Maktablarda joylashgan fuqarolar yig‘inlaridan 320 tasi boshqa binoga ko‘chirildi
Poytaxtimizda “Aholi muammolarini hal etishda mahalla institutining roli: O‘zbekiston tajribasi” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi tomonidan tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, “Yuksalish” umummilliy harakati va xalqaro tashkilotlar, xorij mamlakatlarining O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda mahalla instituti, uning faoliyati, yutuqlari va muammolari xususida so‘z bordi.
Dunyoda muqobili bo‘lmagan ushbu noyob tuzilma milliy urf-odat, an’ana va qadriyatlar sayqallanadigan oshiyon, mehr-oqibat, ahillik va totuvlik, o‘zaro ishonch, bag‘rikenglik kabi ezguliklar beshigi, ma’naviyat maskani sanalgan mahalla aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmadir.
Birlamchi hududiy, ijtimoiy, siyosiy va ma’naviy-madaniy o‘zini o‘zi boshqaruv tizimi bo‘lgan mahalla fuqarolik jamiyatining eng muhim va milliy demokratik institutlaridan biri hisoblanadi. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, aholining ehtiyojmand qatlamlarini mahalla instituti orqali aniq manzilli ijtimoiy himoya qilish, oilalarda ma’naviy muhitni barqarorlashtirish, fuqarolarni, ayniqsa, yoshlarni foydali mehnatga jalb etishning samarali tizimi hayot sinovidan o‘tdi. Chunki mahalla kim qanday sharoitda yashayapti, kim moddiy va ma’naviy yordamga muhtojligi, ishsizlar, nizoli oilalar, aholini qiynayotgan muammolarni yaxshi biladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mahallalar faoliyatini muvofiqlashtirish, faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, moddiy-texnik bazani mustahkamlashda muhim dasturilamal bo‘layotir.
Respublika kengashi nodavlat notijorat tashkilotdir. Uning maqsadi – fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, mahalla institutini aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirish, fuqarolar huquqlarini himoyalash, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Ayni kunda respublika bo‘yicha jami 9 ming 116 fuqarolar yig‘ini mavjud. Shundan 26 tasi shaharcha, 101 tasi qishloq, 162 tasi ovul hamda 8 ming 827 tasi mahalla fuqarolar yig‘inini tashkil etadi.
Fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha 8 ta komissiya hamda Taftish komissiyasi tarkibida 869 ming 517 nafar, “Ota-onalar universiteti”, “Keksalar maslahati” guruhlari kabi jamoatchilik tuzilmalarida 262 ming 816 nafar fidoyi, hayotiy tajribaga ega fuqarolar, jamoatchilik vakillari faoliyat yuritib kelmoqda.
Ayni paytda mahallalarda barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarga zamonaviy ta’lim berish bilan birga, ularni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, yuksak insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalash, ongi va qalbini mafkuraviy, ma’naviy tahdidlardan ishonchli himoyalash maqsadida “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorligi tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu hamkorlikdan ko‘zlangan maqsad shuki, o‘quvchi-yoshlarning darslarga qatnashishi va davomati, ularning bo‘sh vaqtlarida nima bilan shug‘ullanishini nazorat qilish, shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, turli fan va kasb-hunar to‘garaklariga, sport mashg‘ulotlariga jalb etishdan iboratdir.
Shu bilan birga, ota-onalarning barkamol avlodni tarbiyalash yo‘lidagi bilimi va mas’uliyatini oshirish maqsadida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qoshida “Ota-onalar universiteti” tashkil etilgan.
Oilalarni mustahkamlash borasida mahalla fuqarolar yig‘inlari qoshidagi Yarashtirish komissiyasining ham ahamiyati katta. Joriy yilning iyul-avgust oylarida mahallalarda o‘tkazilgan “Mustahkam oila” oyligi doirasida Yarashtirish komissiyalari tomonidan 10 ming 103 ta (yil boshidan buyon 37524 ta) oilaviy nizolarga barham berildi.
Qolaversa, har bir oilaning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida “Har bir oila – tadbirkor” dasturining amalga oshirilishi natijasida mahallalarda oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchilar soni ortib bormoqda.
O‘tgan davr mobaynida jinoyat sodir etilmagan mahallalar 5 ming 747 tani (63,2 foiz) tashkil etib, 2018 yilning (3978 ta) shu davriga nisbatan jinoyat sodir etilmagan mahallalar 1769 taga yoki 30 foizga ko‘paydi. Jinoyat soni oshgan mahallalar 1217 tani tashkil etib, 2018 yil (1501 ta) shu davriga nisbatan jinoyat oshgan mahallalar soni ijobiy tomonga, ya’ni 284 taga yoki 3,3 foizga kamaydi.
Prezidentimizning joriy yil 2-apreldagi "Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonining qabul qilinishi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishda, mahalla institutini aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirishda muhim qadam bo‘ldi. Endilikda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) kengashlari hamda fuqarolar yig‘inlari xodimlarini ularning vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, taalluqli bo‘lmagan vazifalarni yuklash, shuningdek, fuqarolar yig‘inlari balansida bo‘lgan binolarni boshqa shaxslarga biriktirish yoki asossiz ravishda olib qo‘yish taqiqlandi.
Sir emas, ayrim joylarda fuqarolar yig‘inlari faoliyatiga mahalliy hokimlik vakillarining asossiz aralashuvi tufayli kadrlar qo‘nimsizligi bilan bog‘liq holatlar uchrab turar edi. Farmonda bunday salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, ular faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish, fuqarolar yig‘ini raislari faoliyatining kafolatlari yuzasidan bildirgan takliflari ham tuzilmaning aholi hayotida o‘rni va mavqeini oshirishga xizmat qiladi.
Joriy yilda 580 mahalla binosi ta’mirlanib, 154 tasi rekonstruksiya qilindi, 285 tasi esa yangidan qurildi. 2-3 smenada ta’lim olib borilayotgan umumta’lim maktablarida joylashgan fuqarolar yig‘inlaridan 320 tasi boshqa binolarga ko‘chirilib, ularga munosib ish sharoitlari yaratildi.
Shuningdek, farmon bilan fuqarolar yig‘inlari raislari va mas’ul kotiblarining oylik maoshlari oshirilib, “Mahalla – sektor – Xalq qabulxonasi – mahalla” prinsipi asosida aholi muammolarini o‘rganish va hal etish tartibi tasdiqlandi. Barcha mahallalarda “Keksalar maslahati” guruhlari tashkil etildi. Ayni paytda 9 ming 98 ta fuqarolar yig‘ini huzurida “Keksalar maslahat” guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-sentabrdagi “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, har yili mamlakatimizda Xalqaro keksalar kuni doirasida 1-7 oktabr kunlari respublikamizning barcha hududlarida, mahalla va qishloqlarda “Keksalar haftaligi” o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, shu bilan birga, joylarda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda, oilalar mustahkamligi, aholi, ayniqsa, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini rivojlantirishda mahalla instituti muhim rol o‘ynamoqda.
Anjuman davomida mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘si, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish masalalari, O‘zbekistonning turistik jozibadorligi mavzusidagi ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi Ko‘kcha-Oqtepa, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Katta Qorasuv mahallalari faoliyati tahlil qilindi. Ishtirokchilar u yerdagi shart-sharoitlar va olib borilayotgan ishlar bilan amaliy tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Barno MELIQULOVA,
O‘zA muxbiri