqobili bo‘lmaganda olish kerakligini aytib o‘tgan. Brend yaratish uchun tilimizga yuzaki qaramay, 80 000 dan ziyod so‘zga ega izohli lug‘atni, “Devonu lug‘otit turk”, Navoiy, Bobur va boshqa buyuk allomalarimizning kitoblariga yuzlanishimiz kerak. Ularda o‘zbek tilidagi ohorli so‘zlar (tadbirkorlikdagi brend so‘zlar ham) xazina emas, naq dafinadir. Faqat ularni izlab topish kerak.
Bugun shahrimiz ko‘chalarini aylanib yurgan chet ellik sayyohlar atrofga e’tibor berib qarasa, Toshketda yurganligini his qilarmikan?!
Til ham ajdodlarimizning bizga qoldirgan omonati. U bizga qanday sof, tabiiy holatda yetib kelgan bo‘lsa, kelajak avlodga ham shu holicha yetkazishimiz lozim. Shunday ekan, ona tilimizning 30 yillik shodiyonasida bir yoqadan bosh chiqarib, kamchilik va muammolarni birgalikda bartaraf etaylik. Shunda avlodlarimiz uchun ham, o‘zimiz uchun ham foydali ish qilib, o‘zbek tili ildizini oziqlantirgan bo‘lamiz.
Manzura NEGMADJANOVA, SamDU akademik litseyining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi