Fuqarolikning yuz yili
Mustaqillik arafasida “fuqaro” so‘zi rasman muomalaga kiritilgandan beri ko‘pchilik ziyolilarimizda bu so‘zga nisbatan norozilik yashab kelmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda “fuqaro”ni boshqa so‘z bilan almashtirish borasida ko‘plab tanqidiy chiqishlar, takliflar bo‘ldi. Shuningdek, “fuqaro”ning o‘zgarishini kutib o‘tirmasdan, turk va ozarboyjon qardoshlarimiz singari “fuqaro” o‘rnida “vatandosh”ni qo‘llab, boshqalarni ham shunga da’vat etayotganlar bor.
“Fuqaro” arab tilida “faqir” so‘zining ko‘pligi ekanligi va “yo‘qsillar” degan ma’noni bildirishi bugun hammaga ma’lum, shu narsa ko‘pchilikning g‘ururiga tegadi va bu atama o‘zgarmas ekan, bu mavzu qayta-qayta keyingi avlodlar tomonidan ham kun tartibiga qo‘yilaveradi.
Gap shundaki, bu atama mustaqillik arafasida paydo bo‘lgan emas, sovet davrining dastlabki yillaridan “grajdan” (ruscha: “гражданин”) so‘zining ma’nodoshi sifatida qo‘llanila boshlagan. Masalan, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da ushbu so‘zga Parda Tursunning “O‘qituvchi” romanidan shunday misol keltirilgan: “Mening qo‘l ostimda begona odam yo‘q! Hammasi sovet fuqarosi”. Parda Tursun “fuqaro”ni ko‘plik ma’nosida qo‘llagan, hozir biz uni birlikda ishlatamiz, ko‘plik ma’nosida esa unga yana bir ko‘plik qo‘shimchasi qo‘shib: “fuqarolar” deymiz.
Albatta, bu so‘zni sovetlar ham o‘ylab topmagan. Ular ham ruscha “гражданин”ga mos so‘zni o‘tmishdan, xalqimiz bisotidan izlagan. Qolaversa, sovet grajdanlari — proletariat (ya’ni “yo‘qsillar”) edi. Shu bois ham “fuqaro”ning “гражданин”ga aylanishi juda tabiiy kechgan.
O‘tmishda hukmron sinf oddiy xalqqa nisbatan “fuqaro”, “ra’iyat”, “taba’a” kabi so‘zlarni ishlatgan. Arab tili lug‘atini kuzatganda ma’lum bo‘ladiki, “ra’iyat” so‘zi — (chorvaga nisbatan) “yaylovda o‘tlatish, boqish”, (odamlarga nisbatan) “g‘amxo‘rlik qilish” kabi ma’nolarni bildiruvchi “ra’a” (“رَعَى”)fe’lidan yasalgan bo‘lib, “ra’iyat”ning birinchi ma’nosi — “poda”, ikkinchi ma’nosi esa: “hukmdorga tobe’ odamlar”, “fuqaro”ga to‘g‘ri keladi. Albatta, boylar o‘zlarini fuqaro, ya’ni qashshoqlar sinfiga mansub hisoblamagan.
“Fuqaro” so‘zining xalqimiz zehniyatida chuqur o‘rnashib olishining boshqa bir sababi, menimcha, tasavvuf bilan bog‘liq. Ma’lumki, tariximiz, adabiyot, san’at, me’morchilik, umuman, ma’naviyatimizni tasavvufsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Tasavvuf nuqtayi nazaridan “faqr” — bu yuksak maqom. Tariqat yo‘liga kirgan solik Haqiqatga erishish uchun Qur’oni karim oyatlari bilan asoslangan yetti maqomni (tavba, vara’, zuhd, faqr, sabr, tavakkul, rizo) bosib o‘tishi kerak bo‘lgan. “Faqr” maqomi to‘rtinchi bo‘lib, “Al-faqru faxriy” (“الْفَقْرُ فَخْرِى”), ya’ni: “Faqirlik faxrimdir”, — degan Payg‘ambarimiz (s.a.v) hadislariga asoslangan. “Faqr” tariqatda “zuhd”dan, ya’ni “dunyodan voz kechish”, “barcha dunyoviy ne’matlar, boylikni rad etish” maqomidan keyin keladi. Soddaroq qilib aytganda, faqir — bu dunyodan voz kechgan ma’nan boy inson. Shunday qilib, “faqir”ning “yo‘qsil” degan ma’nosini unga yuklatilgan falsafiy “ma’nan boy” ma’nosi neytrallashtirgan.
Ammo ushbu o‘rinda “fuqaro”ni tasavvuf istilohi emas, yuridik atama sifatida mushohada etmoqdamiz.
Endi o‘sha yuridik atamaning tarixiga nazar tashlasak.
Mutaxassislarga ko‘ra, bu tushunchaning eng qadimgi shakli antik davrdagi yunonlarning shahar-davlatlarida (“polis”) paydo bo‘lgan. Qadimgi Rimda shahar va uning atrofida aholi zich yashaydigan hududga nisbatan lotinchada: “civitas” yoki “cité” deyilgan. Ana shu hududda turg‘un yashaydigan erkin shaxslar (qullar emas) “jus civitas” (“fuqarolik huquqi”), ya’ni ana shu jamiyat, shahar, davlatga mansublik huquqiga ega bo‘lgan. Fuqarolik huquqiga (“jus civitas”) ega shaxslar qadimgi Rimda maxsus kiyim — “toga” (“toga”) kiyib yurgan va ular saylash, qonunlar muhokamasida ishtirok etish kabi huquqlarga ega bo‘lishgan. O‘z navbatida “civitas” — lotincha: “civis” so‘zidan bo‘lib, “civis” deganda jamiyat, o‘sha jamiyatga mansub har bir individ, hozirgi tilimizdagi “fuqaro” tushunilgan.
“Civitas” — bu odamlarning qabila, qarindosh-urug‘chilik asosida emas, qonun, muayyan ijtimoiy tartib-qoidalar, ijtimoiy institutlar asosida birlashishi edi. U boshqa jamiyatlarga nisbatan ilg‘or bo‘lganligi uchun “taraqqiyot” ma’nosidagi “sivilizatsiya” (“civilisation” = “shaharlashuv”) so‘zi ham o‘sha o‘zakdan yasalgan. “Civitas” keyinchalik “shahar” ma’nosidagi “cité”ga aylangan, ko‘pgina Ovro‘po tillarida, xususan inglizcha “fuqaro” ma’nosidagi “citizen”, fransuzcha “citoyen(ne)” “cité”dan kelib chiqqan.
Ammo ingliz va boshqa Ovro‘po tillarida “fuqarolik huquqi”, “fuqarolar urushi” kabi so‘z birikmalarida “citizen” emas, “civil” so‘zi qo‘llanadi: “civil law”, “civil war” (fransuzchada: “le droit civil”, “la guerre civile”) kabi. Chunki lotin tilida “civis”ning sifat (adjective) shakli “civiles” bo‘lib, “fuqarolar jamiyatiga oid” degan ma’noni bildiradi.
Rus tilining etimologik lug‘ati muallifi M.Fasmerga ko‘ra, rus tilidagi “гражданин” so‘zining qadimgi shakli: “горожанин” (shaharlik) bo‘lgan va u yunoncha “fuqaro” ma’nosidagi: “πολίτης” (“polítis”) so‘zidan kalka ko‘chirish yo‘li bilan yasalgan (Fasmer M.F. “Этимологический словарь русского языка”). Shu bois ruscha “гражданин” Ovro‘po tillaridagi ma’nodoshlariga yaqin.
Shuningdek, fors va tojik tillariga ham bu atama “shahrvand” deb lotincha asliyatga yaqin o‘girilgan. Bizda “fuqaro” bo‘lsa, qozoqlarda buning aksi — arabcha: “g‘oyat katta”, “buyuk” kabi ma’nolarni bildiruvchi “azamat” (“عظمة”) so‘zi tanlangan. Qirg‘izlar forschadan o‘zbek tili orqali qirg‘izchaga o‘tgan, “do‘stlar” ma’nosidagi — “jaran” (“yoron” — yor+on) so‘zini qo‘llaydi. Arab tiliga bu atama “vatandosh” ma’nosidagi “muvotin” so‘zi bilan o‘girilgan va hokazo.
Xo‘sh, o‘zbek tilida ham “fuqaro” o‘rniga sof o‘zbekcha boshqa bir so‘z topish mumkinmi?
Bir paytlar “rayon” arabcha “nohiya”ga shoshilinch almashtirilgandi. Ammo uni xalqimiz “hazm qilolmadi”. Shunda kimdir sof turkiycha “tuman” so‘zini taklif qildi. Bu so‘z shu qadar muvaffaqiyatli topilgan ediki, uning oldida yillar davomida o‘rganib qolingan “rayon” g‘aliz bo‘lib qoldi. Shu kabi arabcha “fuqaro” o‘rnida qo‘llash mumkin bo‘lgan chin o‘zbekcha so‘zlar ham bor aslida.
“Turmoq” fe’li o‘zbek tilidagi faol, serma’no fe’llardan biridir. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da bu fe’lning o‘n besh ma’nosiga izoh berilgan. Beshinchi va oltinchi izohlarni o‘qiymiz: “5. Istiqomat qilmoq, hayot kechirmoq, yashamoq... 6. Yashamoq, umr ko‘rmoq” (1981-yil nashri. 227-bet). Aytaylik, “vatan” so‘zi yasalgan arabcha “vatana” (“وَطَنَ”) fe’li ham, o‘zbekcha “turmoq” fe’li singari, “biror joyda istiqomat qilish, yashash” kabi ma’nolarni bildiradi. “Turg‘un”, “turmush” so‘zlari ham ana shu “turmoq” fe’lidan yasalgan. Lotincha “civis” ham turg‘un jamiyatga, turg‘un aholiga nisbatan ishlatilgan (“civis”ning lotincha talaffuzi: “kei:wis” bo‘lgan va o‘z navbatida, bu so‘z hind-ovro‘pocha “kei” o‘zagidan bo‘lib, “kei” — “yotuvchi”, ya’ni “mansublik”, “oila”, “bir oilaga, bir jamiyatga mansublik” kabi ma’nolarni bildirgan).
Aytaylik, jonli tilda biror kishidan “qayerda yashaysan?” — deb so‘ramoqchi bo‘lsak, “qayerda turibsan?” — deymiz.
“— Siz qayerda turasiz?
— Men o‘n yildan beri Toshkentda turaman.
— Turar joyingiz?
— Zarqaynar...” (N.Safarov. “Tarix tilga kirdi”).
Sovet davridan qolgan “propiska”niyam “ro‘yxatda turish” deb aytamiz.
Xullas, inglizcha: “citizen”, ruscha: “гражданин” atamalariga mos keladigan chin o‘zbekcha so‘z izlaydigan bo‘lsak, menimcha, ana shu “turmoq” fe’lidan yasalgan “TURG‘UN” so‘zidan munosibroq so‘z topish qiyin. Qiyoslang: O‘zbekiston fuqarosi — O‘zbekiston turg‘uni. // Men O‘zbekiston fuqarosiman — Men O‘zbekiston turg‘uniman.
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “turg‘un” so‘ziga shunday izoh berilgan: “1. Biror joyda doimiy yashovchi, o‘rnashib qolgan, muqim... Shaharning turg‘un xalqi”// “Men Sharqdan bo‘laman... Shu yerning turg‘uni” (G‘.G‘ulom)...” va h.k (230-bet).
G‘afur G‘ulom: “shu yerning turg‘uni” o‘rnida “shu yerning fuqarosi”, — deganida ham ma’no o‘zgarmasdi. Aytish mumkinki, “turg‘un” ham “grajdan”ning deyarli ma’nodoshi, shunga “nomzod” bir so‘z bo‘lgan.
Ammo faqat “fuqaro”ni “turg‘un”ga almashtirish bilan ish bitmaydi. U bilan bog‘liq butun boshli atamalar tizimini o‘zbekchalashtirishga to‘g‘ri keladi.
Aytaylik, ruscha: “гражданство”, inglizcha: “citizenship”ning hozirgi o‘zbekcha muqobili –“fuqarolik” (turkcha: “vatandaşlık”, “yurttaşlık”; tojikcha:” shahrvandӣ”; arabcha: “almuvotina”; qirg‘izcha: “atuulduk” (“otao‘g‘illik”); qozoqcha: “azamattыq”). Agar “fuqaro” “turg‘un”ga almashtirilsa, tabiiy ravishda “O‘zbekiston TURG‘UNLIGI” deb aytila boshlaydi.
Ammo shu o‘rinda ko‘pchilikning qulog‘iga singib qolgan “turg‘unlik davri” (“эпоха застоя Брежнева”) iborasi bu so‘zga soya tashlaganday tuyuladi. Lekin bu ikki “turg‘unlik” bitta narsa emas, grammatik jihatdan “-lik” qo‘shimchasi ham ot, ham sifat yasaydigan qo‘shimcha hisoblanadi. “O‘zbekiston turg‘unligi” iborasidagi “turg‘unlik” — ot so‘z turkumiga mansub va “nima?” degan so‘roqqa javob bo‘ladi. “Turg‘unlik yillari” iborasidagi “turg‘unlik” — sifat so‘z turkumiga mansub va “qanday?” (“qanday yillar?”) so‘rog‘iga javob bo‘ladi. Bu farqlilik ularga ma’nodosh sifatida qarashga imkon bermaydi. Bir misol: “ko‘k” so‘zi — “osmon” (ot) va “ko‘k rang” (sifat) ma’nolarini bildiradi. “Ko‘kka boqdim” va “ko‘k ko‘z” iboralari aslo bir-birlariga xalaqit bermaydi. “Turg‘unlik”ka nisbatan ham keyinchalik shunday ko‘nikma hosil qilinadi. Aytaylik, “tuman” ham endi joriy qilingan paytlarda tabiat hodisasi bo‘lgan “tuman” (yog‘in) bilan shakldoshligi uchun kimlargadir g‘aliz tuyulgan bo‘lishi mumkin.
Yuqorida ko‘rdikki, ingliz va boshqa Ovro‘po tillarida fuqarolikka oid ko‘pgina atamalarda “civil” (ruscha: “гражданский/-ая/-ое”) qo‘llaniladi.
Masalan, ruscha: “гражданская война” (inglizcha: “civil war”) turk va fors tillarida “ichki urush” (turkcha: “iç savaş”, forscha: “жанги дохилӣ”) deb aytiladi. O‘zbek va boshqa qardosh xalqlar tillarida esa ruscha “гражданская война” iborasidan nusxa ko‘chirilgan. Shu o‘rinda yana bir grammatik qoida xususida ikki og‘iz so‘z: sovet davrida ham o‘zbek tilida “grajdanlik urushi” emas, “grajdanlar urushi” deyilgan. Buning sababi turkiy tillarda ot so‘z turkumiga mansub so‘zlar sifat o‘rnida ham kelishi va “qanday?” so‘rog‘iga javob bo‘lishi mumkin. Xullas, bu iborani turk va fors tillaridagi singari — “ichki urush”, “mamlakat turg‘unlari ichki urushi” yoki “grajdanlar urushi” singari — “turg‘unlar urushi”, deyish mumkin.
Ruscha “гражданский брак” (inglizcha: “civil marriage”) deb, aslida, nikohsiz turmush qurishga aytiladi (turkcha: “medeni evlilik”, “resmi nikâh”, “medeni nikâh”, arabcha: “zavaaji madaniy”, ozarboyjoncha: “vətəndaş nikahı”, qozoqcha: “azamattыq neke”, qirg‘izcha: “jarandыk nike”). Bizning zehniyatimizda nikoh (shar’iy nikoh) diniy mazmunga ega. Ammo bu G‘arb turmushiga oid hodisa bo‘lganligi uchun “dunyoviy nikoh” yoki, turkchadagi singari, “turg‘unlarning rasmiy nikohi”, “rasmiy turmush qurish” kabi shakllarni qo‘llash mumkin.
Yana bir misol: inglizcha: “civil law” — o‘zbekcha: “fuqarolik huquqi” (ruscha: “гражданское право”, turkcha: “medeni hukuk”, qirg‘izcha: “жарандык укук”, qozoqcha: “азаматтық құқық”, ozarboyjoncha: “mülki hüquq”, tojikcha: “ҳуқуқи шаҳрвандӣ”, forscha: “қонуни маданий”). Bu ibora mamlakatda yashaydigan har bir turg‘un shaxsning huquqlari haqida. Menimcha, ushbu o‘rinda “mamlakat turg‘unlarining huquqlari”, “turg‘unlar huquqi” deyish mumkin bo‘ladi va hokazo.
Xo‘sh, nega “fuqaro” o‘rnida “yurtdosh”, “yerdosh”, “eldosh”, “vatandosh” kabi so‘zlarni qo‘llash mumkin emas? — degan savol tug‘ilishi mumkin.
“Devonu lug‘otit turk”da “yerdosh” (“jәrdäsh”) so‘zi — “hamshahar. Bu ikki kishining bir shahardan bo‘lishidir”, deb izohlangan (DLT. T.1963. III-t. 47-b.). Bu so‘z ilgari ham, hozir ham ko‘proq mahalliy ma’noda (ruscha: “земляк”) qo‘llaniladi.
“Yurtdosh”, “vatandosh” so‘zlariga kelsak, ular hozir ham faol iste’molda. “Vatandosh”, yuqorida guvohi bo‘lganimizdek, yarim arabcha. Agar sof o‘zbekcha bo‘lsin desak, “yurtdosh”ni tanlashimizga to‘g‘ri keladi. Ammo “yurtdosh”ning birlamchi ma’nosi shu qadar barqarorki, uni “o‘z lavozimi”da qoldirish ma’qulroq tuyuladi.
“Turg‘un” esa nisbatan arxaiklashib borayotgan so‘z. Uning “yangi lavozim”ga tiklanishi, ya’ni “fuqaro” o‘rnida qo‘llanishi, xuddi “tuman” so‘zining tilimizga qaytarilgani singari unga qaytadan jon ato etadi. “Turg‘un” so‘zining “turg‘un yulduzlar”, “turg‘unlik” kabi sifat shakli hozirgi o‘zbek tilida ko‘proq iste’mol qilinadi. Ammo “mamlakat turg‘uni” iborasidagi kabi ot shakli kam ishlatiladi. Bu esa unga “yangi lavozim”da “chalg‘imasdan ishlash” imkonini beradi.
Endi yana bir bor G‘afur G‘ulom satriga e’tibor qiling: “Men Sharqdan bo‘laman... Shu yerning turg‘uni!” — Axir bu yuqorida zikr etilgan lotincha atamaning sof o‘zbekcha muqobili emasmi?
“Fuqaro” xususida o‘ylarkanman, atoqli yozuvchimiz Nazar Eshonqulning “Tobut” nomli hikoyasi syujeti yodimga keldi: bir qishloqda o‘lim hodisasi ko‘p sodir bo‘ladi. Odamlar buning sirini bilolmay hayron. Shunda ular qishloq yaqinidagi bir tepalikdan turib qishloqqa qarab, ko‘rishadiki, qishloq tobut shaklida ekan.
Abduvohid HAYIT, filologiya fanlari nomzodi