Tilimizni dunyoga olib chiqish zarurati
Yurtimizda ta’lim tizimida olib borilayotgan ulkan o‘zgarishlar o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitishda ham islohotlarni talab qiladi. Bunday o‘zgarishlar ona tilimiz va adabiyotimizning xalqaro ta’lim tizimidagi o‘rni va ahamiyatini yangidan shakllantirish zaruratini kun tartibiga qo‘ymoqda.
Hozirgi davrda xalqning mentaliteti, madaniyati va ichki dunyosini tushunish, uni olamga namoyon qilish uchun til bilishning o‘zi kamlik qiladi. Milliy adabiyot va uning poetikasini shakllantirish uchun tilni xalqaro tillar vositasida o‘rgatish zarurati borligi ham ma’lum. Bu borada rus tili va adabiyotining qator tillarda o‘qitilishi misol bo‘la oladi.
Ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar ham o‘zbek tili va adabiyotini xalqaro tillarda o‘qitish va o‘rgatishni talab qilmoqda. Globallashuv zamonida bunday zarurat o‘zbek tili va u yorqin aks etgan adabiyotimizning intellektual va poetik boyligini namoyon qilish bilan izohlanadi. Mamlakatimizda tashkil qilinayotgan yangi ta’lim muassasalarida fanlarni o‘qitish ingliz va boshqa xalqaro tillarda olib borilmoqda. Bunday ta’lim sharoitida zamon bilan hamnafas bo‘lish ahamiyatlidir, qator ta’lim muassasalarida ayrim fanlar ingliz tilida o‘qitilmoqda.
Bunga muvofiq “dunyodagi eng boy va eng go‘zal til” (Fitrat) bo‘lgan turkiy tilning qonuniy merosxo‘ri bo‘lmish o‘zbek tilining barcha funksional imkoniyatlari, badiiy-poetik go‘zalligi hamda nutqiy ravonligini olam ahliga namoyon qilish zarurati ortishi tabiiy.
Hozirga qadar O‘rta Sharq adabiyoti deyilganda asosan fors-tojik adabiyoti tarixi nazarda tutilgan. Sababi, bu adabiyot namunalari qator xorijiy tillarga tarjima qilingan yoki xorijiy tillarda ularni o‘rganish va o‘qitish yo‘lga qo‘yilganidadir. Vaholanki, o‘sha o‘rta asrlardayoq turkiy — o‘zbek tilining poetik imkoniyatlari fors-tojik tilidan kam emasligi qator asarlarda qayd qilingan. Arab tili fasih (fasohatli, mazmundor), fors tili malih (malohatli) deb ta’riflangan bo‘lsa, turkiy til sahih (to‘g‘ri, ravon) til sifatida tan olingan.
Qadimgi turkiy til yodgorliklari dunyoning qator mamlakatlarida zabardast olimlar tomonidan o‘rganilgan. Ularning jahon xalqlari san’ati va madaniyatiga qo‘shgan hissasi e’tirof etilgan. XII–XIII asrlarda yaratilgan Oltin O‘rda yodgorliklarining tili ham bevosita eski o‘zbek tilida ekanligi bizning bu adabiy-madaniy yodgorliklarga daxldorligimiz hamda ularni geografik-lisoniy jihatdan qayta o‘rganish zarurati borligidan dalolat beradi.
Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy, Bobur kabi jahonga nom taratgan adabiyot namoyandalarining asarlarini qator tillarda jahon ahliga yetkazish, o‘sha tillarda ularning yangi tahlillarini yaratish hozirgi o‘zbekshunoslik va o‘zbek filologiyasining dolzarb vazifasidir. Qolaversa, hozirgi o‘zbek tili va adabiyoti yutuqlari, ularning o‘rganilish darajasini boshqa tilli olimlarga yetkazish zarurati bor.
