“Gap ko‘p, ko‘mir oz” yoki tuman maktablari nega qishki mavsumga tayyor emas?
Namangan viloyati hokimligi diqqatiga!
Pop tumanidagi 73-maktab direktorining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Rahmatjonovning har kuni maktab devoriga ilingan termometrga qarayverib ko‘zi tolyapti. Bo‘sh qoldi deguncha yo televizorga yopishadi, yo radio qulog‘ini buraydi.
Xulosa qilishga shoshilmang, Sherzod qo‘shiq qidirmaydi. Har kuni bir necha bor tanishtiriladigan ob-havo ma’lumotini poylaydi, xolos. Qish eshik qoqib, harorat tobora pastlab ketayotganidan ko‘ngliga qor yog‘ayotgan o‘rinbosarning bor dardi ichida. 73-maktab isitish tizimiga mutlaqo ega emas. Xonalarni isitib berish maqsadida o‘rnatilgan batareyalar tashqaridagi isitish qozonlaridan uzib tashlangan.
— Maktabimiz sobiq G‘urumsaroy iqtisodiyot kolleji binosida joylashgan, — deydi Sherzod Rahmatjonov. — Sentabr oyida yangi tashkil etildi. Hozir 282 nafar o‘quvchi ta’lim olyapti. 11 ta sinfxona mavjud. Ammo birortasiyam isimaydi. Chunki bizga berilgan binoning ichki isitish tizimi kollej davrida isitish qozonlaridan uzib tashlangan. Tuman xalq ta’limi bo‘limi mutaxassislari ishtirokida holat o‘rganilib, tegishli dalolatnoma tuzilgan. Hatto isitish qozonlari bo‘lmasa-da, ko‘mir ajratildi. Lekin uni yoqish uchun kichik isitish qozonlari yo‘q. Ilgari kollej tasarrufida bo‘lgan asosiy binoda qolgan. Kun sayin havo sovib boryapti. Qo‘shni ta’lim muassasalari allaqachon isitish tizimini ishga tushirgan. Bizning o‘quvchilar esa sovuq xonalarda o‘tiribdi. Isitish tizimini ta’mirlashga mablag‘ yo‘q.
Qishki mavsum uchun xuddi shunday noqulay vaziyat 6-, 16-, 35-, 69- va yana boshqa umumta’lim maktablarida ham mavjudligini tuman xalq ta’limi bo‘limi mutaxassislari aytgan edi. 6-maktab sari yo‘l oldik. Haqiqatan ham, sobiq Pop transport va aloqa kolleji binosiga ko‘chib o‘tgan maktab mutasaddilarining fig‘oni falakda. Chunki bu yerda ham mavjud 6 ta AKS rusumli isitish qozoni xizmat muddatini o‘tab bo‘lgani sabab ishlatishga yaroqsiz holga kelgan. Tashqi isitish tarmog‘i ham qarovsiz holatda. Sinfxonalardagi ahvol bilan tanishdik. Ikkinchi qavatdagi ba’zi xonalarda batareyalar isitish tizimidan butkul uzilgan yoki umuman yo‘q. Direktorning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Iroda Mamadaliyevaning ta’kidlashicha, bino qabul qilinayotganda barcha kamchiliklar ko‘rsatilgan.
Biroq ularni bartaraf etish ancha mablag‘ talab qiladi. Maktab direktori Shuhratoy Alimovaning tuman xalq ta’limi bo‘limi qoshidagi markazlashgan maxsus ta’mir va ekspluatatsiya bo‘limi mutaxassislari bilan imzolagan dalolatnoma asosida Pop tuman moliya bo‘limiga isitish tizimini ta’mirlash uchun mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi aloqa xati hozircha javobsiz turibdi. Aslida, bu toifa murojaatlarga na “ha”, na “yo‘q” javobini berishga erinadigan tuman moliya bo‘limi mutasaddilari munosabatlarining o‘zi alohida bitta maqolaga mavzu bo‘la oladi. Bu haqida maqola oxirida yana to‘xtalamiz.
