“10 yildan buyon uyushma “mehr”ini his qilmadim”
Askariyat insonlar kasaba uyushmalarini faqat sanatoriy va oromgohlarga yo‘llanma beradigan tashkilot deb hisoblar ekan. Aslida, bu tuzilmaning maqsad va vazifalari nimalardan iborat? Bugungi kunda ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan kasaba uyushmalari belgilangan vazifalarini to‘laqonli ado etyaptimi? Bu haqda o‘qituvchilarning o‘zlaridan eshitamiz.
Dilfuza PARDAYEVA, Denov tumanidagi 48-maktab o‘qituvchisi:
― Aslida, kasaba uyushmasining asosiy vazifalari ishchi xodimlarni ijtimoiy himoya qilish, mehnat intizomi, mehnat muhofazasi va mehnat sharoitlarini yaratish, xodimlarning ish haqi va daromad solig‘i, maosh va avanslari o‘z vaqtida berilishini nazorat qilish hamda ma’naviy-ma’rifiy islohotlarni chuqurlashtirishdan iborat. Kasaba uyushmasi xodimlari yuqori salohiyatli, keng fikrlaydigan inson bo‘lishi lozim. Chunki ular jamoa a’zolarini ijtimoiy himoya qiladigan, moliyaviy ko‘mak ko‘rsatadigan yetakchidir. Ammo bugungi kunda ayrim kasaba uyushmalari o‘z vazifalariga loqayd qaramoqda, natijada xodimlar muammolarini kimga aytishni bilmay xunob bo‘lmoqda.
Malika SODIQOVA, Vobkent tumanidagi 20-maktab o‘qituvchisi:
― Ta’lim muassasamizda kasaba uyushmasi faqat qogʻozda ishlaydi. Nazarimda, har bir sohada tub islohotlar amalga oshirilayotgan paytda kasaba uyushmalari faoliyatiga, ayniqsa, maktablardagi kasaba uyushmalariga eʼtibor sustroqdek. Bu shunday bir alohida jamiyat boʻlishi kerakki, biz xodimlarning chinakam tayanchi va suyanchi, ishchilar dardini tinglovchi “ona”, unga darmon boʻluvchi “tabib”, bir soʻz bilan aytganda, ishongan joyi boʻlsin. Mehnat faoliyatimga 10 yil toʻlgan boʻlsa ham, biror martayam shu tashkilotning “mehr”ini his qilmadim. Kasaba uyushmalari tugatilib, o‘rniga mehnatkashlar uyushmasi, ishchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati kabi tubdan isloh qilingan tashkilotlar tuzish kerak.
G‘ayratjon QORABEKOV, Bulung‘ur tumanidagi 11-maktab o‘qituvchisi:
― Kasaba uyushmasi ma’muriyat va jamoa o‘rtasidagi adolat ko‘prigi bo‘lishi kerak. Agar shunday bo‘lganida umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan shikoyat xatlari yuqori tashkilotlarga tushmagan, maktablardagi ma’naviy muhit buzilmagan bo‘lardi. Balki adolat ko‘prigi vazifasini o‘taydigan kasaba uyushmalari ham bordir. Aksariyat ta’lim muassasalarida kasaba uyushmasi raisi direktorning odami!
Shozoda MUHAMMEDOVA, Buxoro tumanidagi 38-maktab o‘qituvchisi:
― Maktabimizda kasaba uyushmasi bayramlarda o‘quv yili davomida yaxshi ishlagan o‘qituvchilarni rag‘batlantiradi. O‘qituvchilar o‘rtasida turli tadbirlar tashkil etib, ularni taqdirlaydi, ammo dam olish maskanlariga yo‘llanma olish korrupsiyaga aylanib ketgan. Tuman, viloyat raislari maktabdagi kasaba uyushma raislarini unchalik mensimaydi. Rahbariyat uyushmaning fikrini hisobga olmaydi.
Asrorbek BOTIROV, Denov tumanidagi 8-maktab o‘qituvchisi:
― Kasaba uyushmalari bizda sun’iy tashkil etilgan organga o‘xshaydi. Yevropada XIX asr oxiri — XX asr boshlarida ishchilar o‘z haq-huquqlarini himoya qilish uchun kasaba uyushmalarini qancha kurashlardan so‘ng tuzgan, ya’ni tabiiy holda tashkil topgan. Bizda esa bu tashkilot sobiq tuzumdan meros qolgan sun’iy tashkilot bo‘lib, davlatga to‘liq bo‘ysunadi. Xuddi Yoshlar ittifoqiga o‘xshab. Shuning uchun undan amaliy natija kutish befoyda. Kasaba uyushmasining qiladigan ishi faqat moddiy yordam puli (eng kam ish haqining bir baravari) va sanatoriyga 50 foizlik yo‘llanma berish bo‘lib qoldi. Aslida, o‘qituvchilarni qiynayotgan qanchadan qancha muammolar bor! Paxta terimi-yu majburiy mehnatga o‘qituvchilar jalb qilinayotganda kasaba uyushmalari qayerda edi? Hozir qaysi maktabda kasaba uyushma qo‘mitasi raisi uddaburon bo‘lsa, o‘sha yerda haqiqat qaror topadi. Qachon tizim to‘g‘ri tashkil etilsa, shunda jamiyat rivojlanadi. So‘nggi vaqtlarda o‘qituvchilar bilan bog‘liq bir qancha muammoli holatlar sodir bo‘ldi, lekin birortasida na maktab, na tuman, na viloyat yoki respublika kasaba uyushmasi qorasini ko‘rsatdi.
Shahnoza BERDIQULOVA, Oqqo‘rg‘on tumanidagi 38-maktab o‘qituvchisi:
― Kasaba uyushmasi ― katta kuch, katta madad. Agar undan to‘g‘ri, oqilona foydalana bilsangiz! Hammaning mehnati singadigan ish uchun atay bir kishiga haq to‘lanmaydi. Shunday ishlar ham borki, pulga chaqilmaydi. Masalan, men metodbirlashma rahbari bo‘lsam, shunchaki, “davraboshi”man, asosiy ishni a’zolar bajaradi. Tumanimizda kasaba uyushmasi faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Biz ham unga ergashgan holda baholiqudrat o‘qituvchilarga yordam beryapmiz. Kasaba uyushma raislari oylik olmasa-da, yilda bir marta madaniy hordiq chiqaradi. O‘qituvchilarni ham dam olish maskanlariga jo‘natib, turli tadbirlarda ishtirokini ta’minlab, xursandlik ulashadi, og‘ir kunlarida moddiy yordam qo‘lini cho‘zadi.
Nigora JO‘RAYEVA:
― Kasaba uyushmasi to‘y va bayramlarga pul yig‘adi, yangi yil sovg‘asini aytilgan kishiga olib kelib beradi ― bizda shunday. Boshqa hech qanday ishi yo‘q.
Matluba NAVRO‘ZOVA, Buxoro shahridagi 13-maktab o‘qituvchisi:
― To‘rt yildan beri maktab kasaba uyushmasiga raislik qilib kelaman. Saylanganimda, to‘g‘risi, vazifam nima ekanini umuman tushunmaganman. Jamoamizda buni tushunadigan, o‘rgatadigan birorta xodim ham yo‘q edi. O‘zim sekin-asta surishtirib, o‘rganib oldim. Hozir uyushma faoliyatida o‘zgarishlar katta. Xodimlarni rag‘batlantirish, yordam puli ajratish, sanatoriylarga yo‘llanmalar ajratish, sport musobaqalari, turli tadbirlar tashkil qilishda eng namunali jamoalar safidamiz. Imkon bo‘lsa, yanada ko‘proq yangiliklar qilgim keladi.
Ma’muraxon ESHCHANOVA, Xiva shahridagi 17-IDUM o‘qituvchisi:
― Kasaba uyushmalari, haqiqatan ham, biz — ustozlarning, xodimlarning haq-huquqlarini himoya qilishi, kerak paytda birinchi yordam berishi lozim. Lekin har doim ham vazifasini to‘laqonli bajara olmayapti. Buning o‘ziga yarasha obyektiv va subyektiv sabablari bor. Kasaba uyushmasining vakolatini kengaytirish, nufuzini oshirish kerak, deb o‘ylayman.
Mirjalol HOMIDOV, Yakkabog‘ tumanidagi 34-maktab o‘qituvchisi:
― Maktablarda kasaba uyushmalarining to‘laqonli ishlashi maktab rahbarlariga bog‘liq deb o‘ylayman. Maktabimiz Qashqadaryo viloyatining chekka qishloqlaridan birida joylashgan bo‘lsa-da, uyushmamiz yaxshi ishlaydi. Har yili tanlovlarda faxrli o‘rinlarni olgan ustozlarga oyma-oy, navbati bilan moddiy yordam beriladi. Yil yakunida xohlovchilar respublikamizdagi tarixiy shaharlarga ziyoratga borishi uchun kerakli summa ajratiladi. O‘tgan yili Samarqand shahriga borib, madaniy hordiq chiqarib, Vatanimiz tarixi bilan yana bir bor tanishdik. Yil davomidagi charchoqlar chiqib ketdi. Ruhimiz, ham jismimiz tetik bo‘lib qaytdik. Bu yil ham maktabimizning yuqori sinflaridagi faol o‘quvchilarni Samarqand shahriga olib borishda kasaba uyushmasining xizmati katta bo‘ldi. Taklifimiz kasaba uyushmalariga ko‘proq ana shunday imkoniyatlar uchun xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan e’tibor berilsa, faol o‘qituvchilar va o‘quvchilar soni ortishiga sabab bo‘lardi.
Hoshim HAKIMOV, Kitob tumanidagi 79-maktab o‘qituvchisi:
― Avvalambor, har bir xodim huquqiy savodxonlikka ega bo‘lishi kerak. Chunki xodim o‘zi ishlayotgan tashkilot bilan jamoa shartnomasini imzolaydi. Shartnomadagi bandlar bilan yaxshi tanishgan xodimlarning haq-huquqlarini hech kim poymol qila olmaydi. O‘z vazifangizni sidqidildan, bexato bajaring, haqqingizni kasaba uyushmasi va rahbariyatdan talab qiling (dam olish uchun yo‘llanma, mukofot va yordam pullari va hokazo). Aksariyat kasaba uyushmasi raislari (hammasi ham emas) maktab rahbariyati bilan kelishib ish ko‘rishi ko‘pchilikni qiynamoqda. Bunga sabablar ham yetarlicha. Chunki kasaba uyushmasi xodimi uchun oylik yoki ustama ajratilmagan. Kasaba uyushmasining ishlarini yuritish, tuman markazida o‘tadigan majlislarda qatnashish yoki siz-u biz uchun jamoa shartnomalarini chiqarish kabilarni o‘z hisobidan bajarmaydi-ku. Fikrimcha, tizimni butunlay yangilash kerak. Chunki o‘qituvchi oyligining bir foizini kasaba uyushmasi hisobiga o‘tkazadi. Maktab jamoasi bir oyda o‘rtacha 100 million oylik olsa, shuning 1 foizini kasaba uyushmasiga to‘laydi. Bir tumanda o‘rtacha 100 ta maktab bo‘lsa, bir oyda qancha mablag‘ yig‘ilishini o‘zingiz hisoblab ko‘ravering. Endi oddiy bir tumanning kamtargina tashkiloti bo‘lgan kasaba uyushmasining bir yilda qancha yig‘im qilishi ma’lum. Xo‘sh, shuncha mablag‘i bo‘laturib nega bu uyushma ishchi-xodimlarni ham moddiy, ham ma’naviy qo‘llab-quvvatlamayapti?! Ta’til vaqti oddiy o‘qituvchi dam olish maskanida hech bo‘lmasa 3 yilda bir marotaba dam ololmayapti? Shuncha mablag‘ qayerga ketyapti? Aslida, bu pullar xodimlarning moddiy-ma’naviy himoyasi uchun sarflanishi kerakmasmi? Nima uchun oddiy o‘qituvchi bitta dam olish sihatgohiga yo‘llanma olish uchun yillab navbat kutadi? Agar shaffoflik bo‘lsa, nega to‘plangan yig‘imlar bo‘yicha biror hisobot berilmaydi? Mana nima uchun aksariyat xodimlar bu uyushmaning ishidan norozi.
Abduxalil RAHMONOV, O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashining Toshkent shahri bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi:
― Tan olish kerak, bugun barcha ta’lim muassasalarida kasaba uyushmalarining faoliyatini qoniqarli deb bo‘lmaydi. Qaysi ta’lim muassasasida saylangan kasaba uyushmasi raisi tashkilotchi, haqiqiy ma’noda yetakchi bo‘lsa, o‘sha muassasa xodimlari kasaba uyushmasining to‘laqonli huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, moddiy, ma’naviy va boshqa himoya vositalaridan foydalanib kelmoqda. Kasaba uyushmasi raisi sust bo‘lgan muassasalarda xodimlar ham ko‘p narsalardan quruq qolmoqda. Lekin besh qo‘l barobar emas. Qaysidir muassasalar kasaba uyushmasi yordamidan maksimal darajada foydalanmoqda, hatto ortig‘i bilan. Birgina jamoa shartnomasi ishlash mexanizmining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi va nazoratining to‘liq olib borilishi xodimning barcha jabhalardagi to‘liq manfaatini himoyaga oladi. Kasaba uyushmalari nafaqat yo‘llanma tarqatish va moddiy yordam berish yoki sovg‘alar ajratish, balki xodimning huquqiy manfaatini ta’minlashda sudlardan boshqa organlarga berilmagan vakolatlarga ega. Kasaba uyushmasi ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarning teng to‘lanishi, tibbiy ko‘rik, sog‘lomlashtirish, turizm, sport, madaniy tadbirlar va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat olib borishi lozim. Aksariyat hollarda xodimlar talab qilsagina, ularga kasaba uyushmasi e’tibor qaratadi. Uyushma yordamidan foydalanishga o‘rganib qolgan xodimlar muntazam murojaat qiladi. Boshqalar esa chetda qolib ketaveradi. Shuning uchun kasaba uyushmasini cheklangan odamlargina bilib, foydalanib keladi. O‘qituvchilarga taklif sifatida shuni aytmoqchiman: 2020-yilning fevral-mart oylarida boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarida o‘tgan 5 yillik davr uchun hisobotlar berilib, kasaba uyushma qo‘mitasi va raislari qaytadan saylanadi. Saylov jarayonida haqiqiy yetakchi, tashkilotchi va jonkuyar pedagoglarni kasaba uyushmasi raisligiga tavsiya eting, saylaning va faol ishtirok eting. Yaqin 5 yilda muassasangiz mavqeyini ko‘taring, xodimlarning kasaba uyushmasi yordamlari va imtiyozlaridan ko‘proq foydalanishlarini ta’minlashga hissa qo‘shing!
Niginabonu SHUKUROVA tayyorladi.