Qonunbuzar hokimlar!
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 28-moddasi “Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari” deb nomlangan:
“Ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo‘lgan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.
Ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari tegishli davlat organining, tashkilotning rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.
Taklif davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e’tiboran bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno bo‘lib, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga o‘n kunlik muddatda yozma shaklda xabar qilinadi”.
Gazetamizda 2019-yil davomida ko‘plab tanqidiy-tahliliy maqolalar chop etildi. Eng qizig‘i, bugungi ko‘plab rahbarlarning gazeta o‘qimasligi natijasida, matbuotda e’lon qilinayotgan tanqidiy maqolalar o‘z manziliga yetib bormaydi, natijada muammolar yechimsiz qolib ketadi. Shu bois yil davomida har bir muammoli maqola yuzasidan tegishli mutasaddilarga xat bilan murojaat qildik. Shu harakatimiz natijasida ko‘plab ta’lim muassasalaridagi muammoli holatlarga e’tibor qaratildi, ba’zilari hal etildi, o‘qituvchilar haq-huquqlari himoya qilindi. Ammo, ming afsuski, murojaatimizni e’tiborsiz qoldirganlar ham bor.
Yuqorida keltirib o‘tganimiz qonun talablariga rioya qilmayotgan viloyat hokimlari va xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlari bilan tanishing:
Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorovga 2019-yil 9-avgustda quyidagi mazmunda xat jo‘natganmiz:
“Maktabdagi mahalla idorasi yoxud “tekin” tomoshalar mashmashasi”, 2019-yil 7-avgust, 61-son, 9-bet.
Unda Norin tumanidagi 15- va 29-umumta’lim maktablari binosi ichida joylashib, faoliyat yuritayotgan mahalla fuqarolar yig‘ini idoralarining ta’lim-tarbiya jarayoniga xalal berayotgani va bu ikki maktabdagi kabi holat tumandagi 16 ta ta’lim maskanida ham ro‘y berayotgani ta’kidlangan. Mahalla fuqarolar yig‘iniga turli mashmasha, urush-janjallar bilan keladigan fuqarolarning quyushqonga sig‘maydigan tortishuvlariga guvoh bo‘layotgan o‘qituvchi va o‘quvchilar bu holatdan norozi. Qolaversa, ayrim maktablarda sinfxonalar yetishmovchiligi muammosi mavjudligi tufayli o‘quv jarayoni shundoq ham ikki smenada tashkil etilyapti. Bunday vaziyatda MFYning kerakli xonalarni band qilib o‘tirishi, elektr, issiqlik energiyasi xarajatlari ham maktabning zimmasida qolayotgani ta’lim muassasasi uchun ortiqcha yuk bo‘lmoqda.
O‘qituvchilarni himoya qilmaysizmi, janob hokim?!.
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovga 2019-yil 18-sentabrda quyidagi mazmunda xat jo‘natilgan:
“Erkinjon Turdimovga ochiq xat”, 2019-yil, 14-sentabr, 71-son, 15-bet.
Samarqand viloyatidan shaxmat bo‘yicha ko‘plab xalqaro musobaqalar g‘oliblari yetishib chiqqani, biroq viloyat hamda tuman hokimliklari, xalq ta’limi, jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari mutasaddilari, Yoshlar itifoqi viloyat kengashi tomonidan ularga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgani ta’kidlangan.
Yoshlarga e’tibor berishga vaqti yo‘q odamning tahririyatga bir enlik javob yozishga vaqti bo‘larmidi?!
Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoir Mirzayevga 2019-yil 12-noyabrda quyidagi mazmunda xat jo‘natilgan:
“Bog‘cha emas, kelajak muammosi”, 2019-yil 26-oktabr, 83-son, 5-bet.
Muborak shahridagi 12-maktabgacha ta’lim tashkilotining kuz-qish mavsumiga tayyor emasligi, isitish tizimi yomon ahvolda ekanligi va buning oqibatida ko‘p yillardan buyon qish kunlari bolalar sovuqda qiynalayotgani, bu ta’lim-tarbiya sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani bayon qilingan.
Zoir Toirovich! Sovuq xonada bilim olayotgan bolalarga nahotki ichingiz achimasa!
Buxoro viloyati hokimi
O‘ktam Barnoyevga 2019-yil 23-sentabrda quyidagi mazmunda xat jo‘natganmiz:
“Qariganda ko‘chada qoldim-ku bolam!”, — deydi buxorolik faxriy o‘qituvchi, 2-guruh nogironi Sa’din Qurbonov”, 2019-yil 21-sentabr, 73-son, 7-bet.
Buxoro davlat universitetida kimyo-biologiya fanlaridan 36 yil ta’lim bergan ikkinchi guruh nogironi Sa’din Qurbonovning 2006-yildan buyon uy-joyi yo‘qligi sababli duch kelgan joyda yashayotgani, mutasaddi tashkilotlarga uy so‘rab yo‘llagan murojaatlari javobsiz qolayotgani ta’kidlangan.
