“Faxriy pedagoglar uchun rukn tashkil etilsa...”
Nukus shahridagi I.Yusupov nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatida “Matbuot kunlari” doirasida uchrashuv tashkil etildi. Unda Xalq ta’limi vazirligi nashrlari, jumladan, “Ma’rifat”, “Tong yulduzi” gazetalari, “Til va adabiyot ta’limi”, “Xalq ta’limi” “G‘uncha”, “Gulxan” jurnallari xodimlari va mahalliy gazeta-jurnal vakillari o‘qituvchilar bilan yuzma-yuz uchrashib, fikrlashishdi.
Bu yil ko‘plab o‘qituvchilar o‘z faoliyatida matbuot nashrlarining o‘rnini anglab yetdi. Zero, majburiy obuna bekor qilindi, deb suyungan pedagoglar ixtiyoriy obuna bo‘lish tizimiga hali ko‘nikmagan edi. Natijada Qoraqalpog‘istonda 700 dan ortiq maktab, 300 mingdan ortiq maktab o‘quvchisi bo‘lsa-da, qoraqalpoq tilida nashr etilayotgan birdan-bir “Jetkinshek” gazetasining adadi atigi 3 mingga tushib ketdi. Bu butun qoraqalpoq bolalarining faqat bir foizigina gazeta o‘qiyotganini anglatadi.
Tadbirda so‘z olgan o‘qituvchilar matbuotdan nimalar kutishi, unda qanday maqolalarni o‘qishni istashi haqida so‘zladi.
— Bunday uchrashuvlarni faqat sanoqli o‘qituvchi va o‘quvchilar davrasida o‘tkazib, ko‘zlangan natijaga erishib bo‘lmaydi, — dedi Qorao‘zak tumanidagi 2-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Zuhra Sabirova. — Agar matbuot kunlari uchrashuvlari har bir tumanda tashkil etilsa, o‘qituvchi va o‘quvchilar maqola yozish, obuna bo‘lish tartib-qoidalari bilan yaqindan tanishgan bo‘lardi. Bu yerda tumanlardan maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, mahoratli o‘qituvchilargina yig‘ilgan. Ular ham joylarga borib, yaxshi gazeta-jurnallarni targ‘ib qilishi mumkin, lekin chumchuq so‘ysa ham, qassob so‘ygani ma’qul.
Qoraqalpog‘istonda o‘tgan uchrashuvlardan so‘ng jurnalistlar Xorazm vohasiga yo‘l oldi. Urganch shahridagi 2-bolalar va o‘smirlar musiqa maktabida bir guruh o‘qituvchi va o‘quvchilar matbuot xodimlarini ko‘tarinki ruhda qarshi oldi. Xorazmlik ko‘plab ijodkor o‘qituvchilar ta’lim nashrlarini sevib mutolaa qilishlari, ularning keyingi vaqtlarda yangicha ruhda chiqayotganidan mamnunliklarini bildirishdi.
Biz kutgan kunlar keldi, matonating qani, ustoz,
Rag‘bat berdi rahbarimiz, shijoating qani, ustoz,
Marra endi yoshlarniki, o‘t chaqnagay ko‘zlaridan,
Vatan bizga ishonch berdi, itoating qani ustoz?!
Xiva tumanidagi 5-maktab o‘qituvchisi Muyassar Matyoqubova tadbirdan ilhomlanib, ushbu to‘rtlikni ishtirokchilarga o‘qib berdi.
— Gazeta-jurnal o‘qishdan manfaatdor bo‘lishimiz kerak, — dedi Qo‘shko‘pir tumanidagi 11-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Gulnora Matnazarova. — Gazeta-jurnallarda o‘quvchini ushlab turadigan nimadir bo‘lishi muhim. “Ma’rifat” gazetasida davlat imtihonlarida tushadigan testlar berib borilardi. Negadir keyin bu jarayon to‘xtab qoldi. Menimcha, shuni davom ettirish kerak.
Yangiariq tumanidagi 19-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Sanovar Kuryazova ta’lim nashrlarida berib borilayotgan tanqidiy-tahliliy maqolalarni ijobiy baholab, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun ham yaxshi metodik tavsiya va dars ishlanmalari ko‘proq berilsa, degan taklifni bildirdi.
— Sakson yoshdan oshgan qaynotam Jumagaldi Mamedov “Ma’rifat” gazetasini doim o‘qib boradi, — deydi Yangiariq tumanidagi 22-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Nodira Pinyazova. — Taklifim shuki, faxriylar uchun ham gazetada maxsus rukn yoki sahifa ajratilsa. Ota-onalar uchun ham yangi ruknlar tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Shu bahona ota-onalar ham ta’lim nashrlarini o‘qisalar, ta’lim jarayonidagi yangiliklar, islohotlardan xabardor bo‘lib, o‘qituvchilarni va o‘z farzandlarini yaxshiroq tushuna boshlardi.
Nesibeli MAMBETIRZAYEVA,
“Ma’rifat” muxbiri