“Ochiq muloqot” rukni taklif etilsa...
Buxoro shahrida respublikamizning bir guruh nufuzli, sevimli gazeta va jurnal bosh muharrirlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bunday tadbirlar o‘qituvchi va o‘quvchilarning matbuotga qiziqishini yanayam oshiradi. Ustozlarni faol bo‘lishga, yangiliklar yaratib, ta’limni yuksaltirishga hissa qo‘shishga undaydi.
Rang-barang sahifalari-yu ruknlari bilan sevimli bo‘lib kelayotgan nashrlarimizning bundan-da qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilishi va yechimini kutayotgan muammoli masalalar bartaraf etilishini istagan holda “Ma’rifat” gazetasida “Ochiq muloqot” rukni tashkil etilsa, ayni muddao bo‘lardi. Bu borada quyidagi takliflarimni bermoqchiman.
Darsliklardagi kamchiliklar borasida ko‘p marta jonkuyar ustozlar fikr-mulohazalarini bildirib, asosli dalillar bilan masalani matbuot nashrlariga olib chiqqan bo‘lsa-da, yangi chop etilayotgan darslik va qo‘llanmalarda hanuz ijobiy o‘zgarish sezilmayapti. Shu masalaning yechimi sifatida aynan darsliklar masalasiga mas’ullar, kitob mualliflari bilan o‘qituvchilar hamkorligi tashkil etilishi lozim. Zora shunda mutasaddilarning o‘zlaridan qoniqarli javob olinsa. Holbuki, hozirgi kunda darsliklar borasida bildirilayotgan fikrlarga aniq javob beradigan mutaxassislar ko‘zga tashlanmayapti.
Imlo masalasida ham lotin alifbosiga o‘tganimizga yigirma yildan oshiq vaqt bo‘lgan bo‘lsa-da, ba’zi so‘zlarning yozilishi bo‘yicha hamon aniq ko‘rsatma yo‘qligi o‘quvchilarning imloviy savodxonligi pasayishiga sabab bo‘ladi. Birgina “Sentabrmi, sentyabr?”, “Oktabrmi, oktyabr?”, “ng” bo‘g‘inga ajratib ko‘chiriladimi, yo‘qmi?” tarzidagi muhokamalar, tortishishlar barham topmadi. Bu borada imlo qoidalariga mas’ul olimlarning aniq fikr va to‘xtamlari matbuotda berib borilsa, masalaga yakdil yechim topishga imkon paydo bo‘lardi. Axir, o‘quvchilar o‘z ona tilidagi so‘zni to‘g‘ri yoza olmasa, tovush va harfning farqini bilmasa, ta’lim sifatiga erisha olamizmi?
E’tibor bersak, oliy ta’limda har yili har bir fan sohasida bir nechta ilmiy ish, tadqiqotlar olib boriladi, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari yoqlanadi, fanga noma’lum, yechimini kutayotgan ilmiy masalalar tadqiq qilinadi. Taassufki, bu ilmiy ishlar ko‘p hollarda avtoreferatligicha qolib ketadi. Birgina tilshunoslik, adabiyotshunoslik borasida qancha tadqiqotlar olib borilgan, lekin ularning ko‘pi deyarli ommalashmagan. Matbuot mana shu ilmiy yangiliklarni tinimsiz ravishda chop etsa, pedagoglarga yetkazib tursa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Ko‘pchilik ota-onalar farzandi ilmli, zukko bo‘lishini istaydi-yu, har doim ham ularning qiziqish, istak-xohishlariga e’tibor bermaydi. Balki o‘quvchilarning ham ko‘nglida aytmoqchi bo‘lgan o‘y-fikrlari, mulohazalari bordir. Bolalarning bugungi jarayonlarga munosabatini bildirishi, o‘z fikri, so‘zini erkin ifoda eta olishi uchun bolalar nashrlarida ham “O‘quvchining o‘ylari” kabi ruknlar tashkil etilsa, juda soz bo‘lardi. Buning natijasida bolalarning matbuotga e’tibori ortardi.
Dilimizga og‘riq soladigan ba’zi muammolarni hal etishda gazeta va jurnallar bilan hamkorlik qilishni, ular bilan hamfikr bo‘lishni juda istaymiz.
Lobar YOQUBOVA, Romitan tumanidagi 13-maktab o‘qituvchisi