Konstitutsiyamiz matni: aniq, qisqa, ravon, qat’iy
Qonun — davlat tomonidan qabul qilingan rasmiy hujjat. Uning amrini shu hududda, jamiyatda yashovchi har bir fuqaro, kim bo‘lishidan qat’i nazar, bajarishi, unga amal qilishi shart. Qabul qilingan qonun amaliyotda o‘z natijasini berishi uchun uning tili va uslubiga qonunchilik texnikasi nuqtayi nazaridan rasmiylik, qat’iylik, xolislik (neytrallik), o‘ta (maksimal darajada) aniqlik, soddalik, qisqalik, mantiqiy izchillik, qoliplashganlik kabi yuristlingvistik talablar qo‘yiladi. Aynan shu talablarga javob bergan qonungina fuqarolar ko‘nglidan joy oladi, amaliyotda tez “ishlab ketadi”, yaxshi samara beradi. Buning yorqin misolini Konstitutsiyamiz, uning tili va uslubida ko‘rishimiz mumkin. Bosh qomusimiz qonun ijodkorligi, qonunchilik texnikasi talablariga to‘la javob beradi.
Butun dunyo konstitutsiyalariga baho berishda qonunchilik texnikasi nuqtayi nazaridan bir mezon mavjud: konstitutsiya qancha qisqa, ya’ni so‘zlarning soni kam bo‘lsa, aynan shu konstitutsiya sifat jihatdan eng yuqori darajada tuzilgan hisoblanadi.
Shu nuqtayi nazardan qonunshunos olimlar va keng jamoatchilik tomonidan butun dunyo miqyosida AQSh konstitutsiyasi eng yuqori o‘rinda deb baholangan, unda jami o‘n ming atrofida so‘z mavjud.
Shu mezonlar bo‘yicha mamlakatimiz Bosh qomusi ham dunyo miqyosida yuqori o‘rinlardan birini egallaydi. Hisob-kitobimizga ko‘ra, Konstitutsiyamizda hammasi bo‘lib, olti ming atrofida so‘z ishlatilgan. Asosiy qonunimizning bunday ilg‘or jihatlari haqida har bir yurtdoshimiz bilishi, o‘rni kelganda, bu bilan faxrlanishi lozim.
Qonun tilida so‘zlarning qo‘llanishi haqida gap ketganda, ta’kidlash lozimki, boshqa qonunlarga nisbatan konstitutsiyada umumiste’moldagi so‘zlar juda keng ishlatiladi. Chunki ular mazkur hujjatning barcha fuqarolarga va keng jamoatchilikka tushunarli bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida hammasi bo‘lib olti ming atrofida so‘z ishlatilgan bo‘lsa, shuning 70 foizi umumiste’moldagi so‘zlardir. Bunday so‘zlar guruhiga quyidagilarni misol keltirish mumkin: xalq, manba, hayot, muhim, masala, umumiy, ish, alohida, prinsip, inson, sha’n, qadr-qimmat, qadriyat, faoliyat, mehnat, farovonlik, til, din, e’tiqod, barcha.
Konstitutsiyaning tili va uslubi haqida gap ketganda, u qabul qilingan yillar mamlakatimiz til islohotida qanday jarayonlar kechganini ham unutmaslik kerak. Bunda turli ijobiy jarayonlar, ya’ni boshqa tillardan noo‘rin o‘zlashgan so‘zlarni o‘zbekchalashtirish bilan birga, salbiy holatlar — o‘zbek tiliga o‘zlashgan barcha so‘zlarni yoppasiga “haydash”, ularning o‘rniga tilimizga mos kelishi va kelmasligidan qat’i nazar, sun’iy so‘zlarni qabul qilish jarayoni ham yuz berayotgan edi. Jumladan, nohiya (tuman), tayyoragoh (aeroport), tayyora (samolyot), jarida, oynoma (jurnal), baytul hikma (akademiya), kulliyot (fakultet) kabilar.
Xo‘sh, “Konstitutsiyamiz shunday sharoitda qabul qilingan ekan, bu uning tiliga ta’siri qilganmi yoki yo‘q?” degan savol barchamizni qiziqtirsa kerak.
Yo‘q, ta’sir qilmagan. Konstitutsiyamiz tiliga uzoq kelajakni ko‘zlab har jihatdan ijodiy yondashilgan bo‘lib, so‘z tanlashda o‘rta mezon tanlangan, ya’ni uning tilini o‘zbekchalashtiramiz, deb arabcha, forscha sun’iy so‘zlarga ham berilib ketilmagan, shu bilan birga faqat baynalmilal atamalar ham qo‘llangan emas.
