Ma’naviyatsiz madaniyat bo‘lmaydi
Ta’lim – bilimdon yoshlarni, tarbiya – irodasi kuchli, Vatanga sodiq, tadbirkor, mehr-oqibatli yoshlarni yetishtirib beradi. Bugungi kuning eng asosiy talablaridan biri tarbiyaga yangicha, tizimli yondashuv, tayanch fazilatlarni kafolatli loyihalashtirish va o‘rgatishda oila, maktabgacha ta’lim muassasasi hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining pedagogik imkoniyatlarini to‘liq ishlatish va ular orasida ilmiy-metodik hamkorlikni yangi darajaga ko‘tarishdir. Uzoq yillar davomida to‘planib kelgan tarbiyaviy muammolar milliy yuksalish davri talablariga mos kelmay qoldi. Shu sababli “uzluksiz ta’lim”ga mutanosib “uzluksiz tarbiya” tizimi taqozo qilinmoqda. Zero Vatanga sadoqat, mas’uliyat, tadbirkorlik va boshqa fazilatlar nazariy ma’lumotlarga aylanib, ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal birligiga to‘liq erishilmadi. Buning oqibatida yoshlarning Vatanga sadoqat, mas’uliyat, tadbirkorlik, mehr-oqibat haqida so‘zlari bilan yoshiga mos amallari orasida tafovut paydo bo‘lgan edi.
Tarbiyada yo‘l qo‘yilgan xatolar birdaniga ko‘rinmaydi. Noto‘g‘ri tarbiyaning zarari yildan yilga osha boradi. Shu bois ommaviy axborot vositalarida jamiyatda jinoyatchilik, oilaviy ajrashishlar, korrupsiya, egotsentrizm, mehr-oqibatning kamayishi, “ommaviy madaniyat”ga ko‘r-ko‘rona taqlid, loqaydlik, boqimandalik, ekstremizm, terrorizm, begonalashuv, firibgarlik, o‘zibo‘larchilik, mas’uliyatsizlik, qadriyatlar inqirozi, zo‘ravonlik, ko‘zbo‘yamachilik, yolg‘onchilik, firibgarlik, axloqiy buzuqlik, el-yurt taqdiriga befarqlik kabi illatlar keng muhokama qilinmoqda.
Ana shu tufayli ijtimoiy tarmoqda ijobiy fikrlar bilan birga salbiy fikrlar ham bildirilmoqda. Misol uchun, yaqinda Feysbukda bir yigit “Ma’naviyat emas, madaniyat bilan shug‘ullanish kerak” deganga o‘xshash gaplarni yozibdi. Ukamizning aytishicha, ma’naviyatni birovga o‘rgatib ham, o‘rganib ham bo‘lmaydi. Ma’naviyatli odamlarni emas, madaniyatli odamlarni tarbiyalash kerak ekan.
Madaniyat ham, ma’naviyat ham bizga boshqa tildan kirib kelgan so‘zlar. Shuning uchun ularni hamma har xil tushunadi. Ma’naviyat borasida bahslarning boisi ham shunda. O‘zbekcha, jaydari qilib aytadigan bo‘lsak, bu so‘zlar ko‘zlarimizni bitta narsaga qaratadi. Ya’ni madaniyat – ma’naviyatning sirti, surati, po‘sti. Ma’naviyat esa madaniyatning ichi, mag‘zi. Yong‘oqni olaylik. U mag‘iz va po‘choqdan iborat. Mag‘iz, ma’no – ma’naviyat, po‘st, po‘choq, surat – madaniyat. Ma’naviyatsiz madaniyat puch yong‘oqqa o‘xshaydi.
Shu yerda bir hikmat esingizga tushgandir. Mir Alisher Navoiy odamlarni ikkiga bo‘lgan. Bir toifani “Ahli ma’ni”, ikkinchi toifani “Ahli surat”, degan edi. “Ahli ma’no”lar har bir narsa, voqea, so‘z, ishning ma’nosini bilib, tushunib, amal qiluvchi komillar. “Ahli surat”lar esa narsa, buyum, voqealarning sirtini ko‘radigan, sirtiga, yaltirab ko‘rinishiga qarab baho beruvchi, yuzaki o‘ylovchi, yuzaki ish qiluvchi, kim nima desa, shunga ergashib ketuvchilar. Chunki ular Hazrat Navoiy so‘zi bilan aytganda komillik nasib qilmagan kimsalar. Bizga puch emas, sermag‘iz yong‘oq, ma’nosiz surrogat, ko‘chirma madaniyatni emas, milliy va zamonaviy madaniyat kerak.
Ayrimlar “Madaniyatli inson ota-onasi, keksalarni, o‘zidan ruhan va jismonan ojiz bo‘lganlarni hurmat qiladi va himoya qiladi”, degan fikrni ham o‘rtaga tashlashmoqda. Bu nima degani? Bu - ota-onasi, keksalarni, o‘zidan ruhan va jismonan ojiz bo‘lganlarni nima uchun, qanday hurmat qilishni, himoya qilishning ma’nolarini bilsa, shunday bo‘ladi, degani.(Ma’nolar bu ma’naviyat degani). Bu bilan ma’naviyat madaniyatning asosi, mag‘zi ekanligi beixtiyor tasdiqlanmoqda.
Ma’naviyatni bolaga beshikdan, oila, bolalar bog‘chasidan, maktabdan o‘rgatish kerak. Kerak bo‘lsa, o‘zi bilib oladi, deyish pedagogik tavakkalchilik. Lalmi yerga don sochish. Chunki parvarish ko‘rmagan bola hech qachon madaniyatli bo‘lmaydi. Deylik, oilada yangi farzand tug‘ildi. Uning tili chiqqanda biz unga avvalo kattalarga salom berishni, ularning gapiga quloq solishni, ota-onani, o‘zidan kattalarni hurmat qilishni va hokazolarni o‘rgatamiz. Bu o‘zbekona odat, o‘zbekona ma’naviyat. Chunki, ma’naviyat insonning o‘zligini, ota-bobolarining kimligini anglashi, ularning e’tiqodiga amal qilish ham demak. “Uzluksiz ma’naviy tarbiya” Konsepsiyasi ana shu ulug‘ maqsadga xizmat qiladi.
Xullas, madaniyat va ma’naviyat – mazmun bilan shakldek bir-birini taqozo qiluvchi tushunchalar. Faqat madaniyatli bo‘lish bilan odam ma’naviyali bo‘lib qolavermaydi. U madaniyatli bo‘lib ko‘rinishi mumkin, xolos. “Madaniyatli bo‘lib ko‘rinish” bilan “Madaniyatli bo‘lish” orasida farq juda katta. Shunday ekan, ma’naviy tarbiyani “Uzluksiz ma’naviy tarbiya” Konsepsiyasi asosida bolalarimizning yoshligidan boshlashimiz shart. Ota-onalar bola tarbiyasi bo‘yicha amaliy bilimlarini oshirishimiz, bolalarimizni baxtli qiluvchi kompetensiyalarni, fazilatlarni o‘rgatib, fazilatli avlodni yetishtirishimiz, maktablarda “Tarbiya” darslari o‘tilishi kerak. Rivojlangan davlatlar XX1 asrda bu borada ancha ilgarilab ketishdi.
Yana bir gap. Ba’zan nodavlat tashkilotlar istalgan aqidani, ma’naviyat va mafkurani targ‘ib qilaversin, degan fikrlar ham uchrab turibdi. Bu fikr ham, menimcha to‘g‘ri emas. Chunki istalgan aqidani targ‘ib qilish qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishini bugun dunyodagi har bir es-hushli odam biladi. O‘zimizchi?! Yurtimizda turli diniy oqimlar, sektalarning paydo bo‘lishiga shunday g‘oyalarga beparvoligimiz sabab bo‘lmadimi? Buning asoratlari hali ham millatimizga ozor bermayaptimi? Shunday ekan, ma’naviyat, ma’naviy tarbiya doimo ham davlatning, ham nodavlat tashkilotlarning, eng muhimi oilaning, ota-onalarning e’tiborida bo‘lishi shart.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2019-yil 23-avgust kuni o‘tkazgan majlislari sharofati bilan tarbiya alohida mazmun, tizim kasb etdi. Endi biz mana shu ishga mas’ul bo‘lgan ta’lim-tarbiya muassasalari, jamoatchilik tashkilotlari va oilalarning shu yo‘nalishda olib boradigan ishlarini o‘zaro muvofiqlashtirgan holda samarali tashkil etib, har birimiz bu savob va hayot-mamot ishiga kamarbasta bo‘lishimiz kerak.
Muhammadjon Quronov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari o‘rinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor