“1000 $ maoshga qachon yetamiz?”
Ta’lim — shu yurtning jonkuyar fuqarosi, farzandi kelajagi yo‘lida qayg‘urgan ota-ona uchun eng muhim va birlamchi soha. Shuning uchun unda kechayotgan islohotlar, yangilanishlar, muammo-yu kamchiliklar kasbidan, ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, barcha fuqarolarga birdek daxldor. “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi Maslahat.uz guruhida Xalq ta’limi vazirligining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Anvar Umarov hamda jamoatchilik o‘rtasida qizg‘in suhbat kechdi. Muloqot mazmuni ta’lim jarayoniga bevosita bog‘liq bo‘lgani bois uni gazetamiz mushtariylari uchun ham ahamiyatli deb bildik.
Bahodir Boboyev: — Joylarda maktab direktorlarini saylash va o‘qituvchilarni ishga qabul qilishda haliyam eski usullar qo‘llanmoqda. Bunga qarshi biror chora-tadbir ko‘rilyaptimi?
Anvar Umarov: — 2019-yildan maktablarda Kuzatuv kengashlari tashkil etilgan. Bu kengashlar maktab, jumladan, direktor faoliyatini nazorat qiladi. Kuzatuv kengashlari direktorni lavozimga tayinlash va ozod etish vakolatiga ega.
Jasur Nuraliyev: — Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifalarda “Qaysi viloyat XTB boshlig‘i eng faol?” kabi so‘rovnomalarni o‘tkazishdan maqsad nima? Sababi bunaqa so‘rovnomalar reallikdan yiroq bo‘ladi, ayirmachilikka olib keladi. Viloyat XTBdan qo‘l ostidagi o‘qituvchilarga kirib mudirimizga ovoz beringlar degan buyruq keladi.
Anvar Umarov: — Turli so‘rovlar o‘tkazish biz uchun kerak. Albatta, so‘rovlar xolis bo‘lishi lozim. O‘qituvchilar o‘z fikrini bildirsin.
Jasur Nuraliyev: — Ta’lim uchun biror tashabbusga qo‘l urmoqchi yoki me’yoriy hujjat ishlab chiqmoqchi bo‘lsangiz, maktablarda ishlayotgan o‘qituvchilarning fikrini olib, so‘ng muhokamaga qo‘yishingizni so‘rardim. O‘qituvchilarning fikri yangiliklarni joriy etishda ustuvor bo‘lishi kerak. Masalan, 823-sonli qaror. Bu qaror loyihasini tayyorlashda ishtirok etganlarning necha nafari maktab o‘qituvchisi? Hozir muhokamaga qo‘yish qiyin emas. “Telegram”da bir guruh o‘qituvchilar o‘rtasida muhokama qilinsa ham bo‘ladi. Qarorga ko‘ra, sinf jurnallaridagi o‘rtacha baholarning qiymati degan mezon bo‘yicha o‘qituvchiga ball beriladi. Ushbu mezon o‘qituvchilarning yaxshi o‘zlashtirmaydigan o‘quvchiga ham yuqori baho qo‘yishiga sabab bo‘lyapti. Chunki past baho qo‘ysa ball yo‘qotyapti. Sinf rahbarligi uchun degan mezon ham adolatsiz tanlangan. Chunki bitta maktabda hammaning sinf rahbari bo‘lishining iloji yo‘q.
Anvar Umarov: — Mazkur qarorni maktab tizimida ishlagan mutaxassis tayyorlagan. Qaror ustamalarni belgilashda aniq mezonlarni belgilab bergan. Mezonlar bajarilsa, hech kim ustamadan benasib qolmaydi.
Jasur Nuraliyev: — Oliy toifa uchun attestatsiyadan 95 ball bilan o‘tdim. 2019-yil mart oyida testdan o‘tgandik, lekin sertifikatni oktabrda oldik. Hamma narsa ma’lum bo‘lib turgani holda, bir parcha qog‘oz uchun 7 oy kutdik! Vaholanki, nizomda sertifikat 1 oy ichida yetkaziladi, deyilgan. Bu bo‘yicha Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq ta’limi vazirligi bilan bog‘landim. Tushundimki, ish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. O‘sha bir parcha qog‘oz uchun vazirlik inspeksiyaga buyurtma berarkan. Vazirlik esa buyurtmani tuman XTBning ro‘yxati va hujjati asosida shakllantirarkan. Bu juda ko‘p vaqt yo‘qotishga, sansalorlikka, ko‘p asab, energiya, vaqt, qog‘oz isrof bo‘lishiga olib keladi.
