Uyg‘oq bo‘ling, muallimlar!
Ayrim pedagoglar bugun majburiy obuna bekor bo‘lganini baralla gapirmoqda. Ko‘pchilik muallimlar gazetani unutib yuboryapti. To‘g‘ri, biz uzoq yillar mobaynida maoshimizning salmoqli qismini, istasak-istamasak, obunaga sarflashga odatlangandik.
Biroq umumiy to‘lov hisobidan qanchasi qaysi gazeta uchun yig‘ilganini bilmasdik. Aslida mana shu muammoni bartaraf etish uchun majburiy obuna bekor qilindi. Har kimning o‘z sohasiga daxldor, metodik yordamchi bo‘lgan gazeta-jurnallarga ixtiyoriy obuna bo‘lishi uchun imkoniyat yaratildi.
Ta’limga oid material, yangilik va metodik tavsiyalar chop etiladigan “Ma’rifat” gazetasining adadi ayni paytda mavjud o‘n mingga yaqin maktab uchun atigi bir donadan to‘g‘ri kelyapti. Biz, pedagoglar “Ma’rifat” gazetasining 2018-yil 21-noyabr sonida qo‘shrabotlik marhum pedagog Sh.To‘rayevning “Ta’lim nashri — sohadagi islohotlar targ‘ibotchisi: o‘qituvchi undan faoliyatiga yo‘riqnoma, metodik yordam sifatida foydalanadi” nomli maqolasini o‘qigandik. Unda muallif obunaning keskin pasayib ketgani haqida kuyunib yozadi: “...Eng yomoni, obuna mutolaa degani emas. Mutolaadan chetdagi o‘qituvchi tez orada o‘zini o‘nglab olmasa, ishi xurjun bo‘lishi kunday ravshan. Aksariyat o‘qituvchilar bugungi kun talabi darajasida bilim, malaka va ko‘nikmalarga ega emas. Buning oldini olishning birdan bir yo‘li targ‘ibot va tashviqotdir. Bu targ‘ibot yuki aynan Xalq ta’limi vazirligining yetakchi nashri — “Ma’rifat” gazetasining zimmasiga tushadi”.
Mamlakatimizda so‘z, fikr erkinligi tobora avj olmoqda. Bu ijobiy holat, albatta. Necha yillardan beri zanglab yotgan haqiqatlar oydinlashmoqda. Keyingi yillarni hisobga oladigan bo‘lsak, “Ma’rifat” gazetasida ham bunday tanqidiy chiqishlar, muammolarning ro‘y-rost bildirilishi kuzatildi. O‘qituvchini qiynab kelayotgan qog‘ozbozliklar, darsliklardagi xato-kamchiliklar, maktablarni noo‘rin va muttasil tekshirishlar haqida maqolalar chop etildi. Qolaversa, bilimlar bellashuvi, fan olimpiadasi, o‘qituvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish, oliy o‘quv yurtiga kirish testlarining sifati va boshqa masalalar haqida tanqidiy-tahliliy materiallar e’lon qilindi.
Xo‘sh, bunday maqolalarga xalq ziyolilarining e’tibori nega sust? Endi fikrimizni ana shu e’tibor kamayganining sabablariga qarataylik. Oddiy haqiqat: agar bola kitobni sevmasa, o‘qituvchini yoki ota-onani aybdor sanaymiz. Agar o‘qituvchi gazeta-jurnal varaqlamasa, izlanmasa, xatoni kimdan qidirish kerak?! Pedagogik jamoa salohiyatining yuksalishi, rivojlanishi shu muhitga va rahbarga bog‘liq.
Ayni paytda nafaqadagi direktor o‘z faoliyati davrida gazeta-jurnal o‘qishni kanda qilmasdi, har haftada o‘tkaziladigan yig‘inda ham tanqidiy materiallar sarlavhasini ruchka bilan alohida belgilardi. Va shu mavzu bo‘yicha bahs-munozaraga ko‘proq vaqt ajratardi. Kerakli raqam va ma’lumotlar yondaftarga yozib olinardi. Hozir ham jamoamizda shu odat saqlanib qolgan, biroq ayrim direktorlarning bunga fursati yetmaydi. Axborot olishda o‘zini bilimdon sanayotgan ayrimlar uchun internet dam olish maskani. Kerakli tugmani bossa, bas, dars ishlanmasi, taqdimotlar, olimpiada testlari — nima istasa, muhayyo! Ammo ularning aksari shunchalar g‘aribki, internetga joylagan kishining saviyasi haqida o‘ylanib qolasan, kishi. Bu tayyor oshdan oshayotganlar hozircha oshqozonining talabini osongina qondirmoqda. Biroq hazmi og‘ir bu luqmalar hademay nafaqat oshqozonini, balki butun tanasini ishdan chiqaradi.
Masala faqat internet olamidagi yangiliklardan boxabar bo‘lishdagina emas. Izohga muhtoj xabarlar me’yoriy hujjatlar, sohadagi kamchilik va yutuqlar bayonini gazeta varaqlab o‘qishga ne yetsin? Keling, yana ta’lim sohasini rivojlantirish masalasiga qaytaylik. Bu masalada bong urishdan ko‘ra, ta’limdagi muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlariga kirishaylik. Kim bu murakkab jarayonda yordamga keladi. Yana bir bor tan olib aytish kerakki, yagona to‘g‘ri maslahatgo‘y — bu gazeta. Ayrimlar o‘zlariga kerakli dars ishlanmani (nashr etilgan yiliga ham e’tibor bermay) boshdan oyoq ko‘z yumib ko‘chirib oladi. Chunki maktab ilmiy bo‘lim mudiri sifat emas, sahifani sanaydi. Dars ishlanmalarini kengaytirib yozish taktikasini zo‘r uddalayotganlarga gazeta va jurnallar mutolaa qilish ortiqcha ish hisoblanadi. Aqlli ilmiy bo‘lim mudiri dars konspektidagi eskirib ketgan metodikani yangisiga almashtirish kerakligini tavsiya etsagina, ehimol, o‘qituvchi gazeta o‘qishga vaqt ajratar.
Dilnoza NARZULLAYEVA, Vobkent tumanidagi 21-maktab o‘qituvchisi