Xatirchida chempion qizning onasiga uy-joy topshirildi
Tumandagi 22- umumta’lim maktabining 6- sinf o‘quvchisi Shahrizoda Bashiddinova endigina 13 yoshga to‘lganiga qaramasdan sportning shaxmat turi bo‘yicha to‘rt karra O‘zbekiston, bir marta Osiyo (Singapur 2015-yil) chempioni bo‘lgan.
Shahrizoda joriy yil yozida Qirg‘izistonning Issiqko‘lida o‘tkazilgan Xalqaro turnirda ham ham tengqurlari orasida tengsiz bo‘ldi. Kuni kecha esa chempionning onasi Yulduz Pardayevaga ikki sotixli namunaviy uy-joyning kaliti topshirildi. Bu haqda xs.uz sayti xabar berdi.
Mazkur uy tumanning “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan Istiqlol MFY bunyod etilgan. Ushbu qishloq muammolarini atroflicha o‘rgangan komissiya a’zolari yolg‘iz o‘zi uch farzandni (jumladan Shahrizodani)tarbiyalayotgan Yulduz Pardayevani uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj deb topib, navbatga tavsiya etishgan edi. Shu asosda mazkur oilaga ajratilgan uyning boshlang‘ich to‘lovi(47 million so‘m) “Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash” jamoat fondi hisobidan to‘lab berildi.
Ta’kidlash joiz, tumanda shu kuni 20 oila hovli to‘yini nishonlagan bo‘lsa, ularning to‘rttasi Yulduz Pardayeva singari uy-joyga ehtiyoji “Obod qishloq” Davlat dasturi doirasida aniqlangan fuqarolar hisoblanadi.