“Adolat qutisi” nega bo‘m-bo‘sh?
Bolalarni tarbiyalash chog‘ida bu mumkin emas, bu mumkin, degan so‘zlarni ko‘p ishlatamiz-u, aslida, ularning qiziqishi, fikri bilan o‘rtoqlashishni ko‘pincha unutamiz. O‘zi o‘quvchi nimani xohlayapti? O‘qituvchilarning o‘tgan darslaridan mamnunmi? Ta’lim muassasalarida tashkil etilgan “Adolat qutisi”ga hech e’tibor berganmisiz? Negadir bo‘m-bo‘sh. Go‘yo o‘quvchini hech bir muammo qiynamayotgandek. U holda bugungi kunda o‘qituvchi va o‘quvchi, ota-ona va farzand, o‘quvchilar o‘rtasidagi o‘zaro ziddiyatlar qayerdan kelib chiqyapti?
Sinfimda 26 nafar o‘quvchi bor. Har birining taqdiriga o‘zimni javobgar his qilaman. Har juma kuni tarbiyaviy soatda ularning fanlardan hafta davomida olgan baholarini tahlil qilib, jonli muloqot olib boraman. Sinf jurnaliga qo‘yilgan baholar kundalik reyting daftariga qayd etilganiga alohida e’tibor qarataman. Shu asosida o‘quvchilarning ota-onalariga o‘zimning taklif va tavsiyalarimni yozib yuboraman.
Ushbu sinfga ilk rahbarlik qilganimda “3” bahoga o‘qiydigan o‘quvchilar 8 nafar edi. Bugungi kunga kelib bu ko‘rsatkich 4 nafarga kamaydi. O‘quvchilarimga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatishni kasbimga nisbatan haqorat deb bilaman. Sinf jurnali — shu sinf o‘quvchilarining yuzi, ularga qo‘yilgan baho qaysidir ma’noda menga ham qo‘yilgandek, nazarimda. Shuning uchun o‘quvchilarimning o‘zlashtirish darajasi, darslarga munosabati men uchun birlamchi masalaga aylangan. Ayniqsa, o‘smir yoshidagi o‘quvchilarning qiziqishini o‘rganish juda ham muhim.
Har bir o‘quvchiga “O‘rgan — o‘rgat”, “Biz bir oilamiz” tamoyili asosida darsdan so‘ng bir-birlariga ko‘maklashish uchun sharoit yaratib beraman. Bunday ijobiy muhit sinf davomatini 100 foizga olib chiqadi. O‘quvchi maktabga majburan emas, ixtiyoriy tarzda kelishiga erishamiz.
G‘ayratjon QORABEKOV, Bulung‘ur tumanidagi 11-maktab o‘qituvchisi