Anvar Umarov: — Vazirlik sertifikatga buyurtma bermaydi. Joylardagi boshqarmalar beradi. Ta’lim tizimi juda katta va har jabhada islohotlar o‘tkazish lozim. Bir tizimni o‘zgartirish uchun uni to‘liq muammosiz almashtira oladigan tizim yaratish kerak. Bu tizimga ham o‘zgartishlar kiritiladi.
Malika Abdullayeva: — Maktablarda o‘qituvchi hurmati hali oshgani yo‘q. Aksincha tushishda davom etmoqda. Sababi ta’lim-tarbiya jarayoniga ota-onalar xalal bermoqda. Davlat pul to‘layaptimi, tarbiya bersin, o‘qitsin deyishadi-da, salgina qattiqroq tanbeh bersa, pedagog bola ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatganlikda ayblanadi. Shularga ham yechim izlanyaptimi?
Anvar Umarov: — Albatta, bu yo‘nalishda ota-onalarning mas’uliyati oshirilishi kerak. Hozir qonunchilikka o‘zgartirish kiritilyapti. Unga ko‘ra, o‘qituvchi dars jarayonini buzgan odamni sudga berishi mumkin.
Erkin Mirzayev: — Ta’lim sohasida hozir amalga oshirilishi shart bo‘lgan ish nima deb hisoblaysiz?
Anvar Umarov: — O‘qituvchilar malakasini oshirish. Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida o‘qituvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan testlar shundan dalolat beradi. 25 yil o‘qituvchilar paxta terimi, obodonlashtirishga jalb etildi. Hech kim ulardan ta’lim sifatini so‘ramagan. Endilikda o‘qituvchilardan faqat ta’lim sifati talab etiladi. Buning uchun ular o‘z ustida muntazam ishlashlari kerak.
Maqsuda Xudoyberdiyeva: — Yaqinda ijtimoiy tarmoqdagi xalq ta’limi tizimi xodimlari guruhida dars ishlanmasi xususida so‘rovnoma o‘tkazildi. Unga ko‘ra, konspektning o‘rniga
elektronlashgan biror dastur yoki reja ko‘rinishidagi boshqa muqobil yagona hujjat variantiga 426 ta ovoz berildi. Shu taklifga nima deysiz?
Anvar Umarov: — “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining pedagogik mutaxassisliklari bo‘yicha namunaviy yillik ish rejasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi Xalq ta’limi vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining qaroriga asosan Yillik taqvim-mavzuviy reja hamda kundalik dars ishlanmalari(konspekt)ning elektron shaklda yuritilishiga ham yo‘l qo‘yiladi. Har bir o‘qituvchining o‘z o‘qitish uslubi bor. Ularni bir qolipga solishga urinish noto‘g‘ri.
Barno Usmonovna: — Me’yoriy hujjatlarda sinfda o‘quvchilar soni 35 nafargacha bo‘lishi belgilangan. Aslida-chi? 40 dan ortiq o‘quvchi o‘qiyotgan sinflar ham bor. Bu qarorning buzilishi emasmi?
Anvar Umarov: — Bu muammodan xabarimiz bor. Uni hal etish uchun yangi maktablar qurish kerak. Hozir maktablarimizda 6,2 million o‘quvchi tahsil oladi. Maktablar quvvati esa 5,2 million o‘quvchi uchun mo‘ljallangan. Aholi soni oshyapti, lekin yangi maktablar qurilmagan. 2010—2016-yillar davomida yuzga yaqin maktab yopilgan. Oxirgi uch yilda 360 ga yaqin yangi maktab tashkil etildi. Lekin bu kam. Yana maktablar ochilishi kerak.
Jasur Nuraliyev: — Adashmasam, Prezidentimiz O‘qituvchi va murabbiylar bayrami arafasida pedagoglar maoshini oshirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan va loyiha tayyorlanayotgani haqida xabar ham chiqqan edi. Biz yanvar oyidan oyligimiz oshirilishini kutgandik, ammo... Oʻqituvchilarning oyligi oshirilishi rejalashtirilyaptimi? Hurmatli vazirimiz ta’kidlagan 1000 dollar maoshga qachon yetamiz?
Anvar Umarov: — Avgust oyida shunday topshiriq berilgan edi. Qaror loyihasi hali yo‘q. Bu murakkab jarayon. Bu masala Moliya vazirligi bilan bog‘liq. Vazirlik mablag‘ ajratishi kerak.
Ravshan Matmusayev: — Maktablarni ta’mirlash ishlari reja asosida bajariladimi? Nega yozgi ta’til davomida qilinmasdan aynan o‘quv yili davomida bolalarni boshqa maktablarga ko‘chirib, 2-smenada o‘qitish holatlari ko‘p uchrayapti? Bu ham ta’lim sifatiga ta’sir o‘tkazmaydimi?
Anvar Umarov: — Maktabga katta e’tibor qaratilayotgani tufayli ularni qurish va ta’mirlash ishlari uchun Investitsiya dasturi, “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari orqali mablag‘ ajratilmoqda. Bundan tashqari, Prezident topshirig‘i bilan bu yil Toshkent shahri, Toshkent viloyati va yana bir necha viloyatlarga rejadan tashqari mablag‘ ajratildi. Bizda moliya tizimimizda ajratilgan mablag‘ vaqtida ishlatilmasa, qaytarib olinadi. Shu tufayli maktablarni o‘quv yilida ham ta’mirlashga majburmiz.
Matluba Qambarova: — Ta’lim sohasidagi islohotlar samarasini oshirishga mavjud to‘siqlardan eng asosiylarini sanab bering.
Anvar Umarov: — Malakali kadrlar taqchilligi, maktablarni qurish va ta’mirlashga mablag‘ yetishmasligi. Mana shular asosiy to‘siq bo‘layotgan omillar.
Mirzo Humoyun: — O‘quvchi maktab bilimi bilan oliygohlarga kira olmayapti. Akademik litseylarni bitirganlar ham repetitor orqali kirish imtihonlariga tayyorlanadi. Nima uchun OTMga kirish testlari bunchalik murakkablashtirilgan, hozir bu borada qanday ishlar olib borilmoqda?
Anvar Umarov: — Maktabda olgan bilimi bilan oliy o‘quv yurtiga kira olganlar ham bor. Oliy o‘quv yurtlari bizning sohaga kirmaydi. Lekin bu sohada ham islohotlar olib borilyapti. Asosiy muammo kvotalar masalasi. 1991-yilda kvota 67 mingga yaqin bo‘lgan. 2019-yilda ham shu miqdor atrofida. Aholi soni oshyapti. Kvotalar ham qayta ko‘rilishi kerak.
Mirzo Humoyun: — Maktablardagi bilim berish darajasi xalq ta’limi sohasiga kiradi-ku. Xalq ta’limi vazirligi o‘z tasarrufida tahsil olgan o‘quvchilarning manfaatlarini himoya qilib imtihon testlarini osonlashtirish taklifi bilan chiqqanmi hech? Yoki mutaxassislar — o‘qituvchilarning malakasini oshirish va darsliklarni qayta ko‘rib chiqish haqida qandaydir ishlar olib borilganmi?
Anvar Umarov: — Kirish imtihoni savollarini ishchi guruhlar tasdiqlaydi. Ular tarkibida maktab o‘qituvchilari ham bor. Bu masala bahslarga sabab bo‘lyapti. DTM va Oliy ta’lim vazirligi uchun izoh bera olmayman. Xalq ta’limi tizimiga kelsak, o‘quv dasturlari qayta ko‘rib chiqilyapti. Lekin bu DTM boshqa manbalardan savollar olmasligiga kafolat bermaydi.
Shahnoza UMAROVA tayyorladi.