Buni barcha bilishi shart
Konstitutsiyamizning 117-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga ega ekani ko‘rsatilgan. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlangan.
2014-yil 4-sentabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning V bobida “Saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik” belgilanib, yangi 512–519- moddalar kiritilgan. Ushbu bobda quyidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan:
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov komissiyalarining, referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning faoliyatiga aralashish;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov komissiyalarining, referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning qarorlarini ijro etmaslik;
nomzodning, ishonchli vakilning, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzish;
saylovoldi tashviqotini, referendumga qo‘yilgan masalalar yuzasidan tashviqot olib borish shartlari va tartibini buzish;
nomzodlar, siyosiy partiyalar to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish;
saylovga yoki referendumga tayyorgarlik ko‘rish va saylov yoki referendum o‘tkazish jarayonida axborot hamda tashviqot materiallarini qasddan yo‘q qilib yuborish yoki ularga qasddan shikast yetkazish;
saylovni yoki referendumni moliyalashtirish tartibini buzish;
jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov yoki referendum natijalari taxminlarini chop etish (e’lon qilish) tartibini buzish.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov komissiyalarining, referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning faoliyati O‘zbekiston Respublikasining 1991-yil 18-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi, 1994-yil 5-maydagi “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi, 1998-yil 30-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi, 2001-yil 30-avgustdagi yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi hamda 2003-yil 23-avgustdagi yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi qonunlari bilan tartibga solingan.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasiga ko‘ra, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda deputatlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan bir nafardan kuzatuvchi, ommaviy axborot vositalarining vakillari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga ega.
Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasiga asosan, referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda ham siyosiy partiyalardan, fuqarolar tashabbuskor guruhlaridan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalarining vakillari, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga ega. Ushbu kuzatuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi hamda tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan belgilanadigan namunadagi mandatga ega bo‘lishi shart. “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasi kuzatuvchilarga uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga aralashishni taqiqlaydi. O‘z navbatida, referendum to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida hamda kuzatuvchilarning referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining faoliyatiga aralashishi man etilgan.
Yuqorida qayd etilgan huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 245-moddasiga ko‘ra, ma’muriy ishlar faqat sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.
K.UMAROV, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jizzax akademik litseyi direktori
X.YUSUPOV, shu akademik litsey o‘qituvchisi