Zarur chora-tadbirlar belgilandi
Gazetamizning 2019-yil 14-sentabr sonida “Ko‘pkari maydoni” sarlavhali maqola chop etilgan, unda Pastdarg‘om tumanidagi 3-maktab rahbarlarining tez-tez almashib turishi natijasida muassasada ta’lim sifati, o‘quv-tarbiya masalalari bir yonda qolib, faqat o‘qituvchilar o‘rtasida dars talashish, boshboshdoqlik avj olgani bayon etilgan edi. Tahririyatimizga ushbu maqola yuzasidan Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasidan javob xati keldi. Quyida uning mazmuni bilan tanishishingiz mumkin.
“Ma’rifat” gazetasining 2019-yil 14-sentabr sonida “Ko‘pkari maydoni” sarlavhasi ostida Pastdarg‘om tumanidagi 3-umumta’lim maktabi to‘g‘risida chop etilgan maqola viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari U.Mamarasulov boshchiligida ishchi guruhi va Pastdarg‘om tumani xalq ta’limi bo‘limi xodimlari tomonidan o‘rganildi.
Aniqlanishicha, maqola muallifi Talant Primov Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2019-yil 27-iyundagi 62-sonli ma’lumotnomasiga asosan sirtqi ta’lim yo‘nalishi birinchi bosqich talabasi bo‘lib, 2019-yil 4-sentabr kuni Pastdarg‘om tumani 3-umumta’lim maktabi direktori S.Irdonovga ishga joylashish masalasida og‘zaki murojaat qilgan.
Maktab direktori S.Irdonov unga universitetni bitirganidan keyin ish bilan ta’minlanishini, shuningdek, maktab o‘qituvchilarining dars taqsimoti avgust oyida tugaganini bildirgan.
Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari U.Mamarasulov maqolada ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha maktab jamoasi bilan suhbat o‘tkazdi.
Suhbat davomida o‘qituvchilarning obro‘-e’tiborini oshirish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida so‘z yuritilib, xalq ta’limi tizimidagi kadrlar salohiyatini oshirish viloyatdagi eng muhim masala ekani, tizimda faoliyat yuritayotgan har bir xodim o‘zining bilimi, madaniyati, fidoyiligi, odob-axloqi va dunyoqarashi bilan ushbu e’zoz va ehtiromga munosib bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Bugungi kunda maktab jamoasi direktor rahbarligida jipslashib, ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilab olingani, o‘quv mashg‘ulotlari talab darajasida olib borilayotgani ma’lum qilinadi”.
Tahririyatdan: Ushbu javob xati bilan tanishish chog‘ida guvohi bo‘lganingizdek, “Ko‘pkari maydoni” maqolasidagi muammoli vaziyatlar ochiqligicha qolganini ta’kidlamay ilojimiz yo‘q. Jumladan, maqola bilan tanishgan gazetxonda maktabda rahbar kadrlar qo‘nimsizligiga sabab bo‘layotgan muammo nima ekan, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Shuningdek, maqola muallifining yozishicha, muassasada o‘qituvchilar almashinuvi ham haddan ortiq ko‘p uchraydi. Bu esa ta’lim-tarbiya sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Kadrlar qo‘nimsizligi muammosi va buning ortida maktabda yuzaga kelayotgan nosog‘lom muhitning sabablarini o‘rganmay turib, viloyat xalq ta’limi boshqarmasining o‘rinbosari o‘tkazgan birgina suhbat bilan barcha muammoni bartaraf etib bo‘larmikan? Ushbu maqolani nashrga tayyorlash chog‘ida muammo bilan bog‘liq yangilikdan xabar topdik. “Ko‘pkari maydoni” maqolasi muallifi T.Primov hozirda shu maktabga ishga joylashibdi. Biz mutasaddilardan bundan ham batafsil va aniqroq javob kutib qolamiz.