Chet tilini bilganga ming tanga! O‘zbek tilini bilgangachi?
“Diqqat, e’lon! Rus va ingliz tilini biladiganlarga 5 milliondan 8 milliongacha oylik bor!” degan chaqiriqlar ko‘pgina tashkilotlar tomonidan yangrayotgani e’tiborimizni tortadi. Faqat o‘zbek tilini bilsangiz, 800 mingdan 1 million 200 ming so‘mgacha maosh olishingiz ham eslatib o‘tiladi. Agar shunga rozi bo‘lsangiz, o‘zlari siz bilan bog‘lanishlarini aytib, go‘shakni qo‘yishadi. Tamom.
Jadal rivojlanayotgan davrda chet tillarini bilish yaxshi. Qancha ko‘p til bilsangiz, imkoniyatingiz ham shuncha oshadi. Maoshingiz ham, ehtimol. Ammo nega yuqoridagi kabi e’lonlarda faqat chet tilini bilish zarurligiga urg‘u beriladi. Xorijiy muassasalar bilan hamkorlikda ishlaydigan tashkilotlarda-ku, chet tilini bilish talabining qo‘yilishi to‘g‘ri. Biroq o‘zbek tilini puxta biladigan, savodxon xodimlarga falon summa to‘lanadi”, degan biror e’longa hech ko‘zimiz tushmaydi. O‘zbek tilida yaxshi gapiradi degani — u imlo xatolarisiz, to‘g‘ri yozadi, deganimas-ku. Mayli, xodim ot, sifat, son so‘z turkumlarining
qanday so‘roqlarga javob bo‘lishini bilmasin, biroq u, hech bo‘lmasa, o‘zbek tilida ariza, tushuntirish xati, tilxat, tarjimayi hol qanday yozilishini bilishi kerak.
Dilnoza ISLOMOVA, ToshDO‘TAU talabasi