“Ta’lim nashrlari — eng yaxshi ko‘makchimiz”
Ta’lim nashrlari rahbarlari va xalq ta’limi xodimlari o‘rtasida kechayotgan uchrashuvlar Farg‘ona viloyatida ham bo‘lib o‘tdi. Dastlab mehmonlar Viloyat xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash hududiy markazida Farg‘ona, Marg‘ilon shaharlari, Yozyovon, Toshloq, Farg‘ona, Oltiariq tumanlaridan kelgan o‘qituvchi va murabbiylar bilan dildan suhbatlashdi. “Ma’rifat”, “Tong yulduzi”, “Kласс” gazetalari hamda “Xalq ta’limi”, “G‘uncha”, “Gulxan”, “Til va adabiyot ta’limi” jurnallari bosh muharrirlari bugungi kunda o‘z nashrlarida chop etilayotgan materiallarning mazmun-mundarijasi, yo‘lga qo‘yilgan yangiliklar, o‘tkazilayotgan tanlovlar haqida gapirib berdi.
O‘z navbatida, o‘qituvchilar ham mutolaa madaniyati xususida to‘xtalib, har bir pedagogning ish jarayonida ta’lim nashrlarining foydasi katta ekanini ta’kidladi.
Kunning ikkinchi yarmida matbuot xodimlari qadimiy va mehmondo‘st Qo‘qon shahriga yo‘l oldilar. Shahardagi 7-musiqa va san’at maktabida Beshariq, Uchko‘prik, Dang‘ara tumanlari va Qo‘qon shahri maktablarining o‘qituvchi va rahbarlari sevimli nashrlari xodimlari bilan yuzma-yuz ko‘rishish, fikrlashish maqsadida jamlandi.
— “Ma’rifat” gazetasining har bir sonini o‘qib chiqaman, — deydi Qo‘qon shahridagi 26-maktab direktori Baxtiyor Husayinov. — Bu nashr so‘nggi paytda o‘qituvchilarni qiynayotgan muammolarni yoritib, ularga yechim topishda o‘qituvchi va mutasaddi tashkilotlar o‘rtasida ishonchli ko‘prik vazifasini o‘tayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Gazetada pedagoglar uchun “O‘qituvchi minbari” tashkil etildi. Shu kabi muallimlarga fikrlarini erkin ifodalashga imkon yaratuvchi yangidan yangi rukndagi maqolalarni o‘qib, gazeta haqiqiy o‘qituvchilar nashri ekanini teranroq anglayapmiz.
Qo‘qon shahridagi 9-maktabning yoshlar yetakchisi Sarvarjon Burhonov ham bugungi yoshlar hayotida matbuot nashrlarining roli katta ekanini ta’kidladi:
— Axborot asrida matbuot juda ham kerakli vosita. Internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlardan talaygina axborotni olish mumkindir, ammo chuqur mazmun-mohiyat, badiiylik, aniqlikni baribir bosma nashrlardan topamiz. Har taraflama tahlil qilingan, kishini o‘ylash, mushohada etishga undaydigan maqolalarni matbuot nashrlarida o‘qishning zavqi boshqacha ekanini bugungi yoshlarga tushuntirish, singdirish zarur.
Andijon viloyati pedagoglari va maktab o‘quvchilari bilan ijodiy muloqot ham qizg‘in kechdi. Dastlab viloyat “Barkamol avlod” bolalar markazida tumanlardan kelgan iqtidorli o‘quvchilar va ularning ustozlari bilan yuzma-yuz muloqotda ta’lim nashrlari mazmuni, kelgusi rejalari bo‘yicha o‘rinli takliflar bildirildi. Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabida o‘tkazilgan tadbir ham o‘quvchilarning uzoq vaqt esidan chiqmaydigan darajada qiziqarli bo‘ldi. Buloqboshi tumanidagi 4-maktabda o‘tkazilgan uchrashuv esa haqiqiy bayramga aylanib ketdi.
— Xalq ta’limi vazirligi muassisligidagi nashrlarning barchasi faoliyatimizda ko‘makchi, bugungi kun talablariga mos pedagog bo‘lishimiz uchun zarur bo‘lgan maqola, metodik tavsiyalar muntazam berib borilishi bilan qadrlidir, — deydi marhamatlik ijodkor o‘qituvchi Abdurahim Bozorboyev. — “Tong yulduzi”, “G‘uncha”, “Gulxan” va “Kласс”ni o‘qib ulg‘aygan o‘quvchi kelajakda “Ma’rifat”, “Учитель Узбекистана”, “Boshlang‘ich ta’lim”, “Til va adabiyot ta’limi” va “Xalq ta’limi”ning o‘quvchisiga aylanadi, kitobxon bo‘ladi. Gazetxon, jurnalxon va kitobxon millatga aylanishimiz maktablardan boshlanadi.
Uchrashuv qizg‘in suhbat va yangi takliflarga boy kechdi. Matbuot kunlari doirasida o‘tayotgan uchrashuvlar hali davom etadi. Xalq ta’limi tizimidagi gazeta va jurnal xodimlarining keyingi safari Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatiga bo‘lishi rejalashtirilgan.
Husan NISHONOV,
Sharifa MADRAHIMOVA