O‘zbek tilining lug‘at boyligi, ma’no va mohiyat ko‘lami uni boshqa tilda o‘qitganda yanada jozibali, aniq va ulug‘vor ko‘rinishi tajribada sinalgan. Butun O‘zbekistondagi qator shahar va tumanlarda xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktab, litsey va kollejlar faoliyat yuritmoqda. Yana, chet mamlakatlar bilan hamkorlikda oliy o‘quv yurtlari filiallari tashkil qilinmoqda. Ularda o‘zbek tilining o‘qitilish holatini talab darajasida deyish qiyin. Sababi, qator fanlardan ta’lim xorijiy tilda olib borilgani holda faqat o‘zbek tili alohida o‘qitiladi yoki umuman o‘qitilmaydi. Ularga ingliz yoki boshqa tillarda o‘zbek tilini o‘qitishi mumkin bo‘lgan pedagoglar hozirga qadar O‘zbekistonda tayyorlanmagan. Bu borada yangi ochilgan Prezident maktablarida fanlardan mashg‘ulotlar xorijiy tillarda olib borilayotganini hisobga olsak, masalaning ahamiyati yanada ortadi. Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakulteti faqat tor doirada ilmiy tarjimon va ilmiy xodimlar tayyorlashga ixtisoslashgan, xolos.
O‘tgan asrning 70—80-yillarida Markaziy Osiyodan O‘ljas Sulaymon va Abdulla Oripov sobiq ittifoq yoshlar tashkilotining davlat mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan edi. O‘sha vaqtda O‘ljas Sulaymonning o‘zi rus tilida yozgan she’rlari maxsus olqishga ega bo‘lib, Abdulla Oripovning tarjima she’rlari mukofotdan istisno qilingan. Vaholanki, Chingiz Aytmatov va O‘ljas Sulaymonning asarlari tarjimasiz rus tilida yozilganligi sababli ham dastlab sobiq ittifoqda, qolaversa, dunyoda keng yoyilganini unutmasligimiz kerak. Badiiy asarning ommaviyligi ko‘p hollarda tilining originalligiga ham tayanadi, tarjimaga emas. Bundan ko‘rinadiki, rus tilida yozilgan asarlar muallifi o‘z his-tuyg‘ularini o‘sha tilda aniq va yorqin aks ettira olgan. O‘zbek tili, adabiyoti va umuman o‘zbekning ichki va tashqi dunyosini keng va muvaffaqiyatli namoyon etish uchun uni targ‘ib qilish hamda o‘qitish kerak. Toki boshqalar o‘zbekning qalbidagi dunyoni uning o‘zidan eshitsinlar.
O‘zbek tili va adabiyoti mutaxassisligi talabalarining xorijiy tillarni o‘rganishga ehtiyojini qondirish uchun respublika pedagogika oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tili va adabiyotini xorijiy tillarda, eng avvalo, ingliz tilida o‘qitish hamda bu fanni shu tillarda o‘qita oladigan mutaxassislar tayyorlash zarurati bor.
Qolaversa, o‘zbek mumtoz adabiyoti va ilm-fanining noyob namunalari qator xorijiy mamlakatlarda saqlanadi. Ularda ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishi mumkin bo‘lgan kadrlar xorijiy tilni nafaqat bilishi, balki o‘sha tilda o‘z sohasini yoritib berishi ham kerak. Hozir nafaqat zamonaviy, balki mumtoz o‘zbek adabiy tilining bor joziba va ma’nodorligini ochib berish uchun o‘zbek tilidagi ta’limni yangi, xorijiy tillardagi ta’lim bilan to‘ldirish zarur. Vaholanki, har qanday madaniyat ko‘plab xalqlarda ularning o‘z ona tillarida aks etgandagina tushunarli, ahamiyatli va jozibador bo‘ladi. Har bir inson o‘zining tili chiqqan muhitda borliqni tasavvur qiladi. Shu muhit uning uchun ideal, shuning uchun inson tasavvuri uning orzu-umidlari asnosida rivoj topadi. O‘zbekning boy tasavvuri, fantaziyasi o‘zbek tilida jarangdor bo‘lgani bilan boshqa tilda o‘zga tilli insonga yetarlicha rohat bag‘ishlay olmasligi mumkin. Bu yerda eng muhim holat — tasavvurning, inson ijodiy fantaziyasining baynalmilal xarakteri. Biroq bu xarakter muttasil milliy mentalitet atalmish muhitdan ozuqa oladi. Milliy mentalitetning DNKsi esa, uning ona tili yoki u ulg‘aygan, uning dunyoqarashi shakllangan muhitda hukmron bo‘lgan til.