Janob hokim, hech bo‘lmasa bir kun ijarada turib ko‘rishingizni tavsiya qilishdan boshqa gap qolmadi!
Viloyat XTB boshliqlari ham!
Buxoro viloyat XTB boshlig‘i Amrillo Safarovga 2019-yil 13-iyunda quyidagi mazmunda xat jo‘natilgan:
“Taomnomangizda nima bor?”, 2019-yil 22-may, 39-son, 3-bet.
Maqola muallifi Buxoro viloyatining Shofirkon va G‘ijduvon tumanlaridagi bir nechta maktabda bo‘lib, ta’lim muassasalari oshxonalaridagi mavjud holat va kamchiliklarni kuzatadi. Jumladan, Shofirkon tumanidagi 25- va 38-maktablarning oshxonasida o‘quvchilar uchun imkon qadar, hamyonbop issiq ovqatlar tayyorlanayotgani ijobiy baholangan bo‘lsa, boshqa muassasalarda esa holat aksincha, salbiy ekani bayon etiladi. Ya’ni G‘ijduvon tumanidagi 1-maktabda ta’lim ikki smenada olib borilishiga
qaramay, maktab oshxonasida ovqat tayyorlanmasligi, oqibatda o‘quvchilar maktab tashqarisidagi ovqatlanish shoxobchalarida yoki do‘konlarda sotilayotgan sog‘liqqa ziyoni yetishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar bilan tamaddi qilayotgani yozilgan. Shuningdek, G‘ijduvon tumanidagi 46-maktab oshxonasida taqiqlangan ovqatlar menyusidan foydalanilayotgani va oshxonada tayyorlanayotgan mahsulotlar turidan hatto maktab mas’ul xodimlari ham xabardor emasligi qayd etilgan.
XTB boshliqlari hech bo‘lmaganda bir oyda bir kuningizni maktab oshxonalarida kelajak vorislarimiz nimalar iste’mol qilib kelayotganini kuzatishga bag‘ishlashingizni maslahat beramiz. Ishonamizki, xulosangiz maqola muallifinikidan ko‘ra ijobiyroq bo‘lmaydi.
Toshkent viloyati XTB boshlig‘i Shukur Burhonovga 2019-yil 26-iyunda quyidagi mazmunda xat jo‘natilgan:
“Bekoboddagi maktab sport zali qachon ta’mirlanadi?”, 2019-yil, 12-iyun, 45-son, 15-bet.
Mazkur maqolada Bekobod tumanidagi 5-maktabdagi kamchiliklar tanqidiy tahlil qilingan. Maqolada 2006-yilda maktabning sport zali qad rostlagani, ammo u nobop joyga qurilgani bois 9 yildan so‘ng yaroqsiz holga kelib qolgani, ammo 4 yil mobaynida o‘quvchilar ana shu yaroqsiz binoda mashg‘ulot olib borgani, so‘nggi paytlarda esa sport zali yopib qo‘yilgani va jismoniy tarbiya darslari issiq ob-havo vaqti maktab hovlisida, sovuq kunlari sinfxonada olib borilayotgani qalamga olingan edi.
Xorazm viloyat XTB boshlig‘i Hamro Bektemirovga 2019-yil 13-iyunda quyidagi mazmunda xat jo‘natilgan:
“Sapchada qachon maktab quriladi?”, 2019-yil, 22-may, 39-son, 6-bet.
Xiva tumani Varganza mahallasining Sapcha mavzesida yashovchi qariyb 600 nafar bola 3–4 kilometr yo‘l bosib, piyoda 12-maktabga borib o‘qiyotgani, maktab tomon jamoat transporti qatnamasligi qayd etilgan. Boz ustiga sinfxonalar yetishmasligi, jiddiy ta’mirtalabligi ta’kidlangan.
Yana Xorazm viloyat XTB boshlig‘i H.Bektemirovga 2019-yil 26-iyunda quyidagi mazmunda xat jo‘natilgan:
“31 yilga cho‘zilgan qurilish”. 2019-yil, 26-iyun, 49-son, 5-bet.
Mazkur maqolada Gurlan tumanidagi “Xizr eli” qishlog‘idagi 32-maktabning qo‘shimcha o‘quv binosi qurilishi 31 yildan beri yakuniga yetmayotgani, o‘quvchilar esa ikki smenada ta’lim ola- yotgani tanqidiy tahlil qilingan.
Hurmatli boshliqlar, gazetamizni ehtimol o‘qimasligingizni inobatga olib, muammo ko‘tarilgan
har bir maqolani xat orqali eslatdik.
Xatlarimizniki javobsiz qoldirdingiz, muammolar yechimini so‘ramasak ham bo‘larkan-da!?.