Pedagoglarga aksiya doirasida xarid qilingan ilk avtomobillar topshirildi
Joriy yilning 20-noyabr kuni xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan bir guruh pedagoglarga O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tashkil etilgan aksiya doirasida xarid qilingan avtomobil kalitlari topshirildi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Aksiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning jamiyatda o‘qituvchilar mavqeini oshirishga qaratilgan tashabbusi doirasida tashkil etildi.
So‘nggi uch yil davomida o‘qituvchilarning ish haqi o‘rtacha 2,5 barobar oshirildi. Uzoq tumanlarga borib ishlayotgan pedagog kadrlar mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha aniq mezonlar belgilandi. Ularga 50 foizgacha qo‘shimcha oylik ustamalar to‘lanmoqda. Shuningdek, O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida imtiyozli shartlar asosida avtomobil sotib olish imkoniyatini beruvchi aksiya e’lon qilgan edi. Bir guruh o‘qituvchilar aksiya bo‘yicha xarid qilgan avtomobillarini qabul qildi. Qolgan o‘qituvchilar avtomobillarini bosqichma-bosqich oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Amanjol Ayapov o‘qituvchilar nomidan «O‘zavtosanoat» va UzAuto Motors kompaniyalari rahbariyatiga tashkil etilgan aksiya uchun minnatdorchilik bildirdi. Shu bilan birga, farzandlarimizga ta’lim va tarbiya berayotgan o‘qituvchilarga doimiy ehtiromda bo‘lishimiz kerakligini ta’kidladi.