Shu kabi muhim argumentlarni dastur qilib olgan holda O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlari tizimi tarkibida o‘zbek tili va adabiyotini xorijiy tillarda o‘qitadigan mutaxassislar tayyorlash zarurati bor, deb hisoblaymiz hamda o‘zbek filologiyasi tarkibida o‘zbek-ingliz komparativ filologiya guruhlari tashkil etilishini taklif qilamiz. Toki O‘zbekistonda o‘zbekning ma’naviy boyliklarini xorijiy tillarda tavsiflab bera oladigan yoshlarni yetishtirish maktabdan boshlansin.
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti bazasida o‘zbek-ingliz komparativ filologiya bo‘limining ochilishi bilan bu tillarni qiyosiy o‘rganadigan, o‘zbek tili va adabiyotini maxsus ta’lim muassasalarida xorijiy tillarda o‘qita oladigan mutaxassis, va umuman, bu sohada yuqori saviyali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash uchun asos solingan bo‘lur edi.
Bu borada quyidagi tashkiliy ishlarni amalga oshirishni taklif qilamiz:
Birinchidan, o‘zbek filologiyasi yo‘nalishiga qabul qilingan talabalar ichidan sohaga qiziqadigan, layoqati bor, ingliz tilini muayyan darajada biladigan talabalarni tanlab olish.
Ikkinchidan, o‘zbek tili va adabiyotiga oid xorijiy tillardagi ilmiy, ilmiy-ommabop va badiiy adabiyotlarni topish, yig‘ish va ulardan iborat alohida kutubxona tashkil qilish.
Uchinchidan, o‘zbek tili va adabiyoti namunalarining ingliz va boshqa tillarga qilingan tarjimalarini to‘plash va ularning ilmiy salohiyatini o‘rganish hamda mana shu ilmiy meros asosida dastur tuzish.
To‘rtinchidan, ilmiy pedagoglar guruhini shakllantirish.
Beshinchidan, sohaning DTS, fan dasturi, ishchi dasturi va amaldagi qonunchilikka oid barcha hujjatlarini tayyorlash va tasdiqlatishga doir ishlarni olib borish. Chirchiq davlat pedagogika instituti bazasida o‘zbek-ingliz komparativ filologiya bo‘limining amaldagi qonunchilikka oid hujjatlarini shakllantirish, nizomi, dasturi va o‘quv rejalarini yaratish hamda tasdiqlatish.
Oltinchidan, Chirchiq davlat pedagogika instituti bazasida tarjimashunoslik markazini yaratish. Markazda turli tillarni biladigan mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish uchun zarur sharoitlar yaratish.
Yettinchidan, markaz bazasida o‘zbek tili va adabiyotini boshqa til hamda adabiyotlar bilan qiyosiy o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiyalar uyushtirish.
Sakkizinchidan, jahonning ilg‘or filologik maktablari mavjud mamlakatlar oliy o‘quv yurtlari bilan ilmiy-amaliy hamkorlik o‘rnatish, kadrlar almashuv tizimini yo‘lga qo‘yish.
To‘qqizinchidan, O‘zR FA tarkibidagi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori, Sharqshunoslik, Sharq qo‘lyozmalari institutlari bilan hamkorlikda o‘zbek tili va adabiyotining jahon hamjamiyatida o‘rganilishi, targ‘ib qilinishi hamda uning dolzarb muammolari ustida ishlash.
O‘ninchidan, o‘zbek tili va adabiyotining eng ilg‘or yutuqlari, ularning poetik xususiyatlari va o‘ziga xos etnik-lisoniy madaniyatini jahon ilm ahli orasida targ‘ib qilish.
O‘n birinchidan, doimiy ravishda turli darajalardagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda tadqiqot natijalarini ommalashtirib borish.
Bu vazifalarning bajarilishi hali ishning boshlanishi, xolos. Bu o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini yuksaltirishda yangi yo‘nalishga asos solishi tabiiy. Vaholanki, yangi ijtimoiy-siyosiy sharoitda davlat tili borasida muttasil ijodiy-kreativ fikrlar paydo bo‘lishi tabiiy.
Muso TOJIBOYEV, Chirchiq davlat pedagogika instituti dotsenti