Saylovoldi tashviqotlari
Shu yilning 22-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylov kampaniyasi qizg‘in pallaga kirdi. Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan mamlakatimizda tashkil etilgan Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi yakunlanayotgan bo‘lsa-da, ushbu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom etmoqda.
Hozirgi saylov jarayoni milliy qonunchiligimiz hisoblanmish Saylov kodeksidagi demokratik o‘zgarishlardan to saylov tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishgacha, saylov bilan bog‘liq huquqiy me’yorlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazishdan saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirishgacha bo‘lgan barcha ishni qamrab olmoqda.
Parlament va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarni, ovoz berish jarayonini yurtimizda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalar, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ko‘plab xalqaro tashkilot va xorijiy davlatlarning yurtimizdagi vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, mamlakatimizning xorijdagi vakolatxonalari, internetdan foydalanuvchilar, blogerlar bevosita kuzatib boradi. Shuningdek, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda boshqa xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlardan ham kuzatuvchilar ishtirok etadi. Ushbu jarayon saylov tadbirlarining sifati va saviyasiga samarali ta’sir o‘tkazadi.
Bu yil o‘tkaziladigan saylovlarning o‘ziga xos jihatlari quyidagilardan iborat: u yagona Saylov kodeksi asosida tartibga solinadi. Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylovlarda 5 ta siyosiy partiya bevosita ishtirok etadi. Saylovlarda ishtirok etuvchi fuqarolar Qonunchilik palatasi saylovi bo‘yicha 150 ta saylov okrugidan qo‘yilgan nomzodlar uchun ovoz berishadi va mazkur saylovlarda ishtirok etuvchi saylovchilar soni oldingi saylovlarga nisbatan ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Fuqarolarning ovoz berish huquqini yanada kafolatlash maqsadida ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etgan shaxslarning ham saylash huquqidan foydalanishiga ruxsat berildi.
Saylovchilarning nomzodlar haqidagi tasavvuri qanday bo‘lishi, saylov jarayonining har tomonlama yuqori saviyada o‘tishi saylovoldi tashviqotiga bog‘liq.
Saylovoldi tashviqoti saylov jarayonining eng muhim va mas’uliyatli bosqichi hisoblanadi. Chunki aynan ushbu bosqichda nomzodlar, siyosiy partiyalar o‘zlarining kelgusi faoliyat dasturlari bilan saylovchilarni yaqindan tanishtiradi, boshqacha aytganda, o‘z salohiyatini namoyish etadi. Tashviqot omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yig‘ilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlar, roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin.
Saylov tashviqotlari ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek, internet jahon axborot tarmog‘i; bosma, ko‘rgazmali va boshqa tashviqot materiallari(plakat, varaqa va boshqa materiallar)ni chiqarish hamda tarqatish, shuningdek, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Tashviqot ishlari olib borishda Saylov kodeksida taqiqlanmagan boshqa usullardan ham foydalanish mumkin. Saylovoldi tashviqotining eng samarali va ta’sirchan usullaridan biri saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, albatta. Bunday tashviqotda ham nomzodlarga teng sharoitlar yaratib beriladi. Saylovchilar bilan uchrashuvlar nomzodlar tomonidan mustaqil ravishda o‘tkaziladi. Ularni o‘tkazish joyi va vaqti, qoida tariqasida, uchastka saylov komissiyalari bilan kelishib olinadi, mazkur komissiyalar bu haqda saylovchilarni oldindan xabardor qiladi.
Saylovoldi tashviqoti nomzodlarning shaxsi, tashabbuskorligi, bilimi va salohiyatini saylovchilar oldida to‘la namoyon etishga qaratiladi. Eng muhimi, bunda barcha nomzodlarga teng sharoit yaratiladi. Bu esa saylov jarayonining teng, adolatli, ochiq-oshkora olib borilishini to‘la kafolatlaydi. Mamlakatimiz fuqarolarining siyosiy ongi va madaniyati o‘sib borayotgani, jamiyatda demokratiya, oshkoralik, ochiqlik qay darajada ta’minlanayotgani dekabr oyida o‘tadigan saylovlarda yana bir bor namoyon bo‘ladi.
Iroda YOQUBOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti katta o‘qituvchisi