“El-yurt umidi”dan umid bormi?” maqolasiga jamg'arma munosabat bildirdi
Gazetamizning shu yil 14-sentabr sonida “El-yurt umidi”dan umid bormi?” maqolasi e’lon qilindi. Muallif unda “El-yurt umidi” jamg‘armasi tanlovida ishtirok etish uchun hujjat topshirgani, biroq 3-bosqich imtihonlarini topshirgani borganida komissiya tomonidan “Fuqaroligingiz yo‘q ekan, tanlovda ishtirok etolmaysiz!” degan javob olgani xususida so‘z yuritadi. Muallif fikricha, fuqaroligi bo‘lmagan yana bir tanishi tanlovdan o‘tganlar ro‘yxatida qayd etilgan.
Mazkur maqolaga javob tariqasida Jamg‘arma direktori vazifasini bajaruvchi A.Bekmurodov imzosi bilan tahririyatimizga xat keldi. Qizig‘i shundaki, xatda “bu kabi holatlarni ommaga havola etishdan avval belgilangan tartibda jurnalistik surishtiruv o‘tkazib, masalaga aniqlik kiritilgandan so‘nggina nashr etilishi maqsadga muvofiq bo‘lishi” ta’kidlangan. Mutasaddilar ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, gazeta har bir fuqaro uchun jamiyatda kechayotgan jarayonlarga o‘z fikr-mulohaza, takliflarini bildiradigan minbar ekanini unutgan chog‘i. Mana shu qoida asosida jamg‘armaning javob xatini quyida e’tiboringizga havola etamiz.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni va Jamg‘arma Vasiylik kengashi yig‘ilishining 2018-yil 6-dekabrdagi 1-sonli bayoniga asosan 2018-yil 20-dekabrda Jamg‘arma stipendiyalariga saralash tanlovi uchun e’lon berilgan.
Bayonga asosan Jamg‘arma direktorining 2019-yil 10-yanvardagi “2018/2019- va 2019/2020-o‘quv yili uchun Jamg‘arma stipendiyalari uchun saralash tanlovini o‘tkazish bo‘yicha Texnik guruh tuzish to‘g‘risida”gi 37-AF-sonli buyrug‘i qabul qilingan. Mazkur buyruqqa asosan saralash tanlovida ishtirok etish uchun stipendiatlikka talabgorlar tomonidan topshirilgan hujjatlarni belgilangan tartibda rasmiylashtirish, ularga maslahatlar berish va tanlovning yuqori saviyada o‘tishini ta’minlash maqsadida Jamg‘arma rahbar hamda mas’ul xodimlaridan iborat tanlov komissiyasining Texnik guruhi shakllantirilib, ularga qator vazifalar yuklatilgan.
Mazkur saralash tanlovlari Jamg‘arma tomonidan ilk bor tashkil etilgani hamda 2381 nafar nomzodning hujjatlarini qisqa muddatlarda ko‘rib chiqish va belgilangan talablarga eng mos keladigan nomzodlarni dastlabki saralash (yoshi, mutaxassisligi bo‘yicha zarur ish tajribasi, ilmiy maqolalari mavjudligi, tanlangan mutaxassislikning mamlakat rivoji uchun belgilangan ustuvor yo‘nalishlarga mosligi va boshqa talablar) bo‘yicha tanlovning 1-bosqichida ishtirok etgan nomzodlarning hujjatlari tanlov komissiyasining Texnik guruhi mas’ullari tomonidan tahlil qilingan.
Tanlovning 1-bosqich natijalari Jamg‘armaning rasmiy veb-sahifasida e’lon qilingan va natijalar nomzodlar tarafidan yana bir bor ko‘rib chiqilib, e’lon qilingan natijalarda kamchiliklar aniqlangan taqdirda Jamg‘armaning Texnik guruhiga ma’lum qilinishi so‘ralgan. Bildirilgan e’tirozlar va kamchiliklar o‘rnatilgan tartibda bartaraf etilgan.
Tanlovning barcha bosqichlarida nomzodlarga belgilangan talablar tushuntirilib, ushbu talablarga muvofiq kelmagan nomzodlar stipendiatlikka talabgorlar safidan chetlashtirilgan.
“Ma’rifat” gazetasining 2019-yil 14-sentabrdagi sonida “El-yurt umidi”-dan umid bormi?” maqolasi muallifi “Xorijda ta’lim olish uchun nomzodlarni tanlov asosida tanlab olishni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 4-bandi asosida, ya’ni xorijda magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha ta’lim olish, malaka oshirish va stajirovka o‘tashga qabul qilish faqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun hamda qabul va tanlab olishning yagona qoidalari asosida amalga oshirilishi sabab stipendiatlikka talabgorlar safidan chetlashtirilgan.
Texnik guruh rahbari va mas’ul xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar sabab maqola muallifi o‘z vaqtida nomzodlar safidan chetlashtirilmagan. Maqola muallifi vaziyatiga o‘xshash holat haqiqatan ham boshqa nomzodda kuzatilgan. Texnik guruh mas’ul xodimlarining e’tiborsizligi sabab Jamg‘arma veb-sahifasiga joylashtirilgan va keyinchalik bu kamchilik ham bartaraf etilgan.
Ta’kidlash lozim, bu yilgi tanlovda ishtirok etgan, fuqaroligi bo‘lmagan ikkala shaxsga ham ular texnik xatolik sababli imtihonga qo‘yilgani o‘sha vaqtning o‘zida tushuntirilgan. Maqola muallifi ko‘rsatib o‘tgan ikkinchi shaxs texnik xato sababli uning ballari e’lon qilingan bo‘lsa-da, stipendiyaga da’vo qilmasligini Jamg‘armaga ma’lum qilgan. Unga g‘oliblik sertifikati berilmagan. Bu texnik xatoni ikki tomon ham tushunarli holat deb baholagan.
Mazkur holat yuzasidan Jamg‘arma direktorining 2019-yil 12-avgustdagi № 1-F-sonli farmoyishi qabul qilinib, xizmat o‘rganishi o‘tkazilgan. O‘rganish natijasi yuzasidan Jamg‘arma direktorining 2019-yil 28-avgustdagi № 111-K-sonli buyrug‘iga asosan Texnik guruh rahbar va mas’ul xodimlariga faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun mehnat qonunchiligiga muvofiq intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.
Shuningdek, ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlaymizki, maqola muallifi mazkur holat sabab yetkazilgan ma’naviy zararni undirish yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritgan. Sudning hal qiluv qaroriga asosan Jamg‘arma tomonidan ko‘rsatilgan holatlar e’tiborga olinib, maqola muallifining da’vosi qanoatlantirilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, bu kabi holatlarni ommaga havola etishdan avval belgilangan tartibda jurnalistik surishtiruv o‘tkazib, masalaga aniqlik kiritgandan so‘nggina nashr etilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb hisoblaymiz”.