Bu masalada adolatli, to‘g‘ri yo‘l tutilgan. Konstitutsiyamiz matnida Yevropa tillaridan noo‘rin o‘zlashgan qator so‘zlarning o‘zbekcha muqobillari berilgan, chunonchi: sistema — tizim, territoriya — hudud, sostav — tarkib, grajdanin — fuqaro, soyuz — uyushma, rayon — tuman, programma — dastur, komitet — qo‘mita, ministr — vazir, reviziya — taftish, oblast — viloyat, ideologiya — mafkura, akt — hujjat, veteran — faxriy, garantiya — kafolat, gimn — madhiya, gruppa — guruh, ministerstvo — vazirlik, traditsiya — an’ana, fond — jamg‘arma, ekonomika — iqtisodiyot tarzida ifodalangan. O‘z navbatida, bu so‘zlarning o‘zbekcha muqobillari o‘zini to‘la oqlaganini va shu atamaning ma’nosini aynan ifodalaganini bugun hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, Konstitutsiyamiz tilida butun dunyo xalqlari tomonidan bir xil tarzda ishlatiladigan terminlarning asl shaklida berilishi ayni muddaodir.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Konstitutsiyada hammasi bo‘lib olti ming atrofida so‘z ishlatilgan bo‘lsa, shundan taxminan 50 tasi xalqaro terminlar. Ular quyidagilar: respublika, konstitutsiya, suverenitet, demokratiya, prinsip, organ, gerb, referendum, prezident, partiya, sud, institut, normativ, subyekt, norma, telefon, bank, pensiya, yuridik, senzura, suveren, okrug, deputat, strategik, valyuta, kredit, budjet, komissiya, prokuror, ratifikatsiya, denonsatsiya, parlament, smeta, akkreditatsiya, diplomatik, orden, medal, amnistiya, normal, material, advokatura, kooperativ.
Bunday so‘zlar dunyo xalqlari bilan aloqa o‘rnatishimizda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki butun dunyo yuridik terminologiyasining aksariyatini lotin yuridik atamalari tashkil qiladi. Shu bois bugungi kunda bunday yuridik terminlar barcha xalqlarning tilida keng ishlatilmoqda.
Konstitutsiyani tuzishda qonun tiliga qo‘yiladigan barcha talablarga to‘la rioya qilingan. Matnlar o‘zbek tilining ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda tuzilgan. Shunga ko‘ra har bir jumla sodda va ravon. Bu esa matnda aniqlikni ta’minlovchi omil bo‘lib xizmat qilgan. Birorta ham uzundan uzun, noaniq ibora va gap uchramaydi. Har bir modda aniq, qisqa, ravon, o‘z navbatida, qat’iy ifodalangan. O‘zbek tilining grammatik qonun-qoidalariga to‘la amal qilingan. Bularning hammasi Konstitutsiyaning davlat tilida tayyorlanishi va shu tilda muhokamadan o‘tishining samarasidir.
Ta’kidlanganidek, butun dunyo qonunchilik amaliyotida shunday tajriba mavjudki, qonun matnidagi gaplar qancha qisqa tuzilgan bo‘lsa, shu hujjat mukammal qonunlar sirasiga kiradi. Konstitutsiyamizdagi har bir huquqiy norma o‘ta qisqa ifodalangan bo‘lib, gaplarda noo‘rin yoki ortiqcha qo‘llanilgan so‘zlarni topish amrimahol. Undagi gaplarning qisqa tuzilgani nisbiy bo‘lsa-da, buni quyidagi tajribada kuzatish mumkin.
Asosiy qonunimizning birinchi bo‘limida jami 30 ta gap mavjud. Ularning, har biri nechta so‘zdan tuzilgani o‘rganilganda, quyidagi holat aniqlandi:
10 tagacha so‘zdan iborat gaplar — 11 ta;
11–20 ta so‘zdan iborat gaplar — 14 ta;
20–30 ta so‘zdan iborat gaplar — 4 ta;
30–40 ta so‘zdan iborat gaplar — 1 ta.
Ko‘rinadiki, Konstitutsiyada huquqiy normalarni ifodalashda qisqalik prinsipiga to‘la amal qilingan.
Qonunda ifodalangan huquqiy normalar fuqarolar tomonidan taxmin, istak yoki gumon deb emas, balki bajarilishi shart bo‘lgan huquqiy me’yor deb qabul qilinadi. Uning amri hamma fuqarolarning xohish-irodasidan ustun. Shunga ko‘ra qonunda qat’iylik belgisi kuchli bo‘lishi kerak. Buni Bosh qonunimizning har bir moddasida kuzatish mumkin. Masalan, ayrim moddalardan keltirilgan quyidagi bandlarga e’tibor qarating:
O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi.
