“Ta’lim nashrlari — eng yaxshi maslakdosh”
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Matbuot kunlari” Buxoro viloyatida ham ko‘tarinki kayfiyatda tashkil etildi. Vazirlik muassisligidagi qator gazeta va jurnallar bosh muharrirlari ishtirokidagi uchrashuvlar g‘oyat qiziqarli va samimiy kechdi.
Tadbirlarda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi vakillari, tuman(shahar) xalq ta’limi bo‘limlarining ma’naviy-axloqiy ishlar bo‘yicha sho‘ba rahbarlari, maktab direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi tinglovchilari ishtirok etib, davriy nashrlar haqidagi fikr-mulohazalari va takliflarini bildirishdi. Xususan, ta’lim nashrlarining bugungi faoliyati, ulardagi sermazmun maqolalar, ayniqsa, tahliliy-tanqidiy materiallar muntazam berib borilayotgani, o‘qituvchilarni qiynayotgan muammolar, og‘riqli nuqtalar dadillik bilan qalamga olinayotgani alohida e’tirof etildi.
Gazeta-jurnallar vakillari buxorolik o‘qituvchilarning ta’limda erishayotgan yutuqlari, olib borayotgan samarali faoliyati haqida alohida to‘xtalar ekan, ularning ilg‘or tajribasini yanada kengroq, batafsilroq yoritib borish ko‘zda tutilayotganini aytib, bu borada ijodkor, tajribali o‘qituvchilarni tashabbus ko‘rsatishga undadi. Joriy yilda o‘z maqolalari bilan faollik ko‘rsatgan bir guruh mualliflarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar topshirildi.
— Ta’lim nashrlari maktabimiz jamoasining eng sevimli nashridir, — deydi Romitan tumanidagi 23-IDUM o‘qituvchisi Madina Baxshilloyeva. — Ularning har bir sonini intiqlik bilan kutamiz, sahifalarida beriladigan maqolalarni qiziqib o‘qiymiz, maqolalarimiz bilan muntazam ishtirok etishga intilamiz. Bugungi uchrashuv meni yanada ruhlantirib yubordi. Ayniqsa, faol mualliflar qatorida taqdirlanganim men uchun nihoyatda quvonchli voqea bo‘ldi.
— Majburiy obuna tugatildi degani — bu matbuot nashrlarini endi o‘qimasak ham bo‘ladi, degani emas, — deydi Shofirkon tumanidagi 4-maktab o‘qituvchisi Tursunoy Yo‘ldosheva. — To‘g‘ri, gazeta o‘qish yoki o‘qimaslik har kimning o‘z xohishi. Ammo muallim gazeta o‘qimasligi mumkin emas. Chunki o‘qituvchi nafaqat yosh avlodning, balki butun bir millatning yo‘lboshchisi. U har tomonlama ma’rifatli, ma’naviyatli, zamondan hamisha bir qadam oldinda yuradigan ilg‘or ziyoli bo‘lmog‘i lozim. Bu borada bizga ta’lim nashrlari eng yaxshi do‘st, maslakdosh.
— Keyingi paytlarda “Ma’rifat” gazetasi dizayn, mazmun jihatdan ancha boyidi, — deydi G‘ijduvon tumanidagi 4-maktab o‘qituvchisi Zevarshoh Hamroyeva. —Sahifalarda mushtariylarni jalb etadigan, qiziqtiradigan rang-barang yangi ruknlar tashkil qilinmoqda. O‘quvchilarimizning mutolaaga, adabiyotga qiziqishini oshirishga xizmat qilayotgan “Ma’rifat” kitobxoni” rukni ham ana shular jumlasidan. Shu o‘rinda bir taklifim bor: “Ma’rifat” kitobxoni” tanlovi nafaqat o‘quvchilar, balki o‘qituvchilar uchun ham tashkil etilsa, har oyda yangi adabiyot mutolaa uchun tavsiya etilsa va muallimlar shu asar xususidagi fikr-mulohazalari, tahlillari bilan ishtirok etsa, ayni muddao bo‘lardi.
Ijodiy va ko‘tarinki ruhda o‘tgan “Matbuot kunlari” ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.
Iroda ORIPOVA,
“Ma’rifat” muxbiri