“Biz o‘qisak, o‘quvchi ham o‘qiydi”
Toshkent tumanidagi 26-maktabda “Matbuot kunlari” doirasida Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi ta’lim nashrlari xodimlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatdagi maktab o‘qituvchilari va ijodkor o‘quvchilar ishtirok etdi.
— Bu uchrashuvni orziqib kutdim, — deydi Yangiyo‘l tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi Dilfuza Suvonova. — Ta’lim nashrlari biz o‘qituvchilarning yaqin ko‘makchimiz, hamkorimiz. Tajribalarimiz, yangiliklarni mana shu nashrlar orqali ommaga havola etamiz, hamkasblarimiz bilan tajriba almashamiz. “Ma’rifat” gazetasida ko‘plab maqolalarim e’lon qilingan. Oila a’zolarim, hatto o‘quvchilarim maqolalarimni o‘qib, menga faxr bilan qaraydi. Bundan kuch olaman. Matbuotga munosabatimni ko‘rib, farzandim ham bolalar nashrlarini o‘qishga qiziqyapti. O‘quvchilarim ijodiy ishlari “Tong yulduzi” gazetasida chop etilishini istab yonimga keladi. Ularga bajonidil yordam beraman. Bundan angladimki, biz gazeta o‘qisak, o‘quvchi ham o‘qiydi.
Uchrashuv davomida o‘qituvchi va o‘quvchilar tahririyat xodimlariga o‘z takliflarini bildirdi.
Uchrashuvlar Piskent tumanidagi 4-maktabda davom etdi.
— Angren shahridan ta’lim nashrlari vakillari bilan dildan suhbatlashgani keldim, — deydi 17-maktab o‘qituvchisi Dilafro‘z Ismoilova. — “Ma’rifat” gazetasi — sevimli nashrim. Undagi metodik materiallar biz — pedagoglarga beminnat ko‘makchi. “O‘qituvchi minbari”, “O‘qituvchi nimani o‘ylaydi?”, “Mushtariy muhokamasi” ruknlarini doimiy kuzatib boraman. Ularda o‘qituvchini qiynayotgan muammolar, ta’limdagi dolzarb mavzular yoritilyapti. Shuningdek, o‘zbek adiblari haqidagi esselar, asar tahliliga bag‘ishlangan, o‘qituvchilar huquqlarini himoya qilib yozilgan maqolalar bizga juda ma’qul bo‘lyapti.
“Ma’rifat” gazetasida o‘z maqolalari bilan faol ishtirok etib kelayotgan Toshkent viloyati muallimlariga faxriy yorliqlar topshirildi.
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri