Darslik muallifining mas’uliyati
Har bir xalqning moddiy boyliklari qatori ma’naviy qiyofasini belgilovchi adabiy mulki ham bo‘ladi. Shu bois ham ma’naviyat va madaniyat tushunchalari o‘tmishni bugunga, bugunni esa kelajakka bog‘lovchi ko‘prikdir. Ota-bobolarimizning go‘zal fazilatlari, qadriyatlari, tajribalarini shu tarzda o‘rganamiz. Milliy madaniyat hamda asriy an’analarni o‘quvchi yoshlar adabiyot darsliklaridagi xalq og‘zaki ijodi namunalari orqali taniydi. Biroq ayni zamonda darslik mualliflari asarlardan parchalar keltirayotganda e’tiborli bo‘lishi talab etiladi. Misol uchun, umumta’lim maktablarining 11-sinfi va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining o‘quvchilari uchun chop etilgan adabiyot darslik-majmuasida keltirilgan doston parchalarida ayrim jumlalar o‘quvchi yoshiga mos kelmaydi. Shuning uchun ular asarning boshqa parchalari bilan almashtirilishi maqsadga muvofiq.
Aytish kerakki, darslik kitob va kitobxonlik to‘g‘risidagi kirish so‘zi bilan boshlangan. Xalq og‘zaki ijodi, qadimgi turkiy adabiyot namunalari, o‘zbek mumtoz adabiyotining nodir durdonalari ushbu majmuadan o‘rin olgan. Ularni o‘qib-o‘rganish jarayonida o‘quvchining ma’naviyati, dunyoqarashi bir qadar ijobiy tomonga o‘zgaradi. Lekin aynan shu darslikdagi “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi” dostonidan keltirilgan parcha haqida bunday fikrni aytolmayman. Parchada Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi, uning mardligi, irodasi, jasorati to‘g‘risidagi lavhalar bilan bir qatorda, g‘ururi baland, or-nomusni baland qo‘yadigan o‘zbek ayollari tasvirlangan. Biroq darslikning 39-sahifasida keltirilgan jumlalarni ko‘rib hayratlandim. Buni o‘qituvchi o‘quvchilarga qanday tushuntirib berishini tasavvur qilolmadim: “...Zaydinoyning yomon qitig‘i kelib ketdi, sakrab Go‘ro‘g‘lidan bir gaz yuqori bo‘lib ketdi”.
Bu tasvirlar uni o‘qigan o‘quvchida qanday taassurot qoldiradi? O‘quvchi tasavvuridagi ma’naviyati yuksak ajdodlarimiz, insoniy fazilatlarga boy baxshi bobolarimiz haqidagi tushunchalarga putur yetmaydimi?
Faqatgina ushbu darslik emas, o‘n yillardan buyon o‘qitib kelinayotgan 7-sinf darsligidan o‘rin olgan “Ravshan” dostoni haqida ham shu fikrlarni aytish mumkin. Dostondan keltirilgan parchada Ravshanning mardligi, olijanobligi, mustahkam e’tiqodi va Zulxumorning mehnatkashligi to‘g‘risidagi tasvirlar tahsinga sazovor. Lekin Zulxumorning Ravshanni bog‘iga kiritib, otasidan yashirincha birga yashashlari to‘g‘risidagi tasvirlarni o‘qigan o‘quvchi, ayniqsa, o‘quvchi qizlar o‘zlariga qanday ibrat olishlari mumkin?!
Shunday ekan, bugungi kun adabiyot darsliklarini qaytadan ko‘rib chiqish va o‘quvchilarimiz ma’naviyati, dunyoqarashiga faqat ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi lavhalarni saralab kiritish kerak. Chunki ma’naviyati yuksak, yetuk insonlarni tarbiyalashda darslik mualliflariga ham katta mas’uliyat yuklanadi.
Dilafro‘z SOYIPOVA, Samarqand shahar yuridik kolleji o‘qituvchisi