“Ta’lim nashrlarining amaliy ko‘magini doim his etamiz”
Jizzax shahridagi 10-maktabda Xalq ta’limi vazirligi muassisligidagi gazeta va jurnallar xodimlari ishtirokida “Matbuot kunlari” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
— Ko‘p yillardan buyon “Barkamol avlod” bolalar markazida to‘garak rahbariman, — deydi G‘allaorol tumanidan kelgan Beknazar Qorajonov. — To‘garakda asosan ijodkor o‘quvchilar birlashgan. O‘quvchilarimiz badiiy ijod namunalari bilan respublika ommaviy axborot vositalarida ishtirok etmoqda, kitoblari nashr etilmoqda. Biz badiiy ijodiyotda nimaga erishgan bo‘lsak, unda ta’lim nashrlarining xizmati katta. Shu bois o‘qituvchilarning yaqin maslahatchisi bo‘lgan ta’lim nashrlarini muntazam kuzatib boramiz. Maktabdan tashqari to‘garaklar faoliyatini tashkil etishga bag‘ishlangan metodik maqolalarni sevib o‘qiymiz. “O‘qituvchi nimani o‘ylaydi?”, “Sinab ko‘ring”, “Fikr” kabi ruknlar bizga ma’qul. Pedagog faoliyatiga doir maqolalarim ushbu nashrlarda bir necha bor chop etilgan. O‘qituvchilarning tajriba va mahoratini oshirishda dolzarb mavzudagi maqolalar, dars ishlanmalaridan ko‘p narsa o‘rganamiz.
Matbuot kunlari mushtariylarning ana shunday fikr-mulohazalari, takliflari bilan boshlandi. Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, ona tili va adabiyot fani metodistlari, maktab direktorlari, faol mushtariylar ishtirok etgan uchrashuvda nashrlar xodimlari bilan ochiq suhbat, savol-javob, bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi.
— Biz gazeta va jurnallarda maqolalarimiz chiqishini orzu qilamiz, — deydi Sharof Rashidov tuman xalq ta’limi bo‘limi metodisti Sohiba Rahmonova. — Bu borada OAVda muntazam maqolasi chop etilayotgan kasbdoshlarimizga havasimiz keladi. “Ma’rifat” gazetasiga bir taklifim bor. Gazetada “Eng faol gazetxon maktab”, “Eng faol gazetxon o‘qituvchi” ruknlari tashkil etilib, unda mana shunday o‘qituvchi va maktablar faoliyati haqida maqolalar berilsa, ayni muddao bo‘lardi. Shuningdek, ta’limga oid metodik maqolalar qanday yozilishi borasida ko‘rsatma, tavsiya, maslahatlar berilsa, deyman. Yana, matbuot kunlari tumanlarda, chekka maktablarda ham uyushtirilsa, yaxshi bo‘lardi.
— Viloyatimizdan “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” respublika ko‘rik-tanlovi g‘olibi, fan olimpiadasi sovrindorlari chiqishida matbuotning amaliy ko‘magini his etamiz, — deydi Jizzax viloyat xalq ta’limi boshqarmasi metodisti Gulchehra Abdullayeva. — Ta’lim sifati va samaradorligini oshirish borasida o‘qituvchilarimizning gazeta va jurnallarda muntazam maqolalari chop etilayotgani quvonchli hol. Biz bundan keyin ham bu nashrlar bilan aloqani mustahkamlaymiz.
Tadbirda “Ma’rifat”, “Tong yulduzi”, “Kласс” gazetalari va “Xalq ta’limi”, “Gulxan”, “G‘uncha”, “Aniq va tabiiy fanlar metodikasi” jurnallari xodimlari so‘zga chiqib, mushtariylar bilan hamkorlikni mustahkamlash borasida fikr va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. Yil davomida faol ishtirok etgan pedagoglarga gazeta va jurnallarning faxriy yorliq, tashakkurnoma, esdalik sovg‘alari, bepul obuna sertifikatlari topshirildi.
* * *
Guliston shahridagi viloyat ma’naviyat va ma’rifat markazida tashkil etilgan “Matbuot kunlari” tadbiri ham jonli muloqot shaklida bo‘lib o‘tdi.
— O‘z ustimda ishlayman, kasbimdan baraka topaman degan o‘qituvchi, albatta, ta’lim nashrlariga do‘st tutinishi, ularni doimiy kuzatib, uqqanlarini o‘z faoliyatida sinab borishi kerak, — deydi Boyovut tumanidagi 22-maktab o‘qituvchisi Ravshanbek Egamberdiyev. — Ayniqsa, pedagoglar minbari hisoblangan ta’lim nashrlarini o‘qimay turib, bunga erishib bo‘lmaydi. O‘tgan yillar davomida erishgan yutuqlarimda ularning o‘rni, ahamiyati juda katta. O‘zim ham maqolalarim bilan qatnashib turaman. Yozgan maqolalarim tahririyat tomonidan doimiy o‘tkaziladigan “Faslning eng yaxshi ijodkori” ko‘rik-tanlovida ikki bor g‘olib bo‘lgan.
Bugungi shiddatli davrda barcha sohada bo‘lgani kabi OAVda ham sog‘lom raqobat yuzaga kelmoqda. Kimdir kerakli ma’lumotlarni internetdan olsa, kimdir bosma nashrlarni ma’qul ko‘radi. Uchrashuvda ham bu borada fikr va mulohazalar bildirildi.
Abdusattor SODIQOV,
“Ma’rifat” muxbiri