“Muxbirlarning oyog‘i yetmagan maktablar bor”
Nasriddin Omonov, Boysun tumanidagi 59-maktab o‘qituvchisi:
— Gazeta, jurnallarga taklifim: hali maktablarda muammolar ko‘p. Ayniqsa, chekka tumanlardagi maktablarda. Rahbarlarning va muxbirlarning oyog‘i yetmagan maktablar bor. Shularni borib ko‘rsalaringiz, muallimlarning ko‘ngliga quloq solsangiz, tirishqoq, iste’dodli bolalar bor, shularning intilishlarini, harakatlarini ko‘rsangiz, deyman. Ko‘p maqolalarga mavzu topasiz.
— O‘n ikki yil deganda yana maktabga qaytdim. O‘qituvchiga e’tibor o‘zgargani uchun. Boysunning huv tog‘dagi 59-maktabida dars beryapman. Gazeta, jurnallarga taklifim: hali maktablarda muammolar ko‘p. Ayniqsa, chekka tumanlardagi maktablarda. Rahbarlarning va muxbirlarning oyog‘i yetmagan maktablar bor. Shularni borib ko‘rsalaringiz, muallimlarning ko‘ngliga quloq solsangiz, tirishqoq, iste’dodli bolalar bor, shularning intilishlarini, harakatlarini ko‘rsangiz, deyman. Ko‘p maqolalarga mavzu topasiz.
Boysun tumanidagi 59-maktab o‘qituvchisi Nasriddin Omonov Surxondaryo viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida “Matbuot kunlari” doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ta’lim nashrlari vakillariga shunday taklif bildirdi. Jonli muloqot tarzida o‘tgan tadbirda Xalq ta’limi vazirligi muassisligidagi gazeta va jurnallar vakillari 2020-yilga mo‘ljallangan rejalari haqida gapirishdi. Mushtariy muallimlar nashrlar mazmunini yanada boyitish borasida taklif, tavsiya va fikrlarini bayon etishdi. Faol mushtariylarga tahririyatlarning faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
— “Ma’rifat” gazetasining @marifatziyo “Telegram” kanali hamda marifatmushtariylari “Telegram” guruhi a’zosiman, — deydi Termiz tumanidagi 9-maktab o‘qituvchisi Dildor Nurmuhammedova. — Guruhda bildirgan fikrlarimiz saralanib, “O‘qituvchi nimani o‘ylaydi?” ruknida va “Mushtariy muhokamasi” sahifasida berilayotgani biz, pedagoglarni quvontirmoqda. “Maqola qanday yoziladi?”, “Gazetada qanday qilib maqola chiqarish mumkin?” deb o‘ylanib yuradigan o‘qituvchilar uchun mahorat maktabi vazifasini bajaryapti sevimli gazetamizning ushbu ruknlari. Surxondaryolik muallimlar yangi yilda ham bu yilgidek faol bo‘lishga va’da beramiz.
Husan KARVONLI