(O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 15-modda).
Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas.
(O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 12-modda).
O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yagona fuqarolik o‘rnatiladi.
(O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 21-modda).
Matndan ko‘rinadiki, bu huquqiy normalar o‘ta qat’iy ifodalangan. Ayniqsa, moddalardagi “so‘zsiz”, “hech qaysi”, “yagona fuqarolik” so‘zlari huquqiy normalarning qat’iyligini yanada oshirgan.
Bu o‘rinda alohida ta’kidlash lozimki, qat’iylik nisbiy tushuncha bo‘lib, u ba’zi qonunlarda o‘ta kuchli, ayrimlarida esa sal bo‘lsa-da, kuchsizroq sezilishi mumkin. Bu jihatdan Konstitutsiya o‘ta qat’iy ifodalanish xususiyatiga ega. Huquqiy normalarning qat’iy ifodalanishi qonunshunoslikda ijobiy holat hisoblanadi.
Shunga ko‘ra Konstitutsiyamiz nafaqat yuridik jihatdan, balki ifoda usuli nuqtayi nazaridan ham boshqa qonunlarga yuridik tilning yagona ilmiy-amaliy andozasi (etaloni) bo‘lib xizmat qilishi lozim. Biroq amaliyotda Asosiy qonunimizdagi ayrim huquqiy normalarni boshqa qonunlarda aks ettirganda Konstitutsiyadagi ifoda usuli, so‘z va atamalarni saqlash prinsipiga to‘la rioya qilinmayapti. Bu esa Konstitutsiyaning barcha qonunlardan ustunligi prinsipiga ziddir.
Bugungi kunda qonun ijodkorligi muammolaridan biri har doim ham yuqoridagi prinsipga amal qilmaslikda ko‘rinadi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasida “Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas” degan jumla mavjud. Bu huquqiy norma juda ham aniq va ravshan tuzilgan. U hamma uchun tushunarli. Bu huquqiy normani bundan-da aniq va ravshan ifodalab bo‘lmaydi.
Shuning uchun ham bu norma boshqa qonunlarda berilayotganida uning shu ifoda usuli saqlab qolinishi, Konstitutsiyada qanday berilgan bo‘lsa, shundayligicha o‘z ifodasini topishi ma’qul.
Afsuski, ko‘pgina qonunlarimizda aynan shu huquqiy norma turlicha. Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 8-moddasida bu norma shunday ifodalangan: “Ma’muriy huquqbuzarlik uchun hech kim qonun hujjatlarida belgilangan asoslar va tartibdan boshqacha tarzda ta’sir ko‘rsatish chorasiga tortilishi mumkin emas”.
Ko‘rinadiki, bu huquqiy normaning ifoda usuli birmuncha og‘ir. Uni fuqaro bir necha marta o‘qishi, mag‘zini chaqishi, shundan keyingina tushunishi mumkin. Agar shu huquqiy normani ifodalashda Konstitutsiyadagi qolip asos qilib olinib, quyidagicha berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi: “Hech kim ma’muriy huquqbuzarlik uchun qonunga asoslanmagan holda ma’muriy ta’sir ko‘rsatish chorasiga tortilishi mumkin emas”.
Umuman, huquqiy axborot norma sifatida shakllantirilayotganida, unda ifodalanayotgan har bir so‘z, qo‘shimcha, hatto tinish belgilari bittama-bitta “elak”dan o‘tkazilishi, lozim bo‘lsagina, shu so‘z yoki qo‘shimcha qoldirilishi maqsadga muvofiq. Huquqiy norma shunday tuzilishi kerakki, undagi hatto bitta vergulni ham olib tashlash mumkin bo‘lmasin.
