Papilloma virusiga qarshi vaksina
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tinmay “aylanayotgan” hamda ota-onalarni sarosimaga solib qo‘ygan mavzulardan biri papilloma virusiga qarshi o‘tkazilayotgan emlash bo‘lib qoldi. Turli internet manbalaridan izlab, ko‘pgina ma’lumotga ega bo‘lsam-da, ona sifatida har xil noxush, fojiali voqealar haqida o‘qib, eshitib, xavotirga tushdim. Ikkilanish paydo bo‘la boshladi...
Bachadon bo‘yni saratoni ayollar salomatligiga tahdid qiluvchi jiddiy kasalliklardan hisoblanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda birgina 2018-yili bachadon bo‘yni saratoni bilan qariyb 570 000 yangi kasallanish holati qayd etilgan. Har yili shu kasallikdan 311 000 dan ortiq ayol vafot etadi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili yurtimizda 1600 nafardan ziyod ayol bachadon bo‘yni saratoni kasalligiga chalinmoqda.
Shu bois butun dunyoda ushbu kasallikning oldini olish muhim ahamiyatga ega. Hozirgi kunda bu borada sinalgan va samarali usullardan biri — insonlarni papilloma virusi (OPV)ga qarshi emlashdir. Yurtimizda 2017-yili Vazirlar Mahkamasi tomonidan bu borada milliy reja tasdiqlangan. U bachadon bo‘yni saratonini davolash, palliativ yordam ko‘rsatish bilan birga, OPVga qarshi emlash, bachadon bo‘yni saratonini skrining qilish kabi birlamchi profilaktik tadbirlarni qamrab oladi.
Milliy emlash kalendariga ko‘ra, mamlakatimizda bolalar davlat budjeti hisobidan 12 ta boshqariladigan infeksiyaga qarshi emlanadi. Shu bois mamlakatimizda epidemiologik holat barqaror saqlanmoqda. Endilikda OPVga qarshi vaksinaning joriy qilinishi yana bir og‘ir kasallik — bachadon bo‘yni saratoni xastaligining oldini olishga xizmat qiladi. Yurtimizdagi barcha 9 yoshli qizlar ushbu kasallikka qarshi emlanadi. Natijada kelajakda har yili 1 100 ta kasallanish va bachadon bo‘yni xastaligi bo‘yicha 600 ga yaqin o‘lim holatining kamayishiga erishiladi.
JSST odam papillomasi virusiga qarshi vaksinani barcha immunizatsiya dasturlariga kiritishni tavsiya etadi. Bu vaksinani jahonning 96 davlati o‘z milliy emlash kalendariga kiritgan. Ular orasida Yevropaning 36 ta davlat hamda AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va Lotin Amerikasi ham bor. 2006-yildan boshlab butun jahonda 100 milliondan ko‘p odam ushbu vaksina bilan emlangan.
Ko‘pgina ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan vahimali xabarlarni eshitgan borki, ikkilanib qoladi. “Rostdan, mening ham farzandim shunday ahvolga tushib qolsa-chi”, deb o‘ylaydi. Ko‘pchilik 2010-yili ham mamlakatimizda 8 ming nafar 9—15 yoshli qiz ushbu vaksina bilan emlanganini bilmasa kerak. O‘tgan davrda ushbu qizlarda hech qanday salbiy o‘zgarish kuzatilmadi.
Odam papilloma virusiga qarshi vaksinaning narxi ancha qimmatligi sabab aksariyat davlatlarda u pullik asosda bajariladi. Mamlakatimizda esa, o‘smir qizlar davlat hisobidan bepul emlanadi.
Shu o‘rinda ko‘pchilikni vaksinaning qizlarning reproduktiv funksiyasiga salbiy ta’siri bo‘lmaydimi, degan savol qiziqtirishi tabiiy. O‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, mazkur vaksina nafaqat saratondan himoyalash, balki reproduktiv a’zolar salomatligini yanada mustahkamlash xususiyatiga ham ega ekan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakili, doktor Lian Kuppens bu haqda shunday dedi: “Har qanday vaksina tibbiyot amaliyotiga qo‘llanishdan oldin chuqur tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bu vaksina ham 2016-yili vaksinalar xavfsizligi bo‘yicha global konsultativ qo‘mita ekspertlari tomonidan chuqur o‘rganilib, samaradorligi yuqori baholangan. Shunisi ahamiyatliki, odam papilloma virusiga qarshi emlangan qizlar kelajakda bachadon bo‘yni saratoni deb ataladigan og‘ir kasallikka chalinmaydi. Qolaversa, bu vaksina ayollarning reproduktiv a’zolarida uchraydigan boshqa bir qator yuqumli kasalliklarning ham oldini oladi. Har bir ota-ona buni yaxshi tushunmog‘i va farzandining sog‘lom va baxtli hayotiga o‘z vaqtida poydevor yaratmog‘i kerak”.
— Butun dunyo tajribasi ko‘rsatib turibdiki, bolalarni yuqumli kasalliklarga tizimli ravishda emlash bolalar o‘rtasida o‘lim va nogironlik ko‘rsatkichlarini kamaytirishning eng maqbul yo‘lidir. Yangi vaksina ham bu borada juda katta samaradorlikka ega. Shu bois O‘zbekiston hukumatining bu boradagi tashabbusini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz va milliy immunizatsiya dasturini hayotga tatbiq etishga ko‘maklashishga tayyormiz, — dedi UNICEFning sog‘liqni saqlash sho‘basi rahbari Sufang Guo.
Nazokat XOLMETOVA,
“Ma’rifat” muxbiri