G‘urumsaroy qishlog‘idagi 16-umumta’lim maktabi qariyb 1000 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olayotgan eng yirik muassasalardan biri. Bu yerda o‘rnatilgan 4 ta RDNK — 400 rusumli kichik isitish qozoni ham o‘tgan qish oxirlarida pand bera boshlagan edi. Suv aylanish quvurlari zanglab, teshilgani bois yoqishning umuman imkoni yo‘q. Qishki mavsumni bir amallab yakunlagan maktab rahbarlari bu yilgi qishni hadik va tashvishsiz o‘tkazishga umid bog‘lagan edi.
— Yil boshidan dardimizni aytganimizda biroz yengilladig-u, qishli-qirovli kunlar boshlangach, maktabga issiqlik berolmay yaramiz yangilandi, — deydi direktor Tursunali Hayitov. — Shu kunlarda isitish tizimi ishga tushirilmadi. Qozonlar xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan va foydalanishga mutlaqo yaroqsiz. Sinfxonalarning deraza romlari plyonka bilan berkitildi. Lekin issiqlik bo‘lmagach, bu choradan naf yo‘q. Ko‘zlangan ta’mirlash ishlari moliyalashtirilmagani tufayli amalga oshmadi.
Tumandagi 14-, 21-,26-, 27-,30-, 67- va 71-umumta’lim maktablarining ham isitish tizimida jiddiy nuqsonlar mavjudligi tufayli belgilangan me’yordagi issiqlikni yetkazib berolmayapti. Xalq ta’limi bo‘limi mutaxassislarining xulosalariga ko‘ra, jami 38 ta isitish qozoni eskirgan va ular almashtirilishi zarur. 26 ta maktabda isitish tarmog‘ining texnik holati talab darajasida emas. Aslida, mavjud muammolar va kamchiliklarni sanayversak, salmoqli raqamga aylanadi. Xo‘sh, ularni kim va qachon bartaraf etadi? Tuman xalq ta’limi bo‘limining “qo‘li kalta”. Mutasaddilarga murojaat qilishdan o‘zga chora topilmagach, tuman hokimligi va moliya bo‘limiga bir emas, bir necha marta yozma axborot va talabnoma berildi. Birinchi xat 2019-yilning 11-yanvarida tuman hokimligi va moliya bo‘limiga topshirilgan.
Oxirgisi esa 29-oktabr sanasida yuborilgan. Murojaatga mavjud ahvol aks ettirilgan dalolatnoma ham ilova qilingan. Biroq birorta murojaatga na tuman hokimligi, na tuman moliya bo‘limi rahbarlari javob qaytargan.
Muxtasar so‘z: 2019/2020-yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, xatda bitilgan nosozliklarni tuzatish va ta’mirlash uchun biror so‘m mablag‘ ajratilmagan.
Mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida tuman moliya bo‘limi boshlig‘i Marg‘uba Atavaliyeva qabuliga kirdik. Tuman bosh moliyachisining ta’kidlashicha, ikki milliard so‘mdan ziyod mablag‘ aynan tumandagi ta’mirga muhtoj ta’lim muassasalarining ehtiyoji uchun yo‘naltirilgan. Lekin xalq ta’limi bo‘limi mutasaddilarining bildirishicha, bu mablag‘ 2018-yilda bajarilgan ta’mirlash yumushlaridan qolgan qarzni qoplash uchun ajratilgan. Bu ma’lumotlarga aniqlik kiritishni so‘raganimizda M.Atavaliyeva mazkur mavzuni o‘rganish uchun “Ma’rifat” gazetasi tahririyati bosh muharriri tomonidan berilgan buyruqni ko‘rsatsamgina, javob berishini uqtirdi. Ikkinchi marta u kishining qabuliga borganimizda, betobligi sabab davolanishga ketgan ekan. Xullas, mazkur savol bo‘yicha Atavaliyevaning o‘rinbosariga qilingan murojaat ham natijasiz qoldi.
Shu o‘rinda yana bir gap. Pop tuman xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi umumta’lim maktablari uchun har yili ajratiladigan ko‘mir yoqilg‘isi miqdori yil sayin kamayib boryapti. Olingan ma’lumotlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 2017-yili 4 578 tonna, 2018-yili 3 278 tonna, 2019-yili 3 238 tonna ko‘mir ajratilgan. Tumanda yangi maktablar tashkil etilishi evaziga ta’lim muassasalari soni ortib borayotgan pallada yoqilg‘i miqdori ozaytirilayotganini qanday izohlash kerak?
G‘anisher AKBAROV,
«Ma’rifat» muxbiri