Ko‘rinadiki, ikkala qonunda ham bir xil huquqiy norma ifodalangan. Lekin ularning ifoda usuli bir-biridan farq qiladi. Bu huquqiy norma Konstitutsiyada hammasi bo‘lib 29 so‘z orqali ifodalangan, birorta ortiqcha so‘z ishlatilmagan. Huquqiy normani tuzishda o‘zbek tilining grammatik qonun-qoidalariga to‘la rioya qilingan. Shuning uchun ham o‘ta aniq ifodalangan.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunda esa bu huquqiy meyor 33 so‘z orqali ifodalangan bo‘lib, bunda har bir so‘z o‘z o‘rnida ishlatilgan, deb bo‘lmaydi. Jumladan, dinga munosabati birikmasidagi munosabati so‘zi ortiqcha bo‘lib, shu tushunchani Konstitutsiyadagi singari dini so‘zi bilan ifodalash mumkin edi. Shuningdek, bu moddada sajiya so‘zining ishlatilishi bilan qo‘pol xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Matnda lingvistik nuqtayi nazardan leksik-grammatik tavtologiya ham yuz bergan. Jumladan, holati so‘zi ikki marta ishlatilgan. Vaholanki, shu so‘zni bir marta qo‘llash ham mumkin edi. Moddada grammatik qo‘shimchalarni ishlatishda ham uslubiy jihatdan xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Matnda mashg‘ulotining turi va sajiyasi hamda boshqa holatlardan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar
deyilganda, holatlardan so‘zida ko‘plik qo‘shimchasidan so‘ng uchinchi shaxs egalik qo‘shimchasi (-i) tushirib qoldirilgan. Bundan tashqari, matnda chiqish kelishigi qo‘shimchasi (-dan) 7 marta (kelib chiqishlaridan, mulkiy holatidan, millatidan, tilidan, dinga munosabatidan, boshqa e’tiqodlaridan, boshqa holatlaridan) ishlatilgan. Aslida, -dan qo‘shimchasini Konstitutsiyadagi singari bir marta ishlatish yo‘li bilan shu huquqiy normani aniq ifodalash mumkin edi. Matnda son kategoriyasini qo‘llashda ham xatolik bor. Konstitutsiyaning yuqoridagi moddasida so‘zlar asosan birlikda (jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan) ifodalanib to‘g‘ri shaklda berilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunda esa -lar qo‘shimchasi uch marta (kelib chiqishlaridan, boshqa e’tiqodlaridan, boshqa holatlaridan) ishlatilib, uslubiy jihatdan xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Shuningdek, bu moddada “qat’i nazar” so‘zi “qat’iy nazar” tarzida yozilib, orfografik xatolik ham yuzaga kelgan.
Bundan tashqari, bu huquqiy normada boshqa e’tiqodlaridan deyishning o‘zi mantiqiy jihatdan to‘g‘ri emas. Chunki kishining e’tiqodi bir nechta bo‘lmaydi, e’tiqodi ko‘p bo‘lsa, unda e’tiqodsiz odam hisoblanadi.
Agar yuqoridagi ikki norma fuqarolarga tushunarlilik nuqtayi nazaridan tahlil etilsa, Konstitutsiyadagi shaklning muvaffaqiyatli ekanini ta’kidlash lozim.
Shunga ko‘ra Bosh qomusimizda ifodalangan har bir huquqiy norma boshqa qonunlarda ifodalanganda Konstitutsiyadagi huquqiy shaklni saqlash qonunshunosning burchidir. Bu bilan, birinchidan, Konstitutsiyaning boshqa qonunlardan ustunligi ta’minlansa, ikkinchidan, undagi har bir huquqiy norma uzoq muddat ishlanishi, xalq muhokamasidan qayta-qayta o‘tishi natijasida ravonlashib boradi, yetti o‘lchab bir kesiladi.
Qolaversa, bu qonunni amaliyotda qo‘llovchilar uchun ham qulaylik tug‘diradi. Chunki Konstitutsiyadagi har bir huquqiy norma fuqarolarga ancha tanish bo‘ladi. Ular boshqa qonunlarda ham shu huquqiy norma bilan tanishganlarida, uni bir o‘qishda o‘zlashtirib oladi. Bu esa huquqiy normalarning fuqarolar tomonidan tez va oson ilg‘ab olinishiga va buning natijasida inson xotirasida uzoq muddat saqlanib qolishiga erishiladi.
Shu nuqtayi nazardan “Davlat tili haqida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasini va 2030-yilgacha mamlakatimizda davlat tilini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishda quyidagi jihatlarga alohida e’tibor berish zarur:
birinchidan, kelajakda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining professional darajada qonunshunos bo‘lishi uchun hozir yangi saylanayotgan nomzodlarning davlat tilini nafaqat yaxshi bilishi, balki ularning yozma savodxonligiga ham alohida e’tibor qaratish zarur. Ayniqsa, nomzodlarning ichida til va huquq bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar, jumladan, huquqshunoslar, jurnalistlar, muharrirlar va tilshunoslar ko‘proq bo‘lishi maqsadga muvofiq;
ikkinchidan, Qonunchilik palatasining yangi saylangan deputatlari qonunlarning sifat jihatdan mukammal ishlab chiqilishiga, normativ-huquqiy hujjatlarning tili va ifoda uslubi masalalariga alohida e’tibor berishi zarur. Shu bois yangi deputatlarning professional darajada qonunshunos bo‘lishi uchun saylangandan keyin ularga norma ijodkorligi, qonunchilik texnikasi, qonun tili, uslubi va yuridik terminlarni qo‘llash san’ati yuzasidan bilimlar berilishi, seminar-treninglar tashkil etilishi zarur;
uchinchidan, normativ-huquqiy hujjat loyihalarining qoida sifatida faqat va faqat davlat tilida tayyorlanishiga erishishimiz zarur. Qonunlarning o‘zga tillarda ishlab chiqilib, so‘ng o‘zbek tiliga o‘girilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak;
to‘rtinchidan, ayrim rivojlangan davlatlar, jumladan, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya kabi mamlakatlarning qonunchilik tajribalaridan kelib chiqqan holda qonun loyihasi qabul qilinishidan oldin O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamentiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutiga ekspertiza uchun jo‘natilishi zarur. Qonun loyihasi bu yerda tilshunoslar tomonidan muhokamadan o‘tkazilishi kerak. Ular tomonidan chuqur ilmiy asoslangan yozma xulosa bo‘lgandagina qonun loyihasi muhokama uchun parlament a’zolariga berilishi zarur.
Qonunlarning til va uslub nuqtayi nazaridan mukammal darajada bo‘lishi uchun qonun tayyorlovchi tashkilot va muassasalar bilan O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti o‘rtasida kelishuv yo‘lga qo‘yilishi yaxshi samara beradi. Bu yerda qabul qilinayotgan qonun loyihasi tilshunos olimlar tomonidan har tomonlama jiddiy o‘rganilishi va o‘zbek tilining grammatik qonun-qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan jihatlar aniqlanib, bartaraf etilishi lozim. Shuningdek, huquqiy normalarni ifodalashning xalqchil va sodda shakllari ishlab chiqilishi maqsadga muvofiq;
beshinchidan, mamlakatimiz mustaqillikka erishib jahon xalqlari bilan iqtisodiy, siyosiy, huquqiy va madaniy aloqalarimiz yuksalib borayotgan bugungi kunda o‘zbek milliy qonunlarini ingliz, fransuz, nemis, yapon kabi nufuzli tillarga tarjima qilish dolzarb vazifadir. Bu ishni markazlashtirgan holda olib borish maqsadga muvofiq. Nazarimizda, qonun chiqaruvchi organ — Oliy Majlis qoshida qonunlar tarjimasi bilan shug‘ullanadigan maxsus qo‘mita yoki bo‘lim tuzilishi lozim. Bu yerda yetuk mutaxassislar tomonidan qonunlar boshqa tillarga o‘girilishi zarur.
Globallashgan hozirgi paytda xorijiy tillar(ingliz, rus, fransuz, nemis)dagi yuridik terminlarni o‘zbek tiliga har kim o‘zi bilganicha tarjima qilib ishlatmoqda. Xorijiy terminlarni qabul qilish mezon va mexanizmlari aniq ishlab chiqilmagan. Shu bois Qonunchilik palatasi va Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi yuridik terminlarining Yagona umumhuquqiy tezaurusini yaratish, bunda yuridik terminlarni unifikatsiya qilish va standartlashtirishga alohida e’tibor qaratish, ularni keng muhokamadan o‘tkazish va qabul qilingandan keyin uni internet tizimiga onlayn shaklda joylashtirish bugungi kunning dolzarb vazifasidir.
O‘zbek yuridik tilini takomillashtirish, uni tartibga solish va kamol toptirish Vatanini, millatini sevuvchi har bir ziyolining, birinchi navbatda, huquqshunos va tilshunoslarning burchidir. Chunki birinchidan, o‘zbek yuridik tili o‘zbek adabiy tilining ajralmas tarkibiy qismi sifatida millatni, uning tarixiy taraqqiyotini, ma’naviy-huquqiy qadriyatlarini ifoda etadi. Ikkinchidan, o‘zbek yuridik tilini takomillashtirish bilan millatning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish yo‘lida muhim qadam qo‘yiladi. Barcha qonunlarimiz matni xuddi Konstitutsiyamizdagi singari aniq va ravon ifodalansa, barchaga birdek tushunarli bo‘lsa, ularning amalda “ishlashi” yanada samarali bo‘ladi.
Shuhrat KO‘CHIMOV, Toshkent davlat yuridik universiteti professori, filologiya